Navoiyda “Smart Xitoy tili taʼlim markazi” va Xinwei instituti ochildi

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Navoiy davlat universiteti va Xitoyning “Geely Holding Group” korporatsiyasi oʻrtasida tuzilgan shartnomaga asosan Navoiy shahrida “Smart Xitoy tili taʼlim markazi” ochildi.
Tantanali marosimda Navoiy davlat universiteti rahbariyati va Xitoyning yetakchi “Geely Talent Development Group” hamda “Geely Auto Group” kompaniyalari vakillari, investorlar ishtirok etdi.
Tadbirda universitet rektori Muhiddin Kalonov Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi hamkorlikka toʻxtalar ekan, aloqalar barcha sohalarda shiddat bilan mustahkamlanib borayotganligi xorijiy tillar, xususan, xitoy tilini oʻrganishni taqozo etishini taʼkidladi.
— Bugungi kunda birgina Navoiy viloyatida Xitoy kapitali ishtirokida 82 ta korxona faoliyat yuritmoqda, — deydi M. Kalonov. — Viloyatning Xitoy bilan tashqi savdo aloqasi 217,5 million dollarni tashkil etmoqda. Birgina joriy yilning oʻzida qator investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Ular orasida ilm-fan va taʼlim sohasidagi loyihalar ham bor. Tabiiyki, bu til oʻrganish markazi va uning zamonaviy infratuzilmasini yaratishni talab etadi. Tadbirda soʻzga olgan mehmonlar ushbu markazning ochilishi ikki mamlakat oʻrtasidagi har tomonlama doʻstona munosabatlarning yaqqol ifodasi ekanini qayd etdi. Bu oʻz-oʻzidan investitsiyalar oqimining barqarorligi va inson kapitalining yuksalishida muhim omil boʻlib xizmat qilishini taʼkidladi.
Markazda talabalar xitoy tilini zamonaviy texnologiyalar asosida — interaktiv oʻrganish imkoniyatiga ega boʻladi. Shuningdek, taʼlim muassasasida sunʼiy intellektga asoslangan xalqaro standartlarga mos gibrid taʼlim moduli yaratiladi. Bu markaz keng qamrovli dasturlarni, jumladan, qoʻshma taʼlim, qisqa muddatli malaka oshirish kurslari, talaba va professor-oʻqituvchilar uchun tajriba almashinuv dasturlarini qamrab olishi belgilangan.
Shundan soʻng xitoylik investorlar ishtirokida universitet qoshida faoliyati yoʻlga qoʻyilayotgan Xinwei institutining ochilish marosimi ham boʻlib oʻtdi.
Mazkur institut nafaqat xitoy tili va madaniyatini chuqur oʻrganish, balki inson kapitali uchun muhim boʻlgan ilmiy almashinuv, qoʻshma dasturlar va malaka oshirish imkoniyatlarini ham kengaytirishi bilan ahamiyatlidir.
Xitoylik hamkorlar tomonidan yangi institut uchun zarur boʻlgan oʻquv-uslubiy materiallar va texnik jihozlar taqdim etildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring