Nodirbek Yakubboyev hindistonlik shaxmatchiga qoʻl bermagani uchun tanqidlarga uchradi

Oʻzbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Yakubboyev “Tata Steel Chess 2025” turniri doirasidagi bahsda hindistonlik shaxmatchi Vaishali Rameshbabu bilan oʻyin oldidan qoʻlini siqib qoʻymagani sababli ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab muhokamalar sabab boʻldi va tanqidlarga uchradi.
Ushbu holat turnirning 4-turi doirasidagi bahsda kuzatilgan. Odatda shaxmatchilar oʻyin boshlanishidan oldin bir-birlarining qoʻlini siqib qoʻyishadi. Ammo Yakubboyev Vaishali uzatgan qoʻlni siqib qoʻyishni istamagan.
Nodirbek ushbu holatga munosabat bildirar ekan, bu ish oʻzining eʼtiqodi bilan bogʻliqligini taʼkidlagan.
“Hurmatli shaxmatchilar, Vaishali bilan oʻyinda boʻlgan vaziyatni tushuntirmoqchiman. Ayollar va hindistonlik shaxmatchilarni hurmat qilgan holda, diniy sabablarga koʻra boshqa ayollarga tegmasligimni hammaga bildirmoqchiman”, — deb yozadi Yakubboyev oʻzining X tarmogʻidagi sahifasida.
“Men Vaishali va uning ukasini Hindistondagi eng kuchli shaxmatchilar sifatida hurmat qilaman. Agar men uni xatti-harakatim bilan xafa qilgan boʻlsam, kechirim soʻrayman. Men qilishim kerak boʻlgan narsani qilaman. Bugun men bu haqda Irina Bulmagaga aytdim. U bunga rozi boʻldi. Ammo oʻyin zaliga kelganimda, hakamlar hech boʻlmaganda imo-ishora sifatida Namaste qilishim kerakligini aytishdi. Divya (avval ham shunday holat boʻlgani nazarda tutilmoqda – tahrir.) va Vaishali bilan boʻlgan oʻyinlarda oʻyin oldidan ularga bu haqda gapira olmadim. Shu sababli ham noqulay vaziyat yuzaga keldi”, deb qoʻshimcha qiladi u.
Bu esa baʼzi hindistonliklar tomonidan keskin ravishda qoralanib, uning tarmoqdagi munosabatida haqorat va tazyiqlar qoldirishmoqda. Xususan, ulardan biri “Senda sport mahorati yoʻq va sening munosabating koʻngil aynitadi”, deb yozib qoldirgan. Ahamiyatlisi shundaki, oʻzbekistonlik ayrim X foydalanuvchilari ham Nodirbekni ushbu harakati uchun qoralab, hamyurtining avval ayol shaxmatchilar bilan qoʻl berib oʻyinni boshlagan rasmlarini joylashgan.
Shunga qaramasdan, izohlarda sportchimizning harakatini siyosiylashtirmaslikni va notoʻgʻri talqin qilmaslikni anglatuvchi izohlar ham qoldirilmoqda. Xususan, X faollaridan biri Ravshan Burxonov Nodirbekni tanqid qiluvchilarga “Agar Nodirbek mehribonlik bilan Vaishaliga mehmondoʻstligi uchun mol goʻshtidan tayyorlangan biftek taklif qilsa va Vaishali diniy eʼtiqodi tufayli rad etsa, Vaishalining rad etishini hurmatsizlik deb hisoblaysizmi?”, deya izoh qoldirgan.
Shuni alohida qayd etish kerakki, shaxmatchilarning oʻyin oldidan qoʻl berishi qatʼiy belgilab qoʻyilgan qoida emas. “FIDE Laws of Chess” (Xalqaro shaxmat tashkilotining qoidalar toʻplami)ning 11.1-qoidasida shunday deyildi: “Oʻyinchilar shaxmat oʻyinini obroʻsizlantiradigan hech qanday harakat qilmasliklari kerak”. Bu yerda aniq qanday hurmat koʻrsatish kerakligi esa aytib oʻtilmagan.
FIDE hozircha holat yuzasidan hech qanday munosabat bildirmagan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring