Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti faoliyatining ustuvor vazifalari belgilab olindi
![](https://xs.uz/upload/06/1/08%20qomita%20senat/malayziya/senat%20yoshlar/f8322d180bf02498cc5a499bd8eb965f0206.jpg)
Foto: Sirojiddin Vohidov / “Xalq so‘zi”
Bugun Oliy Majlis Senatida parlament yuqori palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Uning ishida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva ishtirok etdi.
Shuningdek, tadbirda senatorlar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining raislari, doimiy komissiyalari aʼzolari, hududlardagi faol yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Taʼkidlanganidek, o‘tgan besh yilda Yoshlar parlamenti aʼzolari barcha yo‘nalishlarda senatorlar bilan yonma-yon turib tajriba orttirgani, yangi institut doirasida muayyan natijalarga erishib, zarur tuzilma ekanini isbotlashdi.
Buning amaliy ifodasini Yoshlar parlamentlarining 2 nafar aʼzosining Qonunchilik palatasiga deputat, 20 nafari esa yana bir bor xalq ishonchiga sazovor bo‘lib, mahalliy Kengashlar deputatlari etib saylanganida ko‘rish mumkin.
Yoshlar parlamentining vakolat muddati tugashi munosabati bilan uning yangilangan tarkibi shakllantirildi. Ishlab chiqilgan nizomga ko‘ra, uning tarkibi mahalliy Kengashlar tavsiyasi asosida 84 nafar 30 yoshgacha bo‘lgan deputatlardan, 10 nafar Yoshlar ishlari agentligi hamda 6 nafar Senatning tegishli qo‘mitasi tavsiyasiga asosan shakllantirilgan.
Shunday qilib, Yoshlar parlamentining 100 nafardan iborat yangi tarkibi tasdiqlandi.
Navqiron jamoaning 13 nafari turli davlat mukofotlari bilan taqdirlangan, 11 nafari xorijiy oliy o‘quv yurtlarini tamomlagan bo‘lib, tarkibning 95 foizini oliy maʼlumotli yoshlar hamda 30 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda.
Yangi tarkibning sifat jihatidan huquqshunoslar, iqtisodchilar, pedagoglar, tadbirkorlar, ekologlar hamda madaniyat, sport va sog‘liqni saqlash sohalari vakillaridan tashkil topgani, shubhasiz, barcha yo‘nalishlarda samarali faoliyat olib borishga xizmat qiladi.
Majlisda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Laylo Aslonova Yoshlar parlamenti raisi etib bir ovozdan saylandi. Shuningdek, Ibrohimjon Jo‘raboyev hamda Azizbek Ochilboyev Yoshlar parlamenti raisi o‘rinbosarlari etib tasdiqlandi. Shuningdek, Yoshlar parlamentining komissiyalari raislari va ularning aʼzolari ham saylandi.
Tashkiliy masaladan so‘ng Senat Raisi Tanzila Narbayeva o‘z nutqida Yoshlar parlamenti o‘z faoliyatida eʼtibor qaratishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, qonun ijodkorligi jarayonida faol ishtirok etish, yoshlarga doir qonunlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar berish, joylarda yoshlar bandligi masalasini puxta o‘rganish va tizimli muammolarni aniqlash hamda bartaraf etishga ko‘maklashish muhimligi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, Yoshlar parlamenti yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilikning, bolalar va ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot tadbirlarida faol ishtirok etishi, xorijiy mamlakatlarning yoshlar parlamentlari bilan hamkorlik qilishi va o‘zaro tajriba almashishi lozimligiga ham urg‘u berildi.
Shuningdek, Yoshlar parlamenti tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar va tadbirlarni keng jamoatchilikka yetkazishda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va aniq media-reja asosida ishni tashkil qilish hamda ularni yoshlar ko‘p foydalanadigan Internet, ijtimoiy tarmoqlarda muntazam yoritib borish yuzasidan tavsiyalar berildi.
So‘zga chiqqan yoshlar tomonidan bir qator muhim taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Shuningdek, Yoshlar parlamentining kelgusidagi ustuvor vazifalari va rejalari belgilab olindi.
Foto: Sirojiddin Vohidov / “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Xalilova vafot etdi
- “Yurakka ko‘milar asl shoirlar”
- Kartoshka narxi qachon pasayishi maʼlum boʻldi
- “Hamza Hasanovdan Gʻaybulla Tursunovgacha”: “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” mukofoti gʻoliblari aniqlandi
- Kelgusi hafta uchun ob-havo maʼlumoti eʼlon qilindi
- Alisher Navoiy ijodini oʻrganish — qalb amrimiz boʻlmogʻi darkor
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring