“Obod qishloq” dasturi Qozogʻistonda tatbiq etiladi(mi?)

10:33 06 Iyul 2020 Jamiyat
863 0

Prezidentimizning qishloq ahli hayotini shahar bilan tenglashtirish, shahardan kam boʻlmagan shart-sharoitlar yaratish tashabbusini ilgari surganiga ham ikki yilcha boʻlib qoldi. Joylarda qishloq va shahar mahallalarini “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida taʼmirlash, rekonstruksiya qilish, modernizatsiyalash davlat siyosati darajasiga koʻtarildi va bu ishlarga barcha oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. Bu dasturning hayotga joriy etilishi natijasida qishloqlar va mahallalar infratuzilmasi tubdan oʻzgarib, aholining yashashi, turmush tarzi, tadbirkorlik va fermerchilikka, rahbarlarga va davlatga munosabati tubdan oʻzgardi.

Yurtimizda olib borilayotgan ana, shu islohotlarni qoʻshni davlatda ham tatbiq qilish, qon-qarindoshlik rishtalarini yana-da mustahkamlash maqsadida Qozogʻiston Respublikasi Turkiston viloyati hokimligi delegatsiyasi Jizzax viloyatining Mirzachoʻl tumaniga tashrif buyurdi.

Dastlab mehmonlarni Mirzachoʻl tuman hokimligi va jamoatchilik vakillari samimiy kutib olishdi. Shundan keyin delegatsiya aʼzolarini Gagarin shahrida olib borilgan qurilish va obodonchilik ishlari, ishlab chiqarish korxonalari faoliyati, ijtimoiy obyektlar, mahallar hayoti, madaniy muassasalarda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirildi.

Delegatsiya aʼzolari shaharchadagi yengil konstruksiya asosida barpo etilgan “Mirzachoʻl tikuvchilik majmuasi”da boʻlishdi. Ayni paytda korxonada 300 nafar xotin-qizlar mehnat qilishib, 10 turdagi roʻzgʻorbop mahsulotlar, ayol va qizlar kiyim-kechaklari tikilmoqda. Ularning asosiy qismi pandemiya sharoitida ham qoʻshni Qozogʻiston mamlakatiga eksport qilinayotir.

— Oʻzbekistonga kelishimdan oldin Mirzachoʻl tumanida “Obod qishloq” Davlat dasturi doirasida tashkil etilgan korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishib, ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlardan xabardor edim, — deydi delegatsiya rahbari Qozogʻiston Respublikasi Turkiston viloyati sanoatni boshqarish, investitsiyalar va eksport boʻlimi boshligʻi Hikmatilla Raimbekov. — Biroq amalga oshirilgan obodonchilik ishlari, barpo etilgan inshootlar, yangi uylar, koʻchalar, taʼlim va ijtimoiy muassasalar boʻyicha unchalik maʼlumotga ega emas edim. Kelib, korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishib, oʻz koʻzim bilan koʻrdimki. Ishlab chiqarish zamonaviy talablarga javob beradi, innovatsiyalar tatbiq qilingan. Mazkur korxonalar filiallarini oʻz yurtimizda ham ochsak maqsadga muvofiq boʻladi. Shuningdek, “Obod qishloq” qishloq dasturini Turkiston viloyatida tatbiq qilsak bu tashrifimizning amaliy natijasi boʻladi.

Shuningdek, mehmonlar Gagarin shahridagi sobiq paxta tozalash korxonasining boʻsh turgan binosi rekonstruksiya qilinib, dastur doirasida 3 milliard soʻmdan oshiqroq mablagʻ sarflanib «Mirzachoʻltekstil» masʼuliyati cheklangan jamiyati korxonasida ham boʻlishdi. Hozirda korxonada erkaklar va ayollar uchun maxsus kiyimlar, jinsi matosidan barcha uchun moʻljallangan kiyim-kechaklar tikilmoqda.

Delegatsiya aʼzolari Davlat xizmatlari agentligining Mirzachoʻl tuman filialida ham boʻlishdi. U yerda tadbirkorlar va aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar, huquqiy maslahat xonalari bilan yaqindan tanishdi, shahardagi boqa mahallalar, ayniqsa qozoq millatiga mansub aholining yashash sharoiti, ularga yaratib berilayotgan imkoniyatlardan juda mamnun ekanliklarini bildirishdi.

Delegatsiya aʼzolari tumandagi Qozoq milliy teatriga ham borishdi. U yerda tumanda yashayotgan qozoq millatiga mansub aholining oʻz urf-odatlarini qanday saqlayotganligi, ularni asrash va rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishishdi. Oʻzbek-qozoq milliy madaniy markazi faoliyatini yaqindan oʻrganishdi. Yillar davomida qarovsiz holga tashlab qoʻyilgan, dastur doirasida taʼmirlagan binoda tashkil etilgan milliy cholgʻuchilik, ashula, raqs, tasviriy sanʼat, rassomlik kabi toʻgaraklarning faoliyat koʻrsatayotgani ikki qardosh xalqlarning bir-birini hurmat qilishi namunasi sifatida qaraldi.

Shundan soʻng, Mirzachoʻl tuman hokimligida delegatsiya aʼzolari va tuman rahbarlari, faollari ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda tuman hokimi Komil Xolmurodov tumanda olib borilayotgan islohotlar, amalga oshirilishi belgilangan rejalar, ijtimoiy rivojlantirish istiqbollari haqida batafsil maʼlumotlar berishdi.

Tashrif yakunida har ikki qardosh xalqlar ishlab chiqarish va sanoatni rivojlantirish, tumanda mavjud korxonalar filiallarini ochish, buning uchun zaruriy hujjatlarni tayyorlash, davlatlar darajasida tasdiqlatish, baynalmilal anʼanalarni davom ettirish, tarixiy va milliy urf-odatlarni saqlash boʻyicha oʻzaro suhbatlar uyushtirishdi.

Tolibjon ERGASHEV,
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер