“Noyob hodisa” — Kamchatkada 1952-yildan beri eng kuchli zilzila yuz berdi. Birinchi sunami toʻlqinlari Rossiya hududlariga bostirib kirdi

10:06 30 Iyul 2025 Dunyo
272 0

Kamchatkada kuchli zilzila yuz berdi. Dastlab 7,5 ballni tashkil etgan boʻlsa, keyinchalik u 8,7 ballga yetdi. Bu hududa 1952-yildan beri qayd etilgan eng kuchli zilzila boʻldi. Rossiya Fanlar akademiyasi Yagona geofizika xizmati Kamchatka filiali direktori Danila Chebrovning aytishicha, hodisani noyob deb tasniflash mumkin.

Mutaxassislarning dastlabki maʼlumotlariga koʻra, Petropavlovsk-Kamchatskiydagi yer silkinishlarining intensivligi kamida VI ballni tashkil etgan. Mutaxassislar kuchli zilzila jarayonining rivojlanishi haqida ogohlantirmoqda, bu kamida yana bir oy davomida seziladi.

“Kamchatka seysmik fokal zonasida 1952-yildan beri eng kuchli zilzila sodir boʻldi. Turli hisob-kitoblarga koʻra, uning magnitudasi 8,7 ballga etadi. Bu, albatta, noyob hodisa”, — deyiladi Rossiya Fanlar akademiyasining Geofizika xizmatining Kamchatka filiali xabarida.

Saxalin viloyati gubernatori Valeriy Limarenko Severo-Kurilskda ham 7,9 magnitudali zilzila sodir boʻlganini maʼlum qildi.

“Hozirda aholi evakuatsiya qilinmoqda. Favqulodda vaziyatlar xizmati toʻliq quvvat bilan ishlamoqda”, — dedi viloyat rahbari. Shuningdek, u vaziyat nazorat ostida ekanini qoʻshimcha qildi.

Rossiyada birinchi sunami toʻlqinlari

Kamchatkaning Yelizovskiy tumanida toʻrt metrli sunami toʻlqini kuzatildi. Keyinchalik barcha Kuril orollarida sunami xavfi eʼlon qilingani maʼlum boʻldi.

Birinchi sunami toʻlqini Severo-Kurilsk qirgʻoq zonasiga ham tegdi. Saxalin viloyati gubernatori Valeriy Limarenkoning aytishicha, aholi balandroq joylarda xavfsiz.

Rossiyaning Severo-Kurilsk shahridagi “Alaid” baliqni qayta ishlash zavodi shaharda sunami sirenasi yangragan paytda suv ostida choʻkishni boshladi. Odamlar zudlik bilan zavoddan evakuatsiya qilindi. Endilikda zavod xodimlari toʻlqinlar binolarni qoplaganini uzoqdan kuzatmoqda. Qurbonlar haqida maʼlumotlar yoʻq.

Yaponiya va AQSHda sunami xavfi eʼlon qilindi

AQSHning eng yirik shtati Alyaska Kamchatka sohilida sodir boʻlgan va 7,5 ballga baholangan zilziladan keyin sunami xavfini eʼlon qildi. AQSH Milliy okean va atmosfera maʼmuriyati maʼlumotlariga koʻra, AQSH shtatiga sunami tahdidi haqidagi eʼlon Moskva vaqti bilan 02:35 da eʼlon qilingan.

Shuningdek, AQSHning Gavayi shtati poytaxti Gonolulu joylashgan Oaxu oroli hukumati Kamchatkadagi kuchli zilziladan keyin sunami xavfi tufayli aholini zudlik bilan evakuatsiya qilishga chaqirdi.

Oaxu orolidagi favqulodda xizmatlar vayronkor sunami toʻlqinlari kutilayotganini maʼlum qildi.

Kamchatkadagi kuchli zilziladan soʻng Yaponiya qirgʻoqlari tomon harakatlanayotgan sunami xavfi fonida Yaponiya oʻzini-oʻzi mudofaa kuchlari Tinch okeani ustidagi vaziyatni kuzatish uchun qiruvchi samolyotlar, shuningdek, patrul samolyotlari va vertolyotlarini ishga tushirdi. Taʼkidlanishicha, harbiy aviatsiya sunami haqida tezkor maʼlumot toʻplash boʻyicha operatsiyalarda ishtirok etmoqda.

Jabrlanganlar ham bor

Kamchatkada sodir boʻlgan zilziladan soʻng bir necha kishi jabrlangan. Ammo aholisi orasida jiddiy jarohatlar yoʻq.

«Yugurish paytida jarohat olganlar bor. Derazadan sakrab tushgan bemor bor... Barcha bemorlarning ahvoli qoniqarli. Hozirda jiddiy jarohatlar qayd etilmagan”, — dedi Kamchatka oʻlkasi sogʻliqni saqlash vaziri Oleg Melnikov.

Shuningdek, Kamchatkadagi zilziladan keyin epileptik tutqanoqlar soni ortgan. “Amur Mash” nashri xabariga koʻra, aholi uylaridagi yoriqlar tufayli vahimaga tushmoqda. Petropavlovsk-Kamchatskiydagi zilzila paytida kvartiralarda shkaflar, koʻrpa-toʻshaklar va jihozlar qulab tushdi.

Kamchatkadagi bolalar bogʻchalaridan birida zilziladan keyin devor qulab tushdi. Bu paytda binoda hech kim boʻlmagan. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, hech kim jabrlanmagan. Shuningdek, Kamchatka aeroportida shift qulab tushgani, yoʻlovchilar evakuatsiya qilingani xabar qilingan. Mutaxassislar taʼmirlashni boshladilar. Plitalardan biri yoʻlovchining ustiga tushgan. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, u jiddiy jarohat olmagan.

Kamchatka davlat hududiy muassasalarida ish vaqti qisqartirildi. Bunday qarorni Kamchatka oʻlkasi gubernatori Vladimir Solodov qabul qildi. Uning topshirigʻiga koʻra viloyatda hududiy shtab tashkil etildi.

“Shtab mutaxassislari aholiga xavfsizlikni taʼminlash va yordam koʻrsatish uchun masʼul boʻlgan barcha xizmatlar va tashkilotlarning harakatlarini muvofiqlashtiradi”, — Kamchatka oʻlkasi maʼmuriyati matbuot xizmati.

Petropavlovsk-Kamchatskiyda uzoq tirbandliklar yuzaga kelgan, aholi ommaviy ravishda shaharni tark eta boshlagan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер