Ochiqlik siyosati — Navoiy kon-metallurgiya kombinati faoliyatida

16:05 20 Aprel 2022 Jamiyat
1275 0

Foto: Халқ сўзи

Yaqin-yaqingacha Navoiy kon-metallurgiya kombinati faoliyatini yoritmoqchi boʻlgan hamkasblarimiz korxonaning dunyo oltin ishlab chiqarish kompaniyalari reytingida 5-oʻrindaligi hamda ayrim koʻrsatkichlar oʻsishini foizlar shaklida koʻrsatish bilan kifoyalanar edi.

Mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati, milliy iqtisodiyotimizning xalqaro integratsiyalashuvi jarayonlari taʼsirida korxona faoliyati bilan bogʻliq koʻplab maʼlumotlardan maxfiylik tamgʻalari olib tashlandi. Mamlakatimiz rahbari tomonidan kon-metallurgiya sohasini rivojlantirishga qaratilgan muhim dastur va puxta oʻylangan investitsion loyihalar esa korxona ravnaqida yangi-yangi marralar zabt etilishida imkoniyat eshiklarini yanada kengroq ochmoqda. Ayniqsa, soʻnggi yillarda amalga oshirilgan ulkan loyihalar tufayli kombinat mamlakatimiz sanoatida tengsiz, dunyoda esa yetakchilik salohiyatini tobora mustahkamlab, korxonaning iqtisodiy samaradorligi yildan-yilga ortib bormoqda.

“Navoiy kon metallurgiya kombinat” AJning 2021-yil yakunlariga bagʻishlangan matbuot anjumanida shular xususida soʻz borarkan, mulkiy munosabatlar va bir qator raqamlar ishtirokchilar hukmiga havola etildi.

— Davr talabidan kelib chiqib, Navoiy kon-metallurgiya kombinatini xalqaro moliyaviy bozorning teng huquqli ishtirokchisiga aylantirish, unda korporativ boshqaruv tizimini joriy qilish, raqobatbardoshlikni oshirish, mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va, eng asosiysi, sohaga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirish maqsadida korxonani transformatsiya qilish jarayonlari amalga oshirilmoqda, — deydi “NKMK” AJ bosh direktorining xodimlar va maʼmuriy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Qurbonmurot Taparov. — Oʻtgan 2019-2021-yillar mobaynida mazkur jarayonlarini jadallashtirish va aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish boʻyicha kombinatning qimmatbaho metallar ishlab chiqarish segmentiga oid boʻlgan 117,5 trillion soʻmlik aktiv va majburiyatlari aksiyadorlik jamiyati balansiga oʻtkazildi va ustav kapitali shakllantirildi. Xalqaro moliya bozorlariga chiqish maqsadida investorlar talablariga muvofiq xalqaro auditorlik kompaniyasi ishtirokida Global tashabbuskorlik hisoboti (GRI) standartlariga asosan barqaror rivojlanish hisoboti (ESG) tayyorlandi. Moliyaviy hisobotlarni xalqaro standartlar asosida yuritish boʻyicha xalqaro konsalting kompaniyasini jalb qilgan holda “NKMK” AJ faoliyati uchun moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari (MHXS) talablariga mos hisob siyosati ishlab chiqildi. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi bilan birgalikda kombinat umumiy zaxiralarning 90 foizini oʻzida mujassamlashtirgan 29 kon Avstraliya kodeksi JORC Code standartlari talablari asosida toʻliq qayta baholandi. Shuningdek, kombinatning tubdan yangicha korporativ tuzilmasi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy qilindi. Aksiyadorlik jamiyatining kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida «xed-xanter» tashkilotlarini jalb qilgan holda yetakchi xorijiy kompaniyalarda faoliyat yuritgan mutaxassislarni kombinatning rahbarlik lavozimlariga jalb qilish ishlari olib borilmoqda. Xalqaro konsalting kompaniyalari bilan birgalikda xaridlar tizimini takomillashtirish, uning shaffofligini taʼminlash hamda kombinatni 2030-yilgacha strategik rivojlantirish dasturi ishlab chiqilmoqda.

Taʼkidlash joiz, bugungi kunda kombinatni isloh qilish boʻyicha qabul qilingan qarorlarning amaldagi ijrosi sifatida “Navoiy KMK” DK mulki negizida uchta alohida yuridik shaxs - “Navoiy KMK” AJ, «Navoiyuran» Davlat korxonasi va “NKMK jamgʻarmasi” Davlat muassasasi tashkil qilingan.

— Mazkur yangilanishlar kombinatning barqaror rivojlanish surʼatlarini saqlab qoldi, — deydi “NKMK” AJ byudjetlashtirish va kontroling boʻlimi boshligʻi Umidjon Kostayev. — Birgina 2021-yilda kombinat tomonidan ishlab chiqarilgan jami mahsulotlarning xorijiy valyutadagi qiymati 5,1 mlrd. dollarga teng boʻlib, respublikada ishlab chiqarilgan yalpi ichki mahsulotning 7,4 foizini, sanoat mahsulotlarining 12 foizini tashkil etdi. Bundan tashqari kombinat mamlakatimizning eng yirik soliq toʻlovchisi hisoblanib, davlat byudjeti daromadining 20 foizidan koʻprogʻini shakllantiradi.

Kombinat tomonidan ishlab chiqarilgan oltinning dunyo bozorida xaridorgirligi birinchi navbatda uning yuqori sifati bilan izohlansa, ikkinchidan mahsulotning raqobatbardoshligi, yaʼni oltin tannarxining boshqa ishlab chiqaruvchilar tannarxiga nisbatan arzonligidir. Bu tadbir kombinat mehnat jamoasi tomonidan erishilgan yana bir yutuq desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Mahsulot tannarxining pasayishi oʻz navbatida faoliyatning yakuniy moliyaviy natijalariga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Jumladan, oʻtgan yili kombinat tomonidan mahsulot tannarxini kamaytirishga qaratilgan taʼsirchan chora-tadbirlar natijasida 1 010 mlrd. soʻm mablagʻlar iqtisod qilinib, mahsulot tannarxini 7,3 foizga kamaytirishga erishildi. Natijada kombinat faoliyatining oʻtgan yil yakuni boʻyicha sof foydasi 11,5 trillion soʻmni tashkil etib, mahsulot ishlab chiqarishning rentabellik darajasi 44 foizdan yuqori boʻldi.

Shuningdek, matbuot anjumanida taʼkidlandiki, AJda mahsulot ishlab chiqarish hajmining ijobiy dinamikasi modernizatsiya ishlari, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash hamda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini foydalanishga topshirish boʻyicha yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga taʼminlandi. Jumladan, oʻtgan yilning oʻzida yirik va strategik ahamiyatga ega boʻlgan «Uyumda eritmaga oʻtkazish sexi texnogen chiqindilarini qayta ishlash majmuasini qurish» investitsiya loyihasi boʻyicha 7-sonli gidrometallurgiya zavodi, “2-gidrometallurgiya zavodi qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish” investitsiya loyihasi doirasida 30-31-tegirmon bloklari, «Auminzo-Amantoy maʼdanli maydonida oltin maʼdanlarini qazib olish va qayta ishlash majmuasini qurish» investitsiya loyihasi doirasida 1-2-tegirmon bloklari foydalanishga topshirildi. Investitsiya loyihalarini ishga tushirish hisobiga kombinatda 3 371 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi. Natijada 2021-yilda oltin ishlab chiqarish hajmi 2016-yilga nisbatan 114 foiz va kumush 145 foizni tashkil qildi.

Matbuot anjumanida jurnalistlar tarmoq bilan bogʻliq oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?