“Nega jimlik bosgan vohada, begʻam uxlar botirlar uzoq?”

19:30 12 Sentyabr 2023 Jamiyat
392 0

12-sentyabr — millatsevar shoir Shavkat Rahmon tugʻilgan kun

XX asr oʻzbek sheʼriyatining oʻziga xos vakili, ulkan millatparvar ijodkor Shavkat Rahmon hozir hayot boʻlganida 73 yoshga kirgan boʻlardi.

Shoir bu olamni tark etganiga 30 yilga yaqinlashganiga qaramay, vaqt toʻzoni shoir nomini yuraklardan oʻchira olmadi, uning oʻziga xos tarzda bitilgan sheʼrlari, turkiy millat qaygʻusida yozilgan otashin misralari, tigʻdor fikru oʻlmas gʻoyalari qalblardan qalblarga koʻchib yashamoqda.

TONG OCHAR KOʻZLARIN…

Tong ochar koʻzlarin erinib,

sevinchdan yigʻlaydi qiyoqlar,

chechaklar jilmayar sevinib,

shamolda choʻmilar giyohlar.

Oʻynoqi shuʼlalar — bolalar

jimgina tarqalar sayxonga,

oʻrgimchak toʻqiydi tolalar,

xonqizi boradi mehmonga.

Qurbaqa varaqlar bayozin,

guldan bol soʻradi arilar,

chigirtka qayraydi ovozin,

parvozda ninachi — parilar.

Chumoli, mehnatkash chumoli,

kuyinma, atrofga bir qara —

maysalar, oh, qanday himoli,

dunyoni qilma koʻp masxara.

OY SINIGʻI

Oy sinigʻi toʻla suvloqqa

sharsharaday quyilar yollar.

Bu yollarni silar mehribon

shabadalar — maʼyus ayollar.

Koʻk yollarin suvga botirib

ne zamonki suv ichar otlar.

Atrofdagi koʻm-koʻk adirlar

oʻtovlarda botirlar yotar…

Biroq tunda oʻt-maysalarga

toʻkiladir kimning yoshlari?

Nega suvdan bechora otlar

koʻtarolmas ogʻir boshlarin?

Nima boʻlgan ularga axir

yo sehrlab qoʻyganmi suvloq?

Nega jimlik bosgan vohada

begʻam uxlar botirlar uzoq?

HAMAL

Erib bitdi poyonsiz qorlar,

yana koʻhna zamin tulladi.

Vodiydagi ulkan oʻriklar

bir kechada oppoq gulladi.

Oq bulutlar yerga qoʻndimi,

moʻjizalar boʻldimi sodir?

Oh, naqadar ajoyib tunda

oq mashʼala ekilgan vodiy.

Endi safsar kechalarda oq

mashʼalalar tutib ulugʻvor

kengliklarda kezar chiroyli

kunduzlarni axtarib bahor.

* * *

Jangda oʻlgan emas biror bahodir,

bari halok boʻlgan xiyonatlardan,

toshday uxlaganda toʻshlarin ochib

yo zahar qoʻshilgan ziyofatlardan.

Biror asotirda bahodirlarni

hattoki yuz boshli ajdar yemagan,

ming bir sinoatli yalmogʻizlar ham

togʻlarni oʻynagan, devlar yengmagan.

Bari halok boʻlgan xiyonatlardan,

bariga orqadan sanchilgan xanjar.

Shunday boʻlib kelgan azal-u azal

Mana shu jafokash, koʻhna Vatanda.

Har gal bahodirlar yiqilar ekan

kurakka sanchilgan nomard tigʻidan,

qayta tirilganday boʻlardi nogoh

har bir bolakayning qorachigʻida.

Ishongil, hech qachon seni aldamas

sofdil elatlarning asotirlari,

birorta bahodir oʻlganmas jangda,

qoʻrqoqlar oʻldirgan bahodirlarni.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер