Navoiy shahrini xotin-qizlar jinoyatidan xoli hududga aylantirsa boʻladimi?
Illyustrativ foto
Dabdurustdan eshitgan odam bu gapga aniq javob berishga qiynaladi. Boisi ijtimoiy tarmoqlar boʻrttirib, oshirib-toshirib eʼlon qilayotgan maishiy mojarolarning bir qismi xotin-qizlar bilan bogʻliq. Shundan boʻlsa kerak, alohida bir hududni bir jins jinoyatidan muhofaza qilish oson ish emas. Lekin urinib koʻrsa foydadan xoli boʻlmaydi, nazarimda.
— Hammasi viloyatimizda oʻtkazilgan IIV Jamoat xavfsizligi departamenti huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmatining “Oila xotirjamligi – xalq tinchligi” forumidan boshlangan edi, — deydi Navoiy viloyati IIB JXX HPB katta inspektori, podpolkovnik Mahliyo Mirzayeva. — Oʻshanda viloyat oʻzini oʻzi boshqarish organlaridagi mahallalar beshligining hududda jinoyatchilik va huquqbuzarliklar hamda oilaviy ajrim va nizolarning oldini olish borasidagi faoliyatini respublikaning barcha hududlarida joriy qilish taklifi ilgari surilgan edi.
Shu asosda Navoiy viloyatida xotin-qizlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning tahlillaridan kelib chiqib, Ichki ishlar vazirligi hamda Navoiy viloyat hokimligining qoʻshma qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan tasdiqlangan Yoʻl xaritasida Navoiy shahridagi 36 ta mahallaga korxona va tashkilotlar biriktirilib, mahalla fuqarolar yigʻini raislari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari va profilaktika inspektorlari tomonidan shahar hududida xotin-qizlar oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilandi.
Taʼkidlash joiz, bunday “vazifalar belgilash”, “biriktirish” kabi tadbirlar aslida yangilik emas. Bu safar esa biriktirilgan korxona va tashkilotlar hamda mahalla beshligiga shahar hududida xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini olish, xotin-qizlarning huquqlari kafolatlarini taʼminlash, ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan targʻibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish, ularni qiynayotgan ijtimoiy-maishiy muammolarini oʻrganish, tahlil qilish va ularga davlat koʻmagi koʻrsatilishi kabi masalalarda birvarakayiga amaliy ishlar ham olib borildi.
— Viloyat IIB va tizimdagi boʻlinmalar xodimlari tomonidan “Navoiy tajribasi”ni yaratish borasida “Navoiy shahrini xotin-qizlar jinoyatidan holi hududga aylantiraylik” shiori asosida olib borilayotgan keng qamrovli targʻibot-tashviqot tadbirlari doirasida shahar boʻyicha 779 ta koʻp qavatli uy va 59 248 ta xonadon deyarli toʻliq oʻrganib chiqildi, — deya davom etadi M. Mirzayeva. — Mazkur oʻrganishlarda aholining 1951 ta muammolari aniqlandi. Shundan, 332 tasi bandlik bilan bogʻliq boʻlsa, 316 tasi tibbiy yoʻnalishdagi muammolar, 22 tasi mavjud uy-joylarni taʼmirlash, 142 tasi uy-joy taʼminoti, 586 tasi moddiy taʼminot, 22 tasi oilaviy nizo, 13 tasi oiladagi nosogʻlom muhit sabab boʻlayotgan omillar, 203 tasi ijtimoiy xizmatlar bilan bogʻliq, 9 tasi tazyiq va zoʻravonlik holatlari, 306 tasi boshqa holatlar bilan bogʻliq muammolar ekanligi aniqlandi. Har bir muammo yechimi boʻyicha aniq muddatli va manzilli vazifalar belgilandi. 100 ga yaqin muammo joyida hal qilindi. Jumladan, himoya orderi berilishi, nizoli oilalar muhokamasi, oila aʼzolaridan birining majburiy davolanishga yuborilishiga erishildi. 102 ta muammo esa mahalla hududida aniqlanib, ularning hal etilishi boʻyicha tegishli tashkilotlarga maʼlum qilindi.
Shuningdek, oʻrganishlarda 496 nafar turli profilaktik hisob toifasiga mansub shaxslar xususida toʻliq maʼlumot olinib, ularning 94 ta muammosi aniqlandi. Shundan, 24 ta muammo IIB xodimlari tomonidan joyida bartaraf etildi.
Xulosa sifatida taʼkidlash lozim, olib borilgan tadbirlar natijasida 2023-yilning 5 oyida Navoiy shahridagi 36 ta mahalladan 15 tasida xotin-qizlar tomonidan jinoyat sodir etilmadi. Demak, qolgan yigirma bittasida ham bunga erishish, shaharni esa xotin-qizlar jinoyatidan xoli etish uchun imkoniyatlar mavjud.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring