Nuriddin Ismoilov Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin bilan uchrashdi

15:46 28 Noyabr 2022 Siyosat
869 0

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Keyingi yillarda mamlakatimizda xalqaro aloqalarni mustahkamlash, konstruktiv tashqi siyosat olib borishda parlament diplomatiyasi ham muhim oʻrin tutmoqda. Bunda xorij davlatlari parlamentlari bilan doʻstlik guruhlari imkoniyatlaridan keng foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

2022-yil 28-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bilan uchrashdi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar barqaror, doʻstona tarzda rivojlanmoqda. Ikki davlat rahbarlarining yaqin munosabatlari, barcha sohadagi oʻzaro ishonchi parlamentlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirish hamda kengaytirishda muhim omil boʻlmoqda. Ayniqsa, keyingi yillardagi oliy darajadagi tashriflar yakunida Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi aloqalar oʻzaro munosabatlar tarixida butunlay yangi bosqichga koʻtarildi.

Muloqotda Spiker N.Ismoilov tomonidan delegatsiya aʼzolariga mamlakatimizda Taraqqiyot strategiyasi asosida hayotning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, mamlakatimiz parlamentining qonunchilik faoliyati, norma ijodkorligi, fraksiya va qoʻmitalarning ish uslublari hamda parlamentarizm sohasidagi yangiliklar haqida soʻzlab berildi.

Uchrashuvda keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlarning bosqichma-bosqich rivojlanib borayotgani, mamlakatlarimiz oʻrtasida siyosiy va iqtisodiy sohadagi muloqotlarning faollashgani ijobiy baholandi.

Konstruktiv va oʻzaro ishonch ruhida kechgan uchrashuvda Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi parlamentlararo aloqalarning kengayishi, uni yangi mazmun bilan boyitish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Oʻz navbatida, V.Volodin samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim omil boʻlgan parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash, shu yoʻnalishdagi muloqotlarni koʻpaytirish har tomonlama foydali ekanini qayd etdi.

Uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi bilan Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Davlat Dumasining Hamkorlik boʻyicha parlamentlararo komissiya tuzish kelishib olindi hamda Komissiyaning Reglamentini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

Samimiy va konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuvda tomonlar parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga kelishib oldilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер