Nazariya va amaliyot uygʻunligi
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Soʻnggi yillarda mamlakatimiz sanoati, qurilish industriyasi hamda ishlab chiqarish tarmoqlarini malakali mutaxassislar — muhandis-texniklar bilan taʼminlash boʻyicha tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonlarda yurtimizdagi nufuzli oliygohlardan biri boʻlgan Fargʻona politexnika instituti faol ishtirok etib kelyapti, desak, ayni haqiqat.
Ayni paytda institut fakultetlarida 600 nafardan ortiq yuqori malakali pedagoglar talabalarga bilim berayotir. Taʼlim va fan uygʻunligini taʼminlash, ilmiy tadqiqot ishlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani diqqatga sazovor, albatta.
2023-2024 oʻquv yilida oliygohning ellikdan ortiq bakalavr taʼlim yoʻnalishiga qoʻshimcha tarzda zamonaviy — biotibbiyot muhandisligi, sunʼiy intellekt, bank ishi va audit, yoʻl harakatini tashkil etish, transport logistikasi, qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish, moliya va moliya texnologiyalari, raqamli iqtisodiyot, muqobil energiya manbalari, axborot tizimlari va texnologiyalari, telekommunikatsiya texnologiyalari kabi dolzarb sohalarda malakali mutaxassislar tayyorlashga kirishildi.

Xorijiy davlatlardagi nufuzli OTMlar va xalqaro tashkilotlar bilan yoʻlga qoʻyilgan oʻzaro hamkorliklar natijasida iqtidorli talabalarga taʼlimning maʼlum qismini xorijiy davlatlarda davom ettirish imkonini beruvchi “ECTS”ga asoslangan kredit-modul tizimi joriy etildi.
Nazariya bilan amaliyotni qoʻshib olib borishga asoslangan yangi loyihalar yoshlarga ilm-fan sirlarini mukammal oʻrganish imkonini bermoqda.
Institutda olib borilayotgan islohotlar nafaqat ichki, balki xalqaro mehnat bozorida ham yuqori talab boʻlgan malakali mutaxassislar tayyorlashga yoʻnaltirilmoqda. Shu bois hozirda 110 dan ortiq xorijiy oliy taʼlim muassasalari, yigirmadan ortiq xalqaro tashkilotlar bilan hamkorliklar yoʻlga qoʻyildi. AQSH, Italiya, Fransiya, Germaniya, Koreya, Yaponiya, Rossiya Federatsiyasi, Latviya, Portugaliya, Misr Arab Respublikasi, Buyuk Britaniya kabi davlatlardan kelgan salohiyatli professor-oʻqituvchi va mutaxassislar talabalarga saboq bermoqda.

Bu hali hammasi emas. Institut jamoasining xorijiy davlatlar bilan oʻzaro hamkorliklari natijasida “Times Higher Education” xalqaro reyting tashkilotining “THE Impact Ranking” yoʻnalishi reytingida eʼtirof etilib, umumiy reytingda “1001+” pogʻonadan joy olishga erishildi.
Institutda axborot-resurs markazi fondini yangi oʻquv, ilmiy, badiiy adabiyotlar bilan boyitish, markazning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga muhim yoʻnalishlardan biri sifatida qaralmoqda. Shu bois ayni kunda 300 000 ta kitob fondiga ega boʻlgan zamonaviy Axborot-resurs markazi faoliyatt tubdan yangilandi.
Oʻtgan yilning birinchi yarmida qiymati 89 mln. soʻm boʻlgan 285 nomdagi oʻquv, ilmiy va badiiy adabiyotlar bilan boyitilgan boʻlsa, yilning ikkinchi yarmiga kelib 368 mln. soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan holda 457 nomdagi mutaxassislik fanlari boʻyicha xorijiy oʻquv adabiyotlar 881 nusxada sotib olindi. Natijada professor-oʻqituvchi va talabalarning zamonaviy adabiyotlardan foydalanish imkoniyatlari yanada kengaydi.
Bugunga kelib, 600 nafarga yaqin talabaga xizmat koʻrsatish imkoniyati mavjud boʻlgan, 12 mingga yaqin doimiy aʼzolariga ega Axborot resurs markazining 5 ta oʻquv va elektron zallari zamonaviy talablar asosida jihozlangan va toʻliq Wi-Fi internet tarmogʻiga ulangan.

Institutda kitobxon-yoshlar uchun yaratilgan muxim sharoitlardan yana biri — 280 oʻrinli “Renessans Hall” nomi ostida ochiq kutubxona faoliyatining yoʻlga qoʻyilganidir. Bu yangi loyiha nafaqat talaba-yoshlarga balki, professor-oʻqituvchilar va barcha xodimlarga oʻz ilmiy-ijodiy faoliyatlarini yangicha tashkil etish imkonini berdi.
Institutda davlat xususiy sherikchilik asosida “Spin-off” korxonalari tashkil etilgani, shuningdek, ilmiy va innovatsion ishlab chiqarish hamda turli sohalarga xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan jami 17 ta markaz faoliyati yoʻlga qoʻyilgani ayni muddao boʻldi. Boisi ushbu markazlar bir paytning oʻzida bir necha kafedra va “Spin-off” korxonalarini qamrab oladi. Yaʼni institutning boshqaruv strukturasida markazlar alohida oʻrin egallagan boʻlib, bir vaqtning oʻzida bir nechta kafedralardagi ilmiy-tadqiqot ishlari, malakaviy amaliyot, stajirovkalar markazda olib boriladi.
Bugungi kunda Markaz va “Spin-off” korxonalariga 343 nafar talaba jalb qilingan. Ayni kunda markaz saʼy-harakati bilan institut olimlari Fargʻona viloyati hududidan oqib oʻtuvchi soy va kanallarga umumiy qiymati 8 mlrd. 569 mln. soʻm boʻlgan gidroagregat tipidagi mikroGES kaskadlarini oʻrnatish loyihasi ustida ish olib borishyapti.

Darvoqe, Prezidentimizning tegishli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlangan dasturga asosan, joriy yil davomida Fargʻona politexnika instituti tasarrufidagi binolar tom qismlariga jami 740 kVt/s quyosh panellari oʻrnatish rejalashtirilgan.
Ayni kunda quvvati 270 kVt/s quyosh panellari oʻrnatilib, ichki elektr tarmogʻiga ulandi. Shuningdek, bosh oʻquv binosi, mexanika va mashinasozlik hamda kompyuterda loyihalash tizimlari fakultetlari oʻquv binosi, 1-,5-sonli talabalar turarjoy binolarida muqobil energiyadan foydlanish yoʻlga qoʻyildi. Quvonarlisi, zamonaviy qurilmalarni oʻrnatish, tizimga ulash, ishga tushirish bilan bogʻliq barcha jarayonlar ustoz-murabbiylar, talaba-yoshlar tomonidan amalga oshirildi.
Eng muhimi, bugungi kunda qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosidagi energiya tizimlarining umumiy va texnik salohiyatini baholash bilan bir qatorda, ularning ishlab chiqarish quvvatlarini turli iqlimiy oʻzgarishlarni inobatga olgan holda qisqa va uzoq muddatli ilmiy bashoratlashga yoʻnaltirilgan ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Institut hududida oʻrnatilgan aktinometrik va metrologik stansiya yordamida hudud uchun oʻrtacha soatlik, oʻrtacha kunlik aktinometrik va iqlimiy maʼlumotlar bazasi yaratilmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, Fargʻona politexnika instituti jamoasi zamon bilan hamnafas, desak mubolagʻa emas. Zero, ushbu taʼlim muassasasida amalga oshirilayotgan ishlar, talabalarga yaratilayotgan qulayliklar, tizimda erishilayotgan muvaffaqiyatlar ana shundan dalolat beradi.
Shodiyor MUTAHAROV
(“Xalq soʻzi”).
Montaj va tasvirlar ustasi
Akmal Muhammadiyev (“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Dunyo boʻylab qon va koʻzyosh bilan oʻtgan bir hafta — 20 ta suratda
- “Analog turmush tarzi”. Insonlarda sunʼiy intellektga qarshi kayfiyat kuchaymoqda
- Oʻzbekiston dunyodagi sayyohlar oqimi eng tez oʻsayotgan yetti mamlakatdan biri — BMT hisoboti
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring