“Navoiy azot” AJning soxta vakilining nomeri oʻtmadi

16:04 07 Sentyabr 2018 Jamiyat
2411 0
Foto: afisha.uz

Temur Eshboyev, “Xalq soʻzi online”/Navoiy. “Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani Oʻzbekiston mahallasi fuqarosi Oybek Joʻrayevning Navoiy shahriga “gastrol”idagi firibgarlik nomeri oʻtmadi.

Oybek Navoiy shahridagi “Navoiy sharq nuri” MCHJ rahbariga oʻzini “Navoiy azot” AJ vakili sifatida tanishtirib, uning ishonchiga kiradi. Masʼuliyati cheklangan jamiyatga qarashli “Artel” savdo doʻkonidan 3 dona televizor va 2 dona sovutgich — jami qiymati 10 million 845 ming soʻmlik tovarni sotib olish istagini bildirib, pullarni “Navoiy azot” AJdan olib berishini bayon etadi. MCHJ rahbari ukasiga tovarlarni manzilga eltib qoʻyish va bir yoʻla pulni olib qaytish topshirigʻini beradi.

Oybek yoʻl-yoʻlakay ukaning ham ishonchiga kirib, buyumlarni Karmana tumanidagi savdo doʻkonlaridan birining yoniga tushirib, “Navoiy azot”ga yoʻl olishadi. Ketaverishda esa 10-kichik tumandagi dehqon bozori hududida uni adashtirib, firibgarlik yoʻli bilan buyumlarni qoʻlga kiritadi.

Ichki ishlar idorasi xodimlari olib borgan tezkor tadbirlar natijasida firibgar qoʻlga olinib, mazkur holat yuzasidan O. Joʻrayevga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi hamda uning shunga oʻxshash jinoyatlarga daxldor yoki daxldor emasligi surishtirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер