Oliy Majlis palatalari Kengashlarining qo‘shma majlisi o‘tkazildi

20:13 13 Fevral 2024 Siyosat
1413 0

Joriy yilning 13-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va Qonunchilik palatasi Kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis palatalari Kengashlari aʼzolari, deputatlar, senatorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Kun tartibi tasdiqlangach, 2024-yilga mo‘ljallangan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan tadbirlarning bajarilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, xususan makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash, investitsiya, eksport hajmlarini kengaytirish, qishloq xo‘jaligi, uy-joy qurilish, kommunal xo‘jaligi, transport, ekologiya sohalarini, shuningdek taʼlim, sog‘liqni saqlash, raqamlashtirish, madaniyat va sportni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimiz Prezidentining farmonlari va qarorlarida mazkur yo‘nalishlarda olib borilayotgan islohotlar samaradorligini oshirishga doir qator ustuvor vazifalar belgilab berilgan.

Muhokamalar jarayonida 2024-yilga mo‘ljallangan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan tadbirlarning bajarilishi ustidan tizimli parlament nazoratini yo‘lga qo‘yish, bu borada Oliy Majlis palatalari hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining faol ishtirokini taʼminlash masalalariga eʼtibor qaratildi.

Kun tartibi doirasida Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha parlament komissiyasining 2023-yildagi faoliyati ko‘rib chiqildi.

Parlament komissiyasi tomonidan Davlat byudjetidan 2023-yil uchun ajratilgan jami 226 mlrd 490 mln so‘m mablag‘ni davlat subsidiyasi shaklida 191 mlrd 490 mln so‘m, davlat ijtimoiy buyurtmasi shaklida 18 mlrd so‘m va davlat granti shaklida 17 mlrd so‘m miqdorida moliyalashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi tomonidan 38 ta nodavlat notijorat tashkilotining ustav faoliyati va yillik ish rejasi ijrosiga jami 123 mlrd 338 mln so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlariga qo‘shimcha davlat subsidiyasi shaklida qo‘llab-quvvatlash uchun 68 mlrd 152 mln so‘m yo‘naltirilgan.

Shuningdek, Parlament komissiyasi qarorlari asosida Davlat byudjeti hisobidan “Nuroniy” jamg‘armasiga 35 mlrd 182 mln so‘m va Progressiv islohotlar markaziga 6 mlrd 500 mln so‘m qo‘shimcha davlat subsidiyasi shaklida mablag‘ yo‘naltirilgan.

Bundan tashqari, Parlament komissiyasining qaroriga asosan Jamoat fondi tomonidan 2023-yilda davlat grantlarining 6 ta tanlovi o‘tkazilgan va 200 ta loyiha 18 mlrd so‘mga moliyalashtirilgan.

2023-yil davomida davlat organlarining taʼlim sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash, energiya resurslaridan oqilona foydalanish, qurilish, kommunal xo‘jaligi, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik kabi sohalarda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga yo‘naltirilgan buyurtmalari asosida Parlament komissiyasi qaroriga muvofiq Jamoat fondi tomonidan 11 ta ijtimoiy buyurtmaga ochiq tanlovlar eʼlon qilingan.

Muhokamalar chog‘ida sohalar kesimida tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda muayyan ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishga qaratilgan ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalar hajmini bosqichma-bosqich oshirib borish, o‘tkaziladigan tanlovlarning barcha bosqichlarini raqamlashtirish orqali shaffof va sog‘lom raqobat muhitini yaratish lozimligi taʼkidlab o‘tildi.

Shuningdek, qo‘shma majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Misr Arab Respublikasi parlamenti bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhining yangi tarkibini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

Majlisida muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi Kengashlarining qo‘shma qarorlari qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер