Nuktadon olim, mehridaryo ustoz yodi

Filologiya fanlari doktori, professor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi Nuriddin Shukurovning nomi tilga olinganda juda koʻpchilikning qalbi nurga toʻladi. Adab ilmida benazir insonning ilmiy salohiyati, ustozlik mehri, sheʼr sehrini yurakdan his etishi, odamoxunligi albatta yodga olinadi.
Oʻzbek adabiyotshunosligi rivoji va uning nazariyasi yaratilishi, shuningdek, ijodkor mahorati, uslublar rang-barangligi, badiiy asarning gʻoyaviy-badiiy xususiyatlarini tadqiq etish hamda uni ilmiy asoslashda professor Nuriddin Shukurovning xizmatlari beqiyos.
Oʻz vaqtida qator taniqli adabiyotshunos olimlar olimning ilmiy faoliyati haqida soʻz yuritib, yoshligidanoq izlanuvchan tanqidchi sifatida elga tanilganini eʼtirof etishgan.
“...birovni oʻziga ustoz tanlagan uquvli shogird oʻz ustoziga yelimday yopishadi quyadi, — deb yozgan edi professor Rahim Muqimov. — Nuriddin ana shunday ziyrak isteʼdodlardan edi. Tez orada u mening oʻrtogʻim, yoʻldoshimga aylandi. Men spektakl koʻrgani teatrga borsam, u ham birga borardi. Maqola yozishga kirishsam, qiziqib yordam berardi. Qarabsizki, maqola yozish jarayonida fikr qoʻshib, tahrirlar kiritib, teng huquqli hammuallif boʻlib qolardi... Men oʻzimning 1993-yilda bosmadan chiqqan “Buklet-biografiya”ni varaqlab koʻrdim, roʻyxatdagi dastlabki 17-18 maqolaning toʻgʻrisida “Hammuallif Nuriddin Shukurov”, deb yozib qoʻyilgan. Vaholanki, u vaqtlarda Nuriddin Shukurov student, keyinchalik boshlovchi aspirant edi, xolos”.
Akademik Naim Karimov ham oʻz vaqtida: “Nuriddin aka nafaqat sheʼriyatni nozik his etuvchi, oʻzi ham sohibi qalam, bilimdon va teran olim, balki kamtar, samimiy, nazokatli va olijanob inson sifatida ham qalbimizdan bir umrga joy oldi. Agar samarqandlik boshqa doʻstlarimga ogʻir botmasa, men u (Nuriddin Shukurov) bilan akademik Botirxon Valixoʻjayevni Samarqandda yashab, ilmiy-pedagogik faoliyat olib borgan va hozirda ham olib borayotgan filolog olimlarning har tomonlama peshqadami, deb atagan boʻlardim”, deb yozgan edi.
Taniqli adabiyotshunos, Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurovning eʼtirofi ham juda yuksak: “Nuriddin Shukurov bilan koʻp uchrashardik. U adabiyot olamini yaxshi bilar, yaxshi koʻrar, uning katta-kichik namoyondalari bilan tanish, qalamkashlar, olimlarni — ziyoli kishilarni juda qadrlar, hurmat, eʼtibor koʻrsatardi. Adabiy davralar, kitobxonlar bilan uchrashuvlarda Gʻafur Gʻulom, Shayxzoda, Asqad Muxtor singari allomayi zamonlarning sheʼrlarini goʻzal bir ixlos bilan sheʼrning zavqi-sururini jon-jonidan tuyib yod oʻqirdi. U oʻzbek sheʼriyati haqida toʻlib-toshib yozardi. Sheʼriyat haqida yozganda unga bamisoli muhabbat izhor qilganday boʻlardi”.
Darhaqiqat, Nuriddin Shukurov oʻzbek tanqidchiligida janrlar rang-barangligi, poetik obraz yaratish, adabiy tanqid muammolarini yaxlit va umumlashgan holda tahlil etish, yangi asarlarga munosabat bildirish kabi adabiy jarayonda faol qatnashishi bilan ajralib turadigan adabiyotshunos edi.
Domla tomonidan yozilgan “Gʻafur Gʻulomning lirik poeziyasidagi mahorati”, “Uslublar va janrlar”, “Bu olam sahnida”, “Soʻz sehri, sheʼr mehri” singari kitoblar, koʻplab maqolalar shoir va yozuvchi ijodi, adabiy jarayon, asosan, mahorat muammolari nuqtayi nazaridan oʻlchanadi. Koʻp yillik samarali mehnati va ilmiy izlanishlari natijasida uning hammuallifligida respublika oliy oʻquv yurtlari uchun “Adabiyotshunoslikka kirish”, “Oʻzbek sovet adabiyoti tarixi” darsliklari yozildi.
Professor Saydulla Mirzayev: “Ikkinchi jahon urushidan soʻnggi dastlabki yillarda Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti talabalari safiga bir qator isteʼdodli yoshlar kelib qoʻshildi. Nuriddin Shukurov ana shunday qobiliyatli yoshlardan biri boʻlib, u talabalik chogʻlaridayoq ilm-fanga chanqoqligi, tirishqoqligi, koʻp mutolaa qilishi, mustaqil va erkin fikrlashga oʻchligi bilan ajralib turar edi.
Nuriddin Shukurovning hayot yoʻli va mehnat faoliyatiga nazar tashlasak, kishi koʻz oʻngida halol mehnat va tinimsiz izlanish tufayli unib-oʻsib yirik olim, mehribon ustoz, mohir pedagog, taniqli jurnalist darajasiga koʻtarilgan yirik ijodkor gavdalanadi.
Nuriddin Shukurov oliy taʼlim taraqqiyotiga, xususan, oʻzbek adabiyotshunosligi rivojiga samarali hissa qoʻshgan. U oʻzining ana shu ezgu xizmati tufayli koʻpchilikning nazariga tushdi. Gʻafur Gʻulom, Izzat Sulton, Vohid Abdullayev kabi ustozlarning ishonchiga, yuksak bahosiga sazovor boʻldi”, deb yozgan edi.
Nuriddin Shukurovning ijodiy faoliyati Samarqand davlat universiteti bilan chambarchas bogʻliq. U 45-yil davomida universitet jamoasi bilan hamnafas boʻldi. Shu yerda oʻz mehnati bilan yil sayin oʻsib, shogirdlikdan ustozlik darajasiga koʻtarildi. Nuriddin Shukurov universitetda ilmiy ishni pedagogik va tashkilotchilik ishlari bilan olib bordi. Oʻzbek adabiyoti kafedrasida avval oʻqituvchi, dotsent, soʻngra professor boʻlib ishladi. Dekan, kafedra mudiri, rektor muovini vazifalarini bajarib, universitetda oʻqish-oʻqitish, ilmiy-tadqiqot, tarbiyaviy-tashkiliy ishlar rivojiga muhim hissa qoʻshdi. Ana shuning uchun Barot Boyqobilov va Omon Matjon “Dorilfunun qasidasi” asarida haqli ravishda:
Doʻstlar, SamDU degan soʻzning teran maʼnosi bor,
Chun Maroqand haqda har gapning qadim dunyosi bor.
Navqalam sardoridur Nuriddin-u Saydullalar,
Barchasiga rahnamo Vohid Abdullosi bor!
— deb yozgan edilar.
Nuriddin Shukurov oʻz mehnat faoliyati davomida soʻz sanʼatining turli masalalariga bagʻishlangan 300 tacha ilmiy va ilmiy ommabop maqolalar yozdi. Uning “Oʻzbek poeziyasi haqida mulohazalar”, “Syujet va badiiy toʻqima”, “Syujet haqida qaydlar”, “Poetik mazmun va badiiylik muammosi”, “Poeziyada simvolik obrazlar”, “Til va uslub” kabi maqolalari adabiy jamoatchilik va keng kitobxonlar ommasining diqqat eʼtiborini oʻziga tortgan.
Olim nafaqat adabiy tanqidchi, balki “Xushnud” taxallusi bilan ijod qilgan shoiri zamon hamdir. Domla oʻzining tarjimon sifatida ham mohirligini koʻrsata oldi. Taniqli avar shoiri Rasul Hamzatovning yigirmadan ziyod sheʼrlari, rus va tojik shoirlaridan qilgan tarjimalarini oʻzbek kitobxonlariga tuhfa etdi.
Domlaning eng ezgu amallaridan biri yosh ijodkorlarni izlab topish va ragʻbatlantirish boʻlgan. “Shalola” sheʼriyat klubi shu jihatdan ulugʻ insonning qalb qoʻri, kelajakka umidi edi. Oʻtgan asrning 70-90-yillari, hatto bugungi oʻzbek adabiyoti rivojini ham ustoz mehr koʻrsatgan qalam ahlining ijodisiz tasavvur etib boʻlmaydi.
Professor Nuriddin Shukurov mehnatsevarligi, idroki va ichki madaniyati, hozirjavobligi va oʻziga talabchanligi bois 38 yoshida viloyat bosh gazetasiga muharrir, 43 yoshida universitet prorektori etib tayinlandi. 44 yoshida fan doktori, 50 yoshida fan arbobi faxriy unvoniga muyassar boʻldi. Olim oʻzbek adabiyotshunosligi tarixida oʻz nomi va asarlari bilan abadiy qoladi.
Toshpoʻlat TUGALOV,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring