Navoiy viloyatida kiberjinoyatchilik 35 barobarga ortgan

16:37 11 Fevral 2025 Jamiyat
195 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashining navbatdagi oltinchi sessiyasida viloyatda qonun ustuvorligini taʼminlash, huquq-tartibotni mustahkamlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlarning 2024-yil yakunlari koʻrib chiqildi.

Kun tartibidagi masala boʻyicha viloyat prokurori va viloyat adliya boshqarmasi boshligʻining axboroti hamda viloyat IIB boshligʻining hisoboti tinglandi.

Taʼkidlandiki, mamlakatimiz Prezidenti tomonidan mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, fuqarolarning tinchligi va osoyishtaligini taʼminlashga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilishi va tizimli islohotlarning amalga oshirilishi tufayli viloyatning 330 mahallasidan 111 tasida 2024-yili birorta ham jinoyat sodir etilmagan. Hududda bosqinchilik, qasddan ogʻir tan jarohati yetkazish, bezorilik, talonchilik, transport vositasini olib qochish kabi turdagi jinoyatlar sodir etilishi sezilarli darajada kamaygan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jinoyatlarni aniqlash amaliyoti 30 foizga yaxshilangan. Yoshlar, ayollar va ishsizlar tomonidan jinoyat sodir etilishi kamayishiga erishilgan.

Biroq viloyatda jinoyatchilikni jilovlash borasidagi ishlar hali koʻngildagidek emasligini oldi olinishi lozim boʻlgan jinoyatlar soni 2023-yilga nisbatan ikki foizga oshganligida ham kuzatish mumkin. Xususan, qotillik, firibgarlik, oʻgʻirlik jinoyatlari 140 foizga qadar oshganligi jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasidagi tadbirlar ayrim hududlarda toʻlaqonli yoʻlga qoʻyilmaganligini ifoda etadi.

— Fuqarolarimizning soddaligi va ochiqkoʻngilligidan ayrim nopok shaxslar tomonidan foydalanish oqibatida viloyatda kiberjinoyatchilik 2023-yilga nisbatan 35 baravarga, yaʼni 52 tadan 1810 taga oshdi, — deydi viloyat IIB boshligʻi Azat Tasbayev. — Ushbu jinoyatlarning sodir etilishi holatlarga qarasak, deyarli barchasi bir xil — bir-biridan olis masofadagi shaxslar axborot texnologiyalari orqali munosabatga kirishib, mablagʻini oʻzlashtirib olishmoqda. Sodir etilgan ushbu jinoyatlarning 75 foizi internet tizimi yaxshi yoʻlga qoʻyilgan Navoiy, Zarafshon shaharlari va Karmana va Xatirchi tumanlari hissasiga toʻgʻri keladi.

Sessiyada huquq-tartibot idoralari mutasaddilariga kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda profilaktika ishlarini kuchaytirish va aholining kibersavodxonligini oshirish boʻyicha targʻibot tadbirlarini kengaytirish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Sessiya kun tartibidagi masalalar boʻyicha oʻz qarorlarini qabul qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер