Nukus davlat pedagogika institutida kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi

19:57 08 Iyul 2025 Jamiyat
198 0

Gʻayrat OTAJONOV/“Xalq soʻzi”. 8-iyun kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 2025-2026-oʻquv yili uchun qabul jarayonida bakalavriatning alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim yoʻnalishlarida kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi.

Imtihonlarning borishi Internet tarmogʻi orqali ota-onalar va keng jamoatchilik vakillariga toʻgʻridan-toʻgʻri olib koʻrsatilmoqda.

—Abituriyentlarning bilim va koʻnikmalarini baholash uchun Oʻzbekistonning turli taʼlim muassasalaridan, professor-oʻqituvchilar hamda mutaxassislar jalb etilgan, — deydi Nukus DPI matbuot xizmati rahbari Islam Matekov. — Xususan, Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti, Jizzax va Chirchiq davlat pedagogika universitetlari, shuningdek, Urganch, Buxoro, Termiz davlat pedagogika institutlaridan jalb qilingan oʻqituvchilar tomonidan har bir abituriyentning tayyorgarligi xolisona baholanib, toʻplagan ballari darhol maʼlum qilinmoqda.

– Bugun nabiram institutning jismoniy madaniyat taʼlim yoʻnalishiga amaliy imtihon topshiryapti, – deydi Chimboy tumanidan kelgan Minayim opa Baltabayeva. — Oʻzim shu institutni bitirib, oʻqituvchi boʻlib ishladim. Mana, bugun institutga kelib, bu yerdagi oʻzgarishlarni, yaratilgan sharoitlarni koʻrib koʻnglim toʻldi. Imtihon jarayonlari qanday oʻtayotganini ochiq-oydin bevosita kuzatib turibmiz, tashkilotchilarga rahmat.

Joriy yilda Nukus davlat pedagogika institutida bakalavriatning jismoniy tarbiya, musiqa taʼlimi, tasviriy sanʼat va muhandislik grafikasi taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha 500 dan ortiq abituriyentlar kasbiy (ijodiy) imtihonlarini topshirishi kutilmoqda.

Institutda kasbiy (ijodiy) imtihonlar joriy yilning 11-iyul kuniga qadar davom etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?