Navoiyda festival ishtirokchilari “Xayrlashmaymiz, uchrashguncha!” deya unga yakun yasashdi

23:15 18 Iyun 2021 Jamiyat
1165 0

Soʻnggi uch kun va uch tun navqiron Navoiy “Oʻzbekiston Yoshlari birlashaylik!” shiori ostida oʻtayotgan festival shukuhi ogʻushida boʻldi. Festival ishtirokchilari dastlab, shahar markazidagi Alisher Navoiy haykalini ziyorat qilib, poyiga gulu gulchambarlar qoʻydilar.

Festivalning dasturidan oʻrin olgan ellikka yaqin loyiha asosida shaharning yetti nuqtasida marafon, koʻrik tanlov, turli sport musobaqalari, xalq oʻyinlari, koʻrgazmalar, bahs-munozara, mushoira va uchrashuvlar tashkil etildi. Uch kun davomida oʻtkazilgan tadbirlarga viloyatning 300 mingga yaqin yoshlari qamrab olindi. Yoshlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga alohida eʼtibor qaratilib, festival doirasidagi tadbirlarga “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” hamda “Temir daftar”ga kiritilgan oila farzandlari, ishsiz yoshlar, profilaktika-probatsiya hisobiga olingan, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar keng jalb qilindi.

Xalq taʼlimi boshqarmasi tizimidagi taʼlim muassasalari festival dasturidan oʻrin olgan aksariyat tadbir va koʻrgazmalarning ijodkori, desak mubolagʻa emas. Aytaylik, birgina Karmana tumanidagi 30-maktab jamoasi yettita loyiha boʻyicha oʻz ishlanma va iqtidorlarini namoyish etishgan boʻlsa, olis Tomdi, Uchquduq va Konimex tumanlarining chekka ovullaridagi taʼlim dargohlari yoshlari ham oʻzlarining turli yoʻnalishlarda erishgan yutuqlarini, avloddan avlodga oʻtib kelayotgan milliy qadriyat va anʼanalarini tengdoshlari eʼtiboriga havola qildilar.

Shaharning “Ilm-maʼrifat” bogʻida tashkil etilgan yosh ijodkorlarning “Duel” loyihasi ayniqsa, kattayu kichikning birdek eʼtiborini tortdi. Uning doirasidagi mushoiraga Oʻzbekiston Xalq shoiri Mahmud Toyirning tashrifi chinakam sheʼrxonlik bayramiga aylanib ketdi.

Shuningdek, ushbu bogʻda tashkil etilgan “Shoir va yoshlar uchrashuvi” loyihasida navoiylik yosh ijodkorlar, oʻqituvchilar, mahalla faollari, sheʼr va adabiyot ixlosmandlari shoir ijodining eng soʻnggi namunalaridan bahramand boʻldilar. Oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Mushoira uyushtirishib, ustoz shoirni bahsga chorlashdi. Yoshlar oʻz mashqlaridan oʻqishib, ustozning tavsiya va oq fotihalarini olishdi. Kuy-qoʻshiq va taronalar uchrashuvga fayz bagʻishladi.

Yoshlarning katta avlod bilan maroqli uchrashuvlaridan yana biri NKMK Bosh direktori Quvondiq Sanaqulov bilan “Zamonamiz qahramonlari” loyihasi asosida boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda Oʻzbekiston Qahramonlari Q. Sanaqulov va F. Soyibovlar yoshlar bilan yuzma-yuz muloqot qilishgan boʻlsa, navoiylik yana bir Qahramon konchi Anatoliy Paninning festival ishtirokchilariga tilaklari video orqali yetkazildi. Uchrashuvda yurtning fidoyi farzandlari mamlakatimizda qahramonlik uchun har bir oʻgʻil-qizda imkoniyat mavjudligi xususida soʻzlab, buning yoʻli, mehnat, izlanish va qatʼiyat ekanligini uqdirdilar.

Festivalda viloyat hokimi, viloyat prokurori, IIB boshligʻi, DXXB boshligʻi, Bojxona boshqarmasi, Soliq boshqarmasi boshliqlari kuboklari uchun sportning voleybol, gandbol, mini-futbol turlari hamda “Street workout“, ”Cybersport” koʻrinishlari boʻyicha musobaqalar oʻtkazilib, gʻolib va sovrindorlar munosib ragʻbatlantirildi.

Festivalning tungi dasturlaridan mamlakatimiz sanʼat ustalari va badiiy jamoalarining gala konsert dasturlari oʻrin olib, shahar markazidagi «Yoshlar koʻli»da ustida festival bahona qurilgan sahnadan “Bahor” simfonik orkestri va Qoraqalpogʻiston xalq artisti, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Jenisbek Piyazov jonli ijroda kuylab, barchaga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.

— Har qanday festival jamoa yakdilligi, birdamligi ifodasi, — deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshligʻi, senator Jamshid Xodjayev. – Albatta, uning samarasini oʻz atrofiga qancha yoshlarni birlashtirgani emas, balki keyinchalik ishtirokchilar qalbida yoqqan faollik, daxldorlik olovining tafti davomiyligi bilan belgilanadi. Shu boisdan festivalga yakun yasalar ekan, xayrlashmaymiz, balki uchrashguncha, deb qolamiz. Sababi ishtirokchi yoshlarning hayot yoʻli hali juda koʻplab tadbirlar, sinovlar va tantanalarda kesishadi.

Festival yoshlarning sevimli xonandalari ishtirokidagi gala konsert, «Dronlar shousi» hamda bayram mushakbozligi bilan nihoyasiga yetdi.

Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?