Navoiyda ortoped va travmatologlarning xalqaro anjumani boʻlib oʻtdi

18:48 16 Oktyabr 2023 Jamiyat
638 0

Navoiy shahrida Oʻzbekiston Respublikasi travmatolog-ortopedlarining “Yirik boʻgʻimlar jarohatlari va ortopedik kasalliklarini davolashning innovatsion usullarini tatbiq qilish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumani boʻlib oʻtdi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi, Respublika ortopediya va travmatologiya ilmiy-amaliy markazi hamda Navoiy viloyati hokimligi hamkorligida oʻtkazilayotgan ushbu anjumanda respublikamizning barcha hududlaridan mutaxassis shifokorlar va 20 ga yaqin davlatning 30 dan ortiq mamlakatlarning olim va ekspertlari, hududiy tibbiyot muassasalari rahbarlari ishtirok etishdi.

Anjuman avvalida ishtirokchilar bugungi kunda respublikamiz hamda jahon travmatolog va ortopedlari foydalanayotgan tibbiy texnologiyalar koʻrgazmasi bilan tanishishdi.

Shundan soʻng yalpi majlis oʻz ishini boshlab, travmatologiya va ortopediya sohasining dolzarb muammolari boʻlgan – tayanch-harakat aʼzolarining jarohatlari hamda kasalliklarining oldini olish, tashxislash va davolash; osteosintezning eng yangi zamonaviy usullari; yirik boʻgʻimlarning artroskopiyasi va endoprotezlash; umurtqa jarrohligi, bolalar travmatologiyasi va ortopediyasi masalalari; osteoporoz muammolari kabi masalalarda maʼruzalar tinglandi.

Xususan, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murodjon Irismetov oʻz maʼruzasida mamlakatimizda travmatologiya va ortopediya sohasining bugungi holati va rivojlanishi istiqbollariga toʻxtalib, soʻnggi yillarda suyak va boʻgʻim kasalliklari hamda sinishlari diagnostikasi boʻyicha zamonaviy texnologiyalarning amaliyotga tatbiq etilishi, bunday diagnostika usullariga – KT, MRT, UT — skanerlash, endoprotezlash, artroskopiya, bundan tashqari, samarali xirurgik davo usullariga – katta boʻgʻimlarni endoprotezlash, transpedikulyar fiksatsiya, yelka boʻgʻimida atroskopik jarrohlik amaliyotlari, bel umurtqalari disk churrasini endoskopik olib tashlash, bloklovchi osteosintez kabi diagnostika va davolash amaliyotlarida Oʻzbekiston olimlarining ilmiy izlanishlari va ularning samaralarini eʼtirof etdi.

— Bugungi kunda umurtqa pogʻonasi va katta boʻgʻimlar jarrohligida kam invaziv texnologiyalarni tatbiq etish oʻta muhim hisoblanadi, — deydi M. Irismetov. — Boisi umurtqa pogʻonasi va katta boʻgʻimlardagi endoskopik jarrohlik amaliyoti bemorlarni statsionar sharoitda davolash muddatlarining qisqarishini taʼminlab, eng qisqa muddat(5-6 kun)larda mehnatga layoqatlilikning tiklanishiga olib keladi.

Anjuman seksiyalarga boʻlingan holda oʻz ishini davom ettirdi. Ularda 100 dan ortiq mavzularda maʼruzalar tinglanib, umurtqa pogʻonasi jarrohligi va artroskopiya boʻyicha master klass oʻtkazildi.

Maʼruzalarni muhokama qilish jarayonida soʻnggi yillarda Oʻzbekiston travmatolog-ortopedlari tomonidan olib borilgan ilmiy tadqiqotlar yakunlari va ularning amaliy natijalari umumlashtirildi. Sohani yanada rivojlantirish yoʻllari va kelgusi yillar uchun ilmiy izlanishlarning istiqbolli yoʻnalishlari belgilab olindi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?