Okeandan yiroqmiz, imkondan emas

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda baliq chavoqlari ishlab chiqarish hamda tabiiy suv havzalari va sunʼiy koʻllardan samarasiz foydalanish uzoq yillar baliqchilik tarmogʻining eng zaif boʻgʻini sifatida qolib ketgandi. Natijada sunʼiy koʻllarning hosildorligi bir gektarda 20 sentnerdan oshmasdi. Bu jahondagi oʻrtacha koʻrsatkichlardan ham past. Navoiy viloyatida intensiv usulda baliqchilikka ixtisoslashgan xoʻjaliklarda bugun gektaridan 30-35 tonnagacha baliq olinmoqda. Unga qadar bu havzalarda hosildorlik 2 tonnadan ham oshmagan.
— Baliqchilik bilan shugʻullanish mumkin boʻlgan 800 ming gektarlik koʻl va suv omborlari sathining 175 609 gektari viloyatimiz hududiga toʻgʻri keladi, — deydi “Navoiybaliqsanoat” MCHJ rahbari Panji Roʻziqulov. — Zarafshon daryosi Xatirchi, Karmana, Navbahor va Qiziltepa tumanlaridan oʻtib, oʻng va soʻl sohillarida baliqchilikni sunʼiy havzalarda qafas usulida rivojlantirishning qulay imkoniyatlari mavjud. Biroq, mavjud suv sathining 1/8 qismidagina 252 ta baliqchilik bilan shugʻullanuvchi fermer xoʻjaliklari faoliyat yuritadi. Shundan 480 gektari toʻligʻicha intensiv usulda baliq yetishtirishga ixtisoslashtirilgan.
Viloyat hududidagi yirik suv havzalaridan biri — Toʻdakoʻl qariyb yigirma bir ming gektar maydonni egallab, asosan sugʻorish maqsadlarini nazarda tutadi. Shunga qaramasdan, uzoq yillar undan baliqchilik havzasi sifatida ham foydalanilib, koʻlda baliq koʻpaytirish, taqsimlash va ovlash hamda turli kasalliklardan himoya qilish vazifalari turli idoralar zimmasiga yuklangandi. Bu boshboshdoqlik va tabiiy neʼmatlardan xoʻjasizlarcha foydalanishlarga yoʻl ochib, uning oqibatlari yillar oʻtib, oʻzini koʻrsatdi. Buni raqamda ifodalasak, yangi ming yillik arafasida havza hosildorligi gektariga toʻrt yarim kilogrammga tushib ketdi.
Bugun “Toʻdakoʻl” suv havzasida faoliyat yuritayotgan birgina “Golden layk fish” MCHJ tomonidan 2019-yilda Vengriya davlatidan 390 dona “venger karpi” zotli ota-ona baliqlar toʻdasi olib kelinib, ishlab chiqarish ilmiy asosda yoʻlga qoʻyildi. Vengriya genetika instituti olimlari bilan yaqin hamkorlik baliq turini koʻpaytirish, zotini yaxshilash, iqlim oʻzgarishiga chidamli, jahon bozorida xaridorgir baliq mahsulotlari tayyorlash imkonini yaratdi. Natijada 20 mln dona baliq chavoqlari, jumladan 6000 dona iqlimlashtirilgan ota-ona “venger karpi” baliqlari yetishtirildi. Eronlik investorlar bilan hamkorlikda baliqlarni qafas usulida boqishga moʻljallangan, xitoylik ishbilarmonlar bilan 10 ming donadan baliq yetishtiriladigan uskunalar keltirilib oʻrnatildi. Ushbu choralar samarasi oʻlaroq, baliq yetishtirish hajmi oʻtgan yili 5,5 ming tonnadan oshirildi. Eng muhimi, tadbirkorlik subyektlari tomonidan aholiga sifatli parhezbop mahsulot yetkazib berish bilan birga, intensiv usulda baliq yetishtirish tajribasi ommalashib, respublikamizning turli hududlaridan aynan, Toʻdakoʻlda yetishtirilayotgan baliq chavoqlarini xarid qilish uchun kelayotgan ishbilarmonlar soni koʻpaydi. Xorij texnologiyalari asosida intensiv usulda baliq yetishtirishni yoʻlga qoʻyayotgan xoʻjaliklar tomonidan Navbahorda 150, Qiziltepada 120, Karmanada 100, Xatirchida 60 va Konimexda 50 gektar sunʼiy suv havzalari intensivlashtirildi.
— Aholi bandligini taʼminlash maqsadida 15 ta mahallada 220 ta aholi xonadonlari vakillarini jalb qilgan holda baliq yetishtirish ishlari tashkil etildi, — deydi “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi raisi oʻrinbosari Maqsud Ostonov. — Qiziltepa, Karmana, Navbahor, Xatirchi, Konimex tumanlaridagi aholi xonadonlarida intensiv usulda baliq yetishtirish ishlari tashkil etilib, umumiy qiymati 63 mlrd.soʻm boʻlgan qoʻshimcha 12 ta hududiy loyihalar ishga tushirilishi natijasida 97 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi. Eng muhimi, oʻtgan yilda viloyatdagi barcha xoʻjaliklar tomonidan 14,7 ming tonna baliq yetishtirilishi va ovlanishiga erishildi. Joriy yil yakuniga qadar 900 gektar mavjud sunʼiy suv havzalariga aerator moslamalarini oʻrnatish va baliqlarni balanslashtirilgan omixta yem mahsulotlari bilan oziqlantirish hisobiga baliq yetishtirish hajmi 4-5 barobarga oshiriladi. 1 gektar havzaga 3 tadan jami suv havzalariga 2700 ta aerator moslamalarini oʻrnatish ishlari tijorat banklari va mahalliy hokimliklar bilan birgalikda amalga oshiriladi. Natijada 900 gektar suv havzalarida 22,5 ming tonnagacha baliq yetishtiriladi. Qoʻshimcha 470 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Shuningdek, umumiy qiymati 130,5 mlrd.soʻm boʻlgan qoʻshimcha 13 ta hududiy loyihalar ishga tushiriladi. Jumladan hududlar imkoniyatidan kelib chiqib, 900 ta aholi xonadonlarini jalb qilgan holda intensiv usulda baliq yetishtirishni tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Mazkur dasturlar doirasida yaqinda Navbahor tumanida joylashgan “YASHIL OROL BY grand” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan super intensiv usulda baliq yetishtirish loyihasi toʻliq ishga tushirildi. Ushbu baliqchilik xoʻjaligi tomonidan 16 gektar maydondan iborat koʻllarda asosan sazan va oq doʻngpeshona baliqlari yetishtiriladi. Super intensiv usulda baliq yetishtirish uchun uskunalar bilan bir qatorda, koʻp miqdorda elektr energiyasi ham talab etiladi. Baliq tannarxini barqaror saqlash, sarf-xarajatlarni kamaytirish maqsadida aynan ushbu xoʻjalik tomonidan 6 gektar maydonga 120 kvt/soat quvvatga ega quyosh panellari oʻrnatildi. Kunlik elektr energiyasiga boʻlgan talablar quyosh panellari tomonidan ishlab chiqarilayotgan quvvatlar evaziga qoplanmoqda. Shuningdek, kunlik ehtiyojdan ortgan qismi aholiga sotilmoqda.
Viloyatda baliqchilik sohasi ravnaqining yana bir manbai Aydarkoʻl suv havzasi hisoblanadi. Mazkur havza 1969-1970-yillarda suv koʻpligidan Chordara GESi toʻgʻon oʻpirilishining oldini olish maqsadida Konimex, Nurota tumanlari hududlariga suv tashlanishi natijasida hosil boʻlgan. Koʻlning umumiy maydoni uch ming kvadrat kilometr atrofida boʻlib, havzada qariyb 10 milliard kub metr suv toʻplangan. Afsuski, 2005-yildan buyon koʻl yuzasi muttasil ravishda qisqarib bormoqda. Ushbu hol nafaqat koʻlda baliqchilik, balki havzaning fauna va flora olamiga tahdid solmoqda. Koʻl atrofidagi ekotizimning oʻzgarishi bu qushlarning ham migratsiya yoʻllarini oʻzgartirishiga olib keladi. Aydarkoʻlda suv osti oqimlari mavjud emasligi sabab Gʻarb tomon qanchalik borilsa, suv shunchalik shoʻrlashib boraveradi. Yaʼni, Gʻarbdagi mineralizatsiya – bir litrga 8 grammdan ortiqroq boʻlib, bu Sharqqa nisbatan 3-5 gramm koʻp demakdir.
Shunga qaramasdan Aydarkoʻlda baliqlarning sazan, oqqayroq, zogʻora, laqqa, leshsimon mayda baliq, sudak kabi turlari yashaydi. Afsuski, uzoq yillar koʻldagi baliqlarni ovlash ishlarining shunchaki nazorat qilinmasligi, keyinchalik baliq ovlashga ruxsat berilib, uni koʻpaytirishning oʻz holiga tashlab qoʻyilganligi havzada baliq unumdorligiga jiddiy zarar yetkazdi. Aydar-Arnasoy koʻllar tizimidan samarali foydalanish, ekologik holatni yaxshilash, aholining baliq mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini qanoatlantirish hamda hududda hayvonot va oʻsimlik dunyosi muhofazasini kuchaytirish, turizm salohiyatidan tizimli foydalanishni tashkil etish maqsadida davlatimiz rahbarining 2022-yil 22-fevraldagi “Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining qabul qilinishi barcha boshboshdoqliklarga chek qoʻydi. Qarorga muvofiq, Aydar-Arnasoy koʻllar tizimining “Arnasoy” suv ombori hududida baliq ovlashga bir yil muddatga moratoriy eʼlon qilindi. Buning natijasida suv omborini baliqlantirish maqsadida ilmiy-asoslangan oʻrganishlar amalga oshirish, inkubatsiya sexlari va reproduktor havza imkoniyatlaridan toʻliq foydalangan holda baliq uvuldiriqlari ishlab chiqarish quvvatlarini yiliga 100 mln. donaga, baliq chavoqlari yetishtirish quvvatlarini 15-20 mln donaga yetkazishga erishiladi. Mazkur baliq chavoqlari bilan koʻllar tizimini baliqlantirish, koʻllar tizimi va uning atrof-muhit imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda investitsiyalarni keng jalb qilib, marketing yoʻlga qoʻyiladi. Qayta ishlashni rivojlantirish asosida 1 000 ta ish oʻrni yaratiladi. Albatta, mazkur tadbirlar havzaning fauna va florasini saqlab qolish bilan birga, oʻz navbatida, aholi dasturxoniga sifatli, hamyonbop baliq mahsulotlari yetkazib berish, baliq isteʼmoli koʻlamini kengaytirish hamda talabdan oshigʻini eksportga yoʻnaltirish imkonini beradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring