Navroʻz — boqiy bayram

19:55 20 Mart 2021 Madaniyat
811 0

Yurtimizda ayni kunlarda tabiat uygʻonib, goʻzal diyorimizga barchamiz orziqib, sogʻinib kutgan Navroʻzi olam kirib kelmoqda. Ayniqsa, tinchlik va sogʻliqni ulugʻlaydigan, hayotni, yasharish va yangilanishni sharaflaydigan bayram — Navroʻzning bu yilgi qadri oʻzgacha. Chunki oʻtgan yili butun insoniyat boshiga kelgan sinovlar bizning yurtimizni ham chetlab oʻtmadi. Azaldan pok niyati va yorugʻ umidiga tayangan olijanob xalqimiz oʻz mehnati va matonati, ulkan sabr-toqati, ogohligi bilan bu sinovlardan ustun keldi.

Ha, Navroʻzning butun mohiyatida xalqimizning ezgulikparvar qalbi namoyon boʻladi. Ming yillar davomida maʼnaviy hayotimizning koʻrku ziynati boʻlib kelayotgan bu ajoyib, xosiyatli bayram bugun qalblarimizga yana cheksiz quvonch va zavq bagʻishlamoqda.

Navroʻz qadim va boqiy bayram. Xususan, Navroʻz haqida “Avesto”da shunday bitiklar bor: «Zardoʻshtiylar eʼtiqodiga koʻra, koʻklam giyohlari unib, daraxtlar kurtak ota boshlagach oʻsha atrofdagi qora kuchlar mahf boʻlgan».

Taʼkidlash joiz, Abu Rayhon Beruniy Navroʻz tarixi borasida Sosoniylar (226-650) davlati davridagi ajoyib bayram tantanalaridan rivoyatlar soʻylaydi. U yilning ayrilishini ilmiy asosda isbotlab bergan olimlardan sanaladi. Alisher Navoiy kun bilan tenglashgan (Quyosh taqvimi bilan 21-mart) pallani shunday izohlaydi:

Yuz ochib bildirdi qad birla sochi teng erkanin,
Zohir oʻlgʻondek tunu kun tengligi Navroʻzdin.

Umar Xayyom «Navroʻznoma» asarida shunday deydi: “Qachonki, Hamal qoshidan oʻz aylanish davri boʻylab yoʻlga chiqqan oftobni osmon yana uyiga qaytarib keltirsa, uning boshqatdan falak sayriga chiqishdan boshlab olamni oʻzgartirib yuboradigan yangi tarix boshlanadi”. Al-Hakim at-Termiziy esa oʻzining «Navroʻznoma» asarida Navroʻz va Navroʻz bayrami tafsilotlari barobarida uning kelishi haftaning qaysi kunlarida toʻgʻri kelsa, yilning qanday kechishini, dehqonchilik, savdo-sotiq hamda boshqa sohalarda tabiat va zamonning avzoyini osmon yoritgichlari harakatlari orqali asoslab beradi va kitob haqida: «Toki har kim oʻqisa, taqvimga muhtoj boʻlmas va harchand (qancha) zamon oʻtsa ham bu nusxa mansux (eski) boʻlmas» – deydi.

Bugungi kunda Navroʻz oʻzining umuminsoniy gʻoyalari bilan bashariyat hayotidan tobora chuqur oʻrin egallamoqda. Barchangizga ayonki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining qarori bilan 21-mart — butun dunyoda Xalqaro Navroʻz kuni sifatida keng nishonlanmoqda.

Navroʻzni shodiyona qilayotgan xalqimiz bugun “Har kunimiz Navroʻz boʻlsin!” degan ezgu tilaklarini qayta-qayta bildirmoqda.

Aholi farovonligi, yurtimiz ravnaqi ustuvor maqsad boʻlgan shiddatli islohotlarimizda ham Navroʻz ruhi bor goʻyo! Bu ezgu oʻzgarishlar ham odamlar hayotiga xush yangiliklar olib kirmoqda.

Fursatdan foydalanib, aziz yurtdoshlarimizni Navroʻzi olam bilan samimiy muborakbot etaman.

Jonajon diyorimiz ulkan toʻyxonaga aylanib, hamisha shodlik, yaratuvchanlik mehnati, bunyodkorlik, xalqning baxtu saodati tantana qilaversin.

Ulugʻ ayyom muborak boʻlsin!

Mavjuda HASANOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?