“Obihayot park” majmuasi qurilishi boshlandi

11:01 08 Sentyabr 2025 Jamiyat
65 0

Surxondaryo viloyati soʻnggi yillarda nafaqat iqtisodiy, balki shaharsozlik va turizm salohiyati boʻyicha ham ulkan salohiyatga ega hudud sifatida taraqqiy etmoqda. Daryo va koʻllar boʻylaridagi boʻsh yer maydonlaridan oqilona foydalanish, aholi hamda sayyohlar uchun zamonaviy, qulay va jozibador maskanlar barpo etish boʻyicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu kabi keng qamrovli tashabbuslardan biri umumiy qiymati 50 million AQSH dollarini tashkil etuvchi “Obihayot park” majmuasidir. Yangi majmua Surxon daryosining Termiz tumanidan oʻtuvchi sohil qismida, 20 gektar maydonda qad rostlaydi.

Turizm, savdo va shaharsozlik — bir loyiha doirasida jami 42 ta turar va noturar obyektlar qurilishi rejalashtirilgan. Xususan, zamonaviy koʻp qavatli uy-joylar (1-2 qavatlarida savdo va xizmat koʻrsatish nuqtalari, yuqori qavatlarida turarjoylar), 250 oʻrinli ikkita moslashuvchan va servisga boy mehmonxona, milliy va xalqaro oshxonalarni taqdim etuvchi restoran hamda kafelar, fitnes klublar, koʻngilochar maskanlar va 24 soat faoliyat koʻrsatuvchi turizm koʻchalari majmuaning asosiy qismlarini tashkil etadi.

— Loyihani amalga oshirishda ekologiya va xavfsizlik masalalari birinchi oʻringa qoʻyilgan, — deydi viloyat hokimi oʻrinbosari Alisher Amirov. — Daryoning tabiiy oqimi saqlanadi, sohillar mustahkamlanadi, zamonaviy koʻpriklar va qulay logistika yechimlari yaratiladi. Shu bilan birga, suv xavfsizligi va muhitni muhofaza qilish talablari toʻliq inobatga olinadi. “Obihayot park” nafaqat shahar koʻrinishi va infratuzilmasini oʻzgartirishi, balki yuzlab yangi ish oʻrinlari yaratilishiga, mahalliy aholining daromad manbalari kengayishiga va iqtisodiy barqarorlikning mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Bu esa, oʻz navbatida, hududning investitsiyaviy jozibadorligi va ijtimoiy barqarorligiga katta hissa qoʻshadi.

Loyihaning tamal toshini qoʻyish marosimi Surxondaryo viloyati jamoatchiligi uchun katta voqea boʻldi. Unda viloyat hokimligi rahbariyati, nuroniylar, faollar, davlat tashkilotlari vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. Tadbirda loyihaning ahamiyati, uning hudud ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga qoʻshadigan hissasi va aholi turmush sifatiga taʼsiri alohida taʼkidlab oʻtildi.

“Obihayot park” nafaqat zamonaviy qurilish obyekti, balki Surxonning ertangi kuni uchun mustahkam poydevor, turizm va tadbirkorlik uchun yangi imkoniyatlar eshigi demakdir.

Farhod ESONOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер