Oʻksik qalblarga shodlik ulashilmoqda
Gʻayrat OTAJONOV/“Xalq soʻzi”. Yangilangan Konstitutsiyamizda davlat zimmasiga nogironligi boʻlgan shaxslarning jamiyat va davlat hayotida toʻlaqonli ishtirok etishi va oʻz huquqlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlar yaratish choralarini koʻrish majburiyati yuklangan.
Bugungi kunda Ijtimoiy himoya milliy agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi tomonidan nogironligi boʻlgan shaxslarni roʻyxatga olish va reabilitatsiya markazlarida davolanishi, sport bilan shugʻullanishi, kasbga oʻqitish va bandligini taʼminlash hamda ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.
— Joriy yilning oʻtgan 10 oyi davomida 5 ming 721 nafar nogironligi boʻlgan shaxslar yangidan roʻyxatga olindi, — deydi boshqarma boshligʻining oʻrinbosari Rashid Raximov. — Shu davrda 3 ming 9 nafari hisobdan chiqarilgan boʻlsa, 5 ming 34 nafariga birlamchi nogironlik guruhi belgilandi. Shuningdek, 12 ming 883 nafariga qayta nogironlik guruhi belgilandi va 405 nafari reabilitatsiya markazidan davolanib chiqishdi.
Biz, nogironligi boʻlgan shaxslarning holatidan kelib chiqib, ularga mehnat qilishga tavsiya beramiz. Shular orasida oʻz xohishiga koʻra, 2 ming 72 nafarining bandligi taʼminlandi. Toʻrt mingdan ortiqrogʻi sportga layoqatli boʻlsa, 10-35 yoshgacha nogironlardan 538 nafari sportga jalb qilindi va 83 nafar murabbiy biriktirilgan.
Imkoniyati cheklangan shaxslar uchun protez-ortopediya moslamalariga (POM) vaucher shakllangan boʻlib, 3 ming 215 nafariga buyurtma qilindi va yetkazib berildi.
Boshqarmamiz tomonidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga 47 turdagi 393 ming 877 ta ijtimoiy xizmatlar koʻrsatildi. Buning natijasida 10 867 nafar fuqaroning ijtimoiylashuviga erishildi. Shuningdek, 7 415 nafar ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan oilalarga keyslar ochildi, 7 497 ta rejalashtirilgan individual xizmatlar koʻrsatildi.
Bugungi kunda nogironligi boʻlgan shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish ishlari ham alohida nazoratga olingan. Xususan, 1 506 nafar oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz yashovchi nogironligi boʻlgan shaxslar chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.
Ulardan 1 ming 434 nafar shaxslarga 198 nafar ijtimoiy xodimlar assistentlari tomonidan ijtimoiy xizmatlar va yordamlar koʻrsatilib kelinmoqda.
Oʻtgan davrda “Saxovat“ va “Muruvvat“ uylariga 51 nafar kishi joylashtirish uchun murojaat qildi. Ularning 11 nafari “Saxovat“ internat uylariga va 40 nafari “Muruvvat“ uylariga joylashtirildi. Shu bilan birga 2 mingdan ortiq keksa va nogironligi boʻlgan fuqarolarga sanatoriylarga yoʻllanmalar berildi.
Respublikamizning olis hududlarida ham nogironligi boʻlgan shaxslarga xizmat koʻrsatish ishlarini yanada takomillashtirish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunda shahar va tumanlar “Inson” markazlari direktorlari, bosh mutaxassis, supeyvayzer va ijtimoiy xodimlari Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi oʻquv markazi tomonidan tashkil qilingan onlayn oʻquv kursining 3 modulini yakunladi. Shundan bugungi kunda 254 nafar ijtimoiy xodimlar sertifikatlarga ega boʻldi.
Matonat sohiblaridan biri
— Inson borki, umid bilan yashar ekan, — deydi Qoʻngʻirot tumanidagi “Taroqli” mahallasida istiqomat qilayotgan Shinar Uzaqbayeva. —Turmushim oʻxshamagach, rosa siqildim. Men koʻproq farzandim taqdiridan tashvishlanar, kelajagim haqida qaygʻurar, kechalari mijja qoqmay oʻylanib chiqardim. Bu yogʻiga qanday yashayman? Nahot mendagi kasallik farzandimda ham takrorlanadi? Shu kabi savollarga javob topa olmay qiynalardim.
Boshida bozorga chiqib yurdim. Harna roʻzgʻorga yordam boʻlsin deb, imkoniyatim yetguncha savdo-sotiq qildim. Ammo boʻlmadi. Mening ahvolimda bozor ishi charchatarkan... Onajonimdan oʻrgangan tikuvchilik hunari jamiyatda oʻz oʻrnimni topishda muhim rol oʻynadi. Koʻylaklar tika boshladim. Yaxshiyam bizga oʻxshaganlar uchun kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash tizimi, “Ayollar daftari”, “Temir daftar” bor ekan, mahalla va hokimiyat yordamida Mono markazda tikuvchilik boʻyicha oʻquv kursiga qatnadim. Sertifikat olgach, keyinchalik Respublika Nogironlar assotsiatsiyasi qoshidan “Qoʻngʻirotlik chevar qizlar” unitar korxonasini tashkil qildik. Bu yerda faoliyat yuritayotganlarni matonat sohiblari deyish mumkin.
Hayotni qadrlab, oʻz ishini sevadigan va halovatni halol mehnatda deb bilguvchi insonlar jamlangan jamoamizda. Faoliyatimiz davomida Prezidentimizning qaror va farmonlariga muvofiq imkoniyati cheklangan shaxslarga, nogiron farzand tarbiyalayotgan oilalarga yaratib berilayotgan sharoit va imtiyozlari asosida koʻpgina imtiyozlardan foydalanyapmiz. Mahalla raisi Omon Nurmanov, xotin-qizlar qoʻmitasi tuman boʻlimi raisi Maral Karimova hamda Assotsiatsiya rahbari Jabbor Norboyevlarning saʼy-harakatlari ortidan subsidiya asosida tikuv mashinalari bilan taʼminlandik. Qoʻshimcha kredit evaziga faoliyatimizni kengaytirdik. Bugunga kelib hayotim tubdan oʻzgardi. Oʻgʻlim endilikda uy sharoitida taʼlim olyapti. Uning rasm chizishga ishtiyoqi baland.
Shinar onasi Ulbosin opadan oʻrgangan tikuvchilik sirlarini endilikda oʻzi ham ustoz boʻlib, shogirdlariga oʻrgatib kelmoqda. Qoraqalpogʻistonda nogironlarni eng koʻp ish bilan taʼminlagan ikkinchi korxona sanalgan ushbu tikuv sexi shifoxonalar, maktab, bolalar bogʻchasi, qoʻshni Moʻynoq tumanidan ham buyurtmalar olib faoliyati borgan sayin kengaymoqda. Eʼtiborlisi, ushbu maskan imkoniyati cheklangan koʻplab insonlarning hayotga boʻlgan ishonchini oshiradigan matonat maktabiga aylanmoqda.
Darhaqiqat, jamiyatda nogironligi boʻlgan shaxslar duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish, qadr-qimmati, huquqlarini himoyalash, turmush sharoitlarini yaxshilash masalasi hamisha davlatmiz eʼtiborida. 3-dekabr — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasining shahar va tumanlarida oʻtkazilayotgan tadbirlarda oʻksik qalblarga shodlik ulashilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- AQSH moliya vaziri kompyuteriga xakerlar hujum qildi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Islam Maxachevga Arman Sarukyan raqiblik qila olmaydi. “UFC 311” oldidan sodir boʻlgan noxush xabarning barcha tafsilotlari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring