Nukusda hosil bayrami nishonlandi

Gʻayrat OTAJONOV/“Xalq soʻzi”. Har yili Qoraqalpogʻistonda Hosil bayrami turli koʻngilochar tomoshalar, sport musobaqalari uyushtirilgan holda oʻzgacha ruhda oʻtkaziladi. Anʼanaga koʻra joriy yilda ham Nukus shahrining shimoliy qismidagi Otchopar maydonida tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.
Ochilish marosimida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev soʻzga chiqib, yigʻilganlarni Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni bilan tabrikladi. Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish, sohaga yangi texnika va innovatsion texnologiyalarni joriy etish, yer-suv resurslaridan samarali foydalanishni kengaytirish, aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, fermer va klasterlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha olib borilayotgan keng koʻlamli ishlarga toʻxtalib oʻtdi. Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan Qoraqalpogʻiston uchun alohida qabul qilingan qaror va farmonlar asosida amalga oshirilayotgan ishlar taʼkidlandi.
Bayram tadbirida “Eng ilgʻor fermer xoʻjaligi”, “Eng yaxshi bogʻbon”, “Eng yaxshi chorvador fermer”, “Eng yaxshi parrandachi”, “Eng yaxshi baliqchi”, “Eng yaxshi asalarichi”, “Eng yaxshi pillakor”, “Eng yaxshi mexanizator,” “Eng yaxshi kombaynchi”, “Eng yaxshi qorakoʻlchilik xoʻjaligi”, “Eng yaxshi irrigator”, “Eng yaxshi meliorator”, “Eng yaxshi veterinar”, “Eng yaxshi oʻsimliklarni himoya qiluvchi laborant” kabi nominatsiyalar boʻyicha soha xodimlariga qishloq xoʻjaligi texnikalari va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.
Tumanlar orasida oʻtkazilgan arqon tortish musobaqalarida Chimboy tumani birinchi, Qoʻngʻirot tumani ikkinchi, Taxtakoʻpir tumani jamoasi uchinchi oʻrinlarni egalladi.
Polvonlar kurashida bosh sovrin uchun maydonda Zaxiriddiyin Zaytov va Yernazar Sarsenbayev bellashdi. Gʻolibga 50 mln. soʻm pul mukofoti topshirildi.
Bayram tomoshalarida ot choptirish musobaqasiga ham barchaning eʼtibori qaratildi. Marraga birinchi boʻlib tulpori bilan yetib kelgan chavandoz Maxsut Abdirazaxovga “Onix” avtomashinasi tuhfa qilindi.
Qoʻchqorlar urishtirish oʻyinlari ham tomoshabinlarda katta qiziqish uygʻotdi. Unda Nukus shahri, Beruniy, Qonlikoʻl, Qoʻngʻirot, Amudaryo tumanlaridan har bir gʻolib chiqqan qoʻchqor egalariga qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.
Bayram ishtirokchilariga dehqonlarimiz tomonidan yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yarmarkasi, mohir oshpazlarimiz tayyorlagan turli taomlar namoyish etildi. Sanʼat ustalari ijrosidagi konsert dasturi barchaga zavq bagʻishladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring