Oliy Majlis Senati hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligini taʼminlash yuzasidan birinchi darajali vazifalari belgilandi

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Senatning sakkizinchi yalpi majlisida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini oʻylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan ustuvor yoʻnalishlardan kelib chiqib, oldida turgan birinchi darajali vazifalar koʻrib chiqildi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, koʻrilayotgan choralar natijasida barqaror oʻsish surʼatlari taʼminlandi.
Birgina joriy yilning oʻzida sanoat 6,4 foizga oʻsdi, eksport hajmi 18 foizga, xorijiy investitsiyalar 46 foizga oshdi. Qiymati 3 mlrd dollarlik 2,5 mingdan ziyod yangi quvvatlar ishga tushdi.
Biroq bugungi zamon rivojlanishi, dunyoda yuzaga kelayotgan global muammolar, yangi urush oʻchoqlari hamda beqarorlikni davom etishi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishni, taraqqiyot surʼatlariga mos yangi vazifalarni qoʻyishni talab qilmoqda.
Xususan, islohotlarning samaradorligiga salbiy taʼsir qiluvchi omillar qayd etildi.
Jumladan, vazirlik va hokimliklar, ularning viloyat, tuman darajasidagi boʻgʻinlarining muammoli masalalarni hal qilish boʻyicha ishi yetarli darajada samarador emasligi taʼkidlanadi. Koʻpgina muammolar vazirlik va idoralar, hokimliklar faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslardagi mavjud kamchiliklar sabab boʻlmoqda.
Aholi kayfiyatiga taʼsir qiluvchi, jumladan suv taʼminoti, tuman va mahalladagi infratuzilma, oziq-ovqat xavfsizligi, bandlik, kambagʻallikdan chiqarish, mahalliy byudjet tushumlarini oshirish, jinoyatchilikni qisqartirish, yoʻl qurilishi, jamoat transporti, shaharsozlik, “Yashil makon” loyihasini amalga oshirish, energiya taʼminoti kabi muhim sohalardagi birlamchi vazifalar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, belgilanayotgan vazifa va topshiriqlarni samarali amalga oshirish uchun yangi tashkiliy va maʼmuriy islohotlar boshlangani, mavjud muammolar, aholi tomonidan koʻtarilayotgan murojaatlarni hal qilish boʻyicha yangi tizim ishga tushirilayotgani qayd etildi.
Senatorlar Prezident tomonidan qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.
Xususan, joylarda aniqlangan muammolarni bartaraf qilishda hudud va respublikadagi masʼullarning oʻzaro hamkorligini muvofiqlashtirib borish lozimligi qayd etildi.
Fuqarolar bilan ishlash tartibini yangi darajaga olib chiqish, murojaatlarni doimiy tahlil qilish, aholi tomonidan koʻtarilgan muammoli masalalarni Senat majlislariga olib chiqish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, dasturlar, loyihalarning ijrosini taʼminlashda ularni qay darajada samarali bajarilgani, qanday natija berganiga asosiy urgʻu berish, belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashda mahalliy Kengashlarning faolligini oshirish muhimligi qayd etildi.
Muhokama yakunida bu borada Oliy Majlis Senati hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari oldida turgan birinchi darajali vazifalar yuzasidan Senatning qarori qabul qilindi.
Yunus BOʻRIYEV, Davron ERNAZAROV
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring