Nukusdagi xususiy bogʻchada tarbiyachi bolaning boshiga poyabzal bilan urdi

Nukus shahridagi xususiy maktabgacha taʼlim muassasasida bolalarga nisbatan zoʻravonlik qoʻllanganligi aks etgan videolarning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi keng muhokamalarga sabab boʻldi. Ushbu holat jamoatchilik orasida keskin norozilik uygʻotdi va rasmiy idoralar tomonidan oʻrganib chiqilmoqda.
Tarqalgan videolarda tarbiyachilarning bolalarga qoʻpol muomala qilgani, baʼzi holatlarda kaltaklagani yaqqol koʻrinadi. Xususan, videolardan birida tarbiyachi ovqatlanayotgan bolalardan birining boshiga oyoq kiyim bilan bir necha bor urayotgani, soʻng uni silkitib, boshqa oʻrindiqqa oʻtkazayotgani va urishda davom etayotgani aks etgan. Ushbu tasvirlar keng jamoatchilik eʼtiroziga sabab boʻldi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Prokuraturasi mazkur holat 2024-yil noyabr oyida sodir etilganini tasdiqladi. Aniqlanishicha, bogʻchaning tarbiyachisi R. Sh. va yordamchi tarbiyachi D. S. tomonidan bolalarga nisbatan zoʻravonlik qoʻllangan. Hozirda Nukus shahar prokuraturasi ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlarini olib bormoqda.
Shu bilan birga, bugun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan maxsus ishchi guruh tuzilib, holat atroflicha oʻrganildi. Oʻrganish natijasida mazkur hodisa Nukus shahri Doʻstlik MFY hududida joylashgan “Disney Kids” nomli xususiy bolalar bogʻchasida sodir boʻlgani aniqlandi. Voqea 2024-yil 4-noyabr kuni yuz bergani va videoyozuvda aks etgan holat haqiqatan ham yordamchi tarbiyachi tomonidan sodir etilgani tasdiqlandi.
Ishchi guruh voqea joyiga borib, bogʻcha xodimlari hamda ota-onalar bilan suhbatlashib, yuz bergan hodisa boʻyicha batafsil maʼlumot oldi. Ushbu masala boʻyicha toʻplangan materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi va hozirda rasmiy surishtiruv ishlari boshlangan.
Bolalarga nisbatan zoʻravonlik holati jamiyatda keskin eʼtirozlarga sabab boʻldi. Jamoatchilik vakillari, ota-onalar va bolalar huquqlarini himoya qilish tashkilotlari masʼul idoralardan bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik, taʼlim muassasalarida bolalar xavfsizligini taʼminlash va nazoratni kuchaytirish boʻyicha qatʼiy choralar koʻrishni talab qilmoqda.
Shuningdek, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tarbiyachilarning axloqiy va kasbiy saviyasini oshirish, bogʻchalarda kuzatuv kameralarini oʻrnatish va bolalar huquqlarini taʼminlash boʻyicha tizimli islohotlarni amalga oshirish masalasi dolzarb mavzulardan biriga aylandi. Huquq-tartibot organlari tergov natijalari boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot taqdim etishini bildirdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring