Navoiyning onasi kim boʻlgan?
Alisher Navoiyning oʻzi urugʻ-aymogʻi borasida deyarli, maʼlumot qoldirmagan. Faqat togʻalari Mir Said Kobiliy va Muhammad Ali Gʻaribiy, ukasi Darvishali haqida “Majolis”da biroz toʻxtaladi, u ham boʻlsa, tazkira talabi nuqtayi nazardan juda qisqa. Otasi toʻgʻrisida mavzu talab qilganda gapirishga majbur boʻlgan joylari bor. Masalan, “Majolis”da Mir Shohiy nomli shoir jasadi Astroboddan vatani Sabzavorga olib kelingan paytda otasi bu yerda hukumat ishlarini boshqarib turganini aytib oʻtadi. Uning qancha hokimlik qilgani va Alisherlar oilasining Sabzavordagi hayotiga doir boshqa maʼlumot keltirilmagan. “Badoeʼ ul-bidoya”da “otam bu oston xokbezi, onam ham bu saroy boʻstoni kanizi”, – deb ularning temuriylar xonadoni xizmatida boʻlganliklarini kamtarona taʼkidlab oʻtgan. “Vaqfiya” asarida “bu xoksorning ota-bobosi Sulton Husayn Boyqaroning obo va ajdodi xizmatidakim, har bir saltanat konining gavhari va shujoat beshasining gʻazanfari erdilar – ulugʻ marotibqa sazovor va biyik manosiq komgor boʻlgʻan erdilar”, – deya oʻzining nasb-nasabiga ishora etgan. Ammo negadir biron-bir asarida ota-onasi haqida aniq maʼlumot qoldirmagan. Hatto uning nomini hech qayerda tilga olmaydi. Tarixchi Abdurazzoq Samarqandiy “Matlai saʼdayn va majmai bahrayn” asarida shunday yozadi: “... Amir Alisherdirkim, qadim zamonlardan uning mukarram bobolari va ajdodi oliy amirlar qatoridan joy olgan edilar. Umarshayx mirzo ibn Amir Temur davrida ularning hayoti lavhiga koʻkaldoshlik baxti eʼtibor qalami bilan yozib qoʻyilgan”. Ushbu asar hijriy 872 (mil. 1467-1468) – 874 (1964-1470) yillar orasida yozib tugatilgan va hijriy 875 (mil.1470) yili muallif uni yana davom ettirib, oʻsha yilning safar oyida (1470, avgust) roʻy bergan voqealarni ham qoʻshgan. Asarning navoiyshunoslik uchun ikki ahamiyatli jihati bor. Birinchidan, u Alisher Navoiy nomini tarixda ilk bor yozma qayd etgan manba hisoblanadi. Shuning uchun undagi Navoiy hayotiga aloqador maʼlumotlar tarixiy fakt sifatida muhim. Maʼlumotlar qisqa axborot tarzda keltirilsa ham ulugʻ mutafakkir hayotini oʻrganishda katta ahamiyatga ega. Ikkinchidan, asar Navoiy nazorati ostida yakunlangan. Demak, Navoiy oʻz haqidagi qaydlarni koʻrgan. Maʼlumotni nihoyatda qisqa berilishiga qaraganda, Navoiyning oʻzi shuni maʼqul topgan boʻlishi mumkin. Balki shuning uchun ham oʻsha davr manbalarida, ayniqsa, Navoiyning yaqin shogirdi, muarrix Xondamirning barcha tarixiy asarlarida ular deyarli, aynan, takrorlanib ortiqcha tafsilot bilan boyitishga jurʼat etilmagandir.
Davlatshoh Samarqandiy ham negadir oʻz tazkirasida Navoiyning otasi toʻgʻrisida juda qisqa toʻxtaladi. “Navoiyning otasi Abdulqosim Boburning ishonchli kishisi Chigʻatoy ulusi ulugʻlaridan edi”, – deyish bilan kifoyalanadi. Ayni paytda u Navoiyning otasi harbiy boʻlganini taʼkidlab oʻtgan.
Tadqiqotlar natijasida Alisher Navoiy davrida yaratilgan turli janrlarga mansub asarlarning birortasida ham ulugʻ amirning otasi haqida yetarli maʼlumot keltirilmaganiga ishonch hosil qildik. Shunisi taajjubliki, Navoiy vafotigacha yaratilgan barcha asarlarda Navoiyning otasi borasida yuqoridagi maʼlumotlarga qoʻshimcha boʻladigan fakt yoʻq. Hatto “Ravzat us-safo” asarida uchramaydi. Navoiyning oʻz ajdodi borasida qoldirgan mavhum maʼlumotlari va koʻkaldoshlik manbalarini aniq izohlab ketmaganligi uning nihoyatda kamtarona yoʻl tutgani va kibru gʻururga berilmagani bilan izohlanar balki.
1501-yili Navoiy vafot etadi. Shundan keyingi davr manbalarida Navoiy haqidagi qiziqarli maʼlumotlarni koʻrish mumkin. “Habib us-siyar”da birinchi marta Navoiy otasining ismi tilga olinadi. Jumladan, Mirzo Ibrohim tomonidan Abu Saʼid mirzo huzuriga elchi yuborilganda ularga hamrohlik qilish Amir Alisherning otasi Gʻiyosiddin Kichkinaga topshirilganligi aytiladi.
Shu oʻrinda olimlarning ulugʻ amir xislatlari va faoliyatiga bagʻishlangan Xondamirning maxsus asari– “Makorim ul-axloq” shoir vafotidan soʻng yozilgan degan fikrini yana bir bor chuqur oʻylab koʻrish kerakka oʻxshaydi. Shunday deb hisoblangan taqdirda “Habib us-siyar”da Navoiyning otasi haqida qoʻshimcha maʼlumot berishga jurʼat etgan Xonadamir “Makorim ul-axloq”da ham erkin fikr yuritishi mumkin edi. Lekin muallif Shohrux sulton vafotidan soʻng Navoiyning otasi bola-chaqasi bilan Sheroz tomonga yoʻl olganini ayta turib, uning nomini tilga olmaydi. Balki “Makorim ul-axloq” Navoiy vafotidan avval yozila boshlagandir. Shuning uchun ham Xondamir asarda ustozi belgilab bergan chegaralardan chiqmagandir? Qizigʻi shundaki, “Ravzat us-safo”da ham Navoiy otasining nomi tilga olinmagan. Bu asar Navoiyning oʻz nazorati ostida yozilgani manbalarda tasdiqlangan. Demak, Navoiy ongli ravishda ota-onasi haqidagi tafsilotlarning berilishini xohlamagan koʻrinadi. Sadriddin Ayniy yozadi: “Shoxruh mirzo saltanati davridagi katta amaldor va dong chiqargan lashkarboshilar tarixiy asarlarda nomma-nom qayd etilgan. Agar Alisherning otasi katta amaldorlar jumlasidan boʻlganda edi, u davr tarixchilari nazaridan, xususan, “Ravzat us-safo” nomli tarixiy asarni yozgan Mirxondning nazaridan qolmas edi”.
Faxriy Hirotiyning “Latoifnoma”sida yoziladi: “Mirning tarjimayi holidan xabardor moʻysafid tarixchilar va toʻgʻri soʻzli dunyo koʻrganlar oʻz asarlarida shunday keltiradilarkim Mirga amirlik mansabi merosiydir. Uning otasi Amir Kichkina sulton Abu Saʼidning xizmatida edi. Garchi muhru mansabi boʻlmasa hamkatta hurmatga ega edi. Ona tomondan bobosi Amir Shayx Abu Saʼid Chang Mirzo Boyqaro xonadonida amir ul-umaro edi. Mir oʻn yoshligidan Bobur mirzo xizmatida boʻlib, (sulton) uni farzandidek koʻrardi. Mir zamon sultoni (Husayn Boyqaro) bilan maktabda hamsuhbat va hamsaboq edi. Ular qachon boshlariga baxt qushi qoʻnsa, bir-birlarini unutmaslikka ahdu paymon bogʻlashgan ekan”. Faxriyning tazkirasi Navoiy vafotidan soʻng – 1521-1522-yili yaratilgan. Tazkira muqaddimasidagiishoraga qaraganda, u mazkur maʼlumotlarda kimdir suyangan. Balki Faxriy bizgacha yetib kelmagan qandaydir manbaga asoslangandir. Bu bizga qorongʻi. Biroq uning Navoiy bilan shaxsan tanish boʻlgani va mushoarlarida qatnashgani uning maʼlumotlari ishonchli ekaniga shuhba tugʻdirmaydi. Shunga qaramay, nega Navoiyning ona tomonidan bobosi ismini koʻrsatib, ota tomoniga eʼtibor bermagani taajjublanarli. Bu esa Xondamir asarlaridagi maʼlumotlar ruhiyatiga mantiqan bogʻlanmaydi. Gap shundaki, Faxriy Abu Saʼid Changni Boyqaro xonadonida amir ul-umaro edi, deb koʻrsatar, uning Navoiyga ona tomondan bobo ekanini taʼkidlar ekanmi, Navoiy oʻzi eʼtirof etgan “ota-otadan yetti pushtgʻa degincha bu rafiʼ dudmonning boyiri bandasi va bu vasiʼ ostonning mavrusi tugʻmasi, yaʼni bu xonzodaning xonavodasi va bu xonavodaning xonazodasi”, degan mulohazaga binoan ota tomoni ajdodlari haqida ham albatta, maʼlumot berib oʻtishi joiz edi. Bunday maʼlumotning yoʻqligi Navoiyning ota tomondan ajdodlari haqida aniq fikr yuritish imkonini bermaydi.
Shuhrat SIROJIDDINOV,
filologiya fanlari doktori, professor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring