Navoiy kon metallurgiya kombinatida mahsulot tannarxi 5,5 foizga pasayishiga erishildi

20:22 28 Iyul 2023 Jamiyat
508 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Bu haqda aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2023-yilning birinchi yarim yilligida erishilgan asosiy natijalar va joriy yil yakuniga qadar belgilangan vazifalarga bagʻishlangan Matbuot anjumanida maʼlumot berildi.

Anjumanda kombinat bosh direktorining iqtisod va moliya masalalari boʻyicha oʻrinbosari Shuhrat Aminov axborot berib, hisobot davrida kombinat tomonidan 31,6 trln. soʻmlik (rejaga nisbatan 110,4 foiz) sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgani, jumladan, oltin ishlab chiqarish boʻyicha prognoz koʻrsatkich 100 foizga, kumush ishlab chiqarish prognozi esa 100,5 foizga bajarilganini taʼkidladi.

— Investitsiya dasturi doirasida 255 mln. AQSH dollari miqdorida mablagʻlar oʻzlashtirilib, 11 ta investitsiya loyihalari amalga oshirildi, — dedi Sh. Aminov. — Xususan, “Pistali” konida oltin tarkibli maʼdanlarni qazib olish va qayta ishlash majmuasini qurish (6-son GMZ) investitsiya loyihasining birinchi bosqichi foydalanishga topshirildi. Bugungi kunda mazkur zavodning ikkinchi bosqichini ishga tushirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Yil yakuni bilan qiymati 408,8 mln dollar boʻlgan 5 ta loyiha ishga tushiriladi.

Shuningdek, korxonada mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarish hajmi 324 mlrd. soʻmni tashkil etib, 154 ta loyiha boʻyicha mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish evaziga oʻtgan yilning mos davriga nisbatan oʻsish surʼati 115 foizga yetdi. Kombinat quvvatlarida 868 ta yangi ish oʻrinlari tashkil qilindi. Sof foyda 7,8 trln. soʻmni tashkil qilib, byudjetga 14,1 trln. soʻm soliq va dividendlar toʻlandi.

Korxonada bugungi kunda transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish maqsadida bosh direktorning transformatsiya boʻyicha birinchi oʻrinbosari lavozimi hamda loyiha ofisi tashkil etilgan.

— Transformatsiyaning maqsadlari va ustuvor yoʻnalishlarini belgilaydigan “NKMK” AJning 2023-2025-yillarga moʻljallangan transformatsiya dasturi tasdiqlangan, — deydi AJning byudjetlashtirish va kontroling boʻlimi boshligʻi Umidjon Kostayev. — Dasturga muvofiq kombinatda xomashyo bazasini rivojlantirish, asosiy ishlab chiqarish va yordamchi jarayonlarning operatsion samaradorligini oshirish, raqamlashtirishni keng joriy qilish, investitsion jarayonlarni rivojlantirish va loyihaviy qarorlarni maqbullashtirish, ESG va sanoat xavfsizligini taʼminlash kabi bir qator dolzarb vazifalar belgilandi.

Matbuot anjumanida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan suv isitishda foydalanish, yaʼni geliokollektorlarni amaliyotga joriy etish masalasida ham atroflicha maʼlumot berildi. Taʼkidlanishicha, bugungi kunda kombinatda 1 647 dona quyosh suv isitish qurilmalari oʻrnatilgan boʻlib, ularda kuniga 240 ming litr issiq suv ishlab chiqarilmoqda. Qurilmalardan foydalanish yiliga 377 ming kub metr hajmdagi tabiiy gazni iqtisod qilish imkonini bermoqda.

Yil yakuni bilan kombinatdagi mavjud quyosh suv isitish qurilmalarining umumiy soni 5 000 donaga yetkazilib, bir kunda 725 ming litr issiq suv ishlab chiqarish va yiliga 1,7 mln. kub metr tabiiy gaz isteʼmolini kamaytirish imkoniyati yaratiladi. Natijada kombinat obyektlarining aprel-oktyabr oylarida issiq suvga boʻlgan ehtiyoji 100 foiz quyosh suv isitish qurilmalari hisobidan qoplanishiga erishiladi.

Matbuot anjumanida OAV vakillari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?