“Neftchi” ochko yoʻqotdi, “Nasaf” magʻlubiyatga uchradi
7–10-noyabr kunlari Oʻzbekiston Superligasining 28-tur uchrashuvlari boʻlib oʻtdi.
28-tur bahslarida quyidagi natijalar qayd etildi:
“Xorazm” 0:2 “Soʻgʻdiyona”
“Buxoro” 1:1 “Neftchi”
“Qizilqum” 2:1 “Andijon”
“Nasaf” 1:2 “Mashʼal”
“Qoʻqon-1912” 0:0 “Paxtakor”
OKMK 3:1 “Navbahor”
“Bunyodkor” 1:3 “Dinamo”
“Surxon” 1:0 “Shoʻrtan”
Jami 8 ta oʻyindan 3 tasida mezbonlar gʻalaba qozondi, yana shuncha bahsda mehmon jamoalarning ustunligi kuzatildi. 2 ta bahs durang natija bilan yakunlandi. Keling, endi eʼtiborga molik oʻyinlarga alohida toʻxtalamiz.
Qashqadaryo derbisi
Turni boshlab bergan bahslardan birida tomoshabinlar Qashqadaryo derbisiga guvoh boʻlishdi. “Qarshi markaziy” stadionida boʻlib oʻtgan uchrashuvda “Nasaf” klubi “Mashʼal” jamoasini qabul qildi.
Oʻtgan tahlillarimizda “Nasaf” jamoasini qiyin taqvim kutmoqda va bunday sharoitda “Mashʼal” klubidan ochko olish juda muhim ekanini taʼkidlagan edik. Ammo amalda teskarisi roʻy berdi.
“Nasaf” klubida oʻtgan oʻyin bilan solishtirganda 3 ta oʻzgarish amalga oshirildi. Shala, Cheran va Muhammadiyev bu gal zaxirada qoldirildi. Ular oʻrnini Abdurahmatov, Gʻaybullayev va Bozorovlar egalladi. “Mashʼal” tarkibida esa jiddiy oʻzgarishlar kuzatilmadi.
Oʻyin jamoalarning faol hujumlari bilan boshlandi va gollar ham oʻzini koʻp kuttirmadi. 13-daqiqada “Nasaf” jamoasi hisobni ochdi — gol Sharof Muhiddinov hisobiga yozildi. Oradan 2 daqiqa oʻtib, muborakliklar hisobni tenglashtirishdi. Birinchi boʻlim 1:1 hisobi bilan yakunlandi.
Ikkinchi boʻlimda gʻalabaga intilgan “Nasaf” hujumlarni kuchaytirdi. Taym davomida “Mashʼal” posboni Doston Toʻxtaboyev bir necha bor jamoasini aniq golli vaziyatlardan qutqarib qoldi. 85-daqiqada qarshi hujumdan soʻng qarshiliklar jazolandi — “Mashʼal”ning afrikalik legioneri Umar Aminӯ hal qiluvchi golni kiritib, jamoasiga gʻalabani tuhfa etdi.
Shundan soʻng ham “Nasaf” jamoasi hujumlarni toʻxtatmadi, ammo Roʻziqul Berdiyev shogirdlariga vaqt yetmadi.
Shu tariqa “Nasaf” muhim oʻyinda magʻlubiyatga uchradi. Ushbu magʻlubiyatning badali chempionlik imkoniyatidan mahrum boʻlish bilan yakunlanishi ehtimoli katta.
“Neftchi” Buxoroda ochko yoʻqotdi
Vitaliy Levchenko shogirdlari bu gal jiddiy sinovga duch kelishdi. Chempionlik poygasining soʻnggi pallasida koʻplab jamoalar ochko yoʻqotib, sovrinsiz qolganini Superligada koʻp guvoh boʻlganmiz.
Bu safar ham “Neftchi” ochko yoʻqotgan boʻlsada, “Nasaf”ning magʻlubiyatidan soʻng chempionlikka asosiy daʼvogarlikni saqlab qoldi. Jamoa keyingi turda oʻz maydonida Navoiyning “Qizilqum” klubini magʻlub etsa, soʻnggi tur oldidan chempionlikni rasmiylashtirishi mumkin.
Buxoroda boʻlib oʻtgan oʻyinda hisob 51-daqiqada Vladimir Yovovich tomonidan ochildi. Odatda yopiq oʻyinlarda 1 ta gol natijani hal qilgan holatlarni koʻp koʻramiz. Ammo 58-daqiqada Ikrom Aliboyevning qizil kartochka olishi va “Neftchi”ning maydonda bir kishi kam qolishi “Buxoro”ga fursat yaratib berdi.
82-daqiqada mezbonlar hisobni tenglashtirishga muvaffaq boʻlishdi — gol muallifi jamoaning soʻnggi oʻyinlardagi yetakchilaridan biri Dominik Begich boʻldi. Shu tariqa oʻyin 1:1 hisobi bilan yakunlandi.
“Dinamo”dan gʻalaba
Vadim Abramov boshchiligidagi “Dinamo” sovrindor uchun kurashdan chetga chiqib qolgandek edi. Biroq bu turda grand jamoalarning ochko yoʻqotishi samarqandliklarga imkoniyat eshigini yana ochdi. Endi jamoa soʻnggi 3 turda gʻalaba qozona olsa, 2-oʻrin uchun ham daʼvogar boʻlishi mumkin.
“Olimpiya” stadionida boʻlib oʻtgan oʻyinda “Bunyodkor” futbolchisi Imeda Ashortiya 43-daqiqada hisobni ochdi. Bu golga samarqandliklar Jahongir Abdusalomov, Dmitriy Pletnyov va Firdavs Abdurahmonov tomonidan kiritilgan 3 gol bilan javob qaytarishdi.
Muxlislarning stadionlarga tashrifi
28-tur oʻyinlarini jami 29 668 nafar muxlis stadionlarda tomosha qildi. Bu esa har bir uchrashuvni oʻrtacha 3 709 nafar futbol ixlosmandlari kuzatganini anglatadi.
Turda eng koʻp muxlis toʻplagan bahs — “Qoʻqon-1912” va “Paxtakor” oʻyini boʻldi. Ushbu bellashuvni koʻrish uchun “Qoʻqon markaziy” stadioniga 8 571 nafar muxlis tashrif buyurdi.
Eng kam tomoshabin yigʻgan oʻyin esa “Bunyodkor” va “Dinamo” bahsi boʻldi. Betaraf maydonda oʻtgan mazkur uchrashuvni jami 432 nafar muxlis jonli tomosha qildi.
Keyingi tur
Oʻzbekiston Superligasida 29-tur uchrashuvlari 19–22-noyabr kunlari boʻlib oʻtadi. Quyidagi bahslar kutilmoqda:
“Shoʻrtan” — “Buxoro”
“Surxon” — OKMK
“Paxtakor” — “Nasaf”
“Mashʼal” — “Navbahor”
“Dinamo” — “Qoʻqon-1912”
“Andijon” — “Xorazm”
“Soʻgʻdiyona” — “Bunyodkor”
“Neftchi” — “Qizilqum”
Muhammadamin Zuhriddinov (“Xalq soʻzi”)
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Isroil zarbalari oqibatida Gʻazoda 90 dan ortiq kishi halok boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring