Navoiy abadiyati
Bu yil soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiyning 579-yilligini keng nishonlaymiz. Aslida adabiyot, madaniyat va sanʼat sohalari bilan aloqador tashkilotlar faoliyatiga nazar tashlasangiz har birining negizida avvalo adabiyotni, ijodni rivojlantirish vazifasi yotadi. Shu munosabat bilan, ulugʻ shoir tavalludiga bagʻishlangan adabiy kechalar, tadbirlar yurtimiz boʻylab koʻtarinki ruhda oʻtkazib borilyapti. Tahririyatimiz mutafakkir shoir Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonini ingliz tiliga oʻgirgan tarjimon Aʼzam Obidov bilan suhbatlashdi. Zero, Navoiy nafaqat ulugʻ shoir, balki kuchli tarjimon ham boʻlgan.

Jahonga chiqsangiz adabiy davralarda klassiklarni eslaysiz. Amerikada Heminguey, Jek Londonni koʻrasiz kitob doʻkonlarida. Men ham xorij safarlarida yurganimda kutubxonalarda Rumiy, Sheroziy, Hayyom kitoblarini koʻraman. Sharq mumtoz adabiyoti boʻlimida shu kabi ijodkorlarni doim uchratish mumkin. Ammo Navoiyni topa olmaysiz... Tarjimaga qoʻl urishdan avval, nima uchun ular orasida Navoiy yoʻq deb oʻzimga oʻzim savol berdim. Sababi mumtoz adabiyotni tarjima qiladigan tarjimon yoʻqligi uchun boʻlsa kerak, deb xulosa chiqardim. Navoiy muzeyi, Navoiy instituti, Navoiy shahri, yana shu nomdagi kutubxona, koʻplab koʻchalar bor. Ammo bular Navoiyni dunyoga tanitishga kifoya qilmaydi. Navoiyni tarjima qilishga turtki bergan sabab mana shu.
Yana bir sabab, “Farhod va Shirin” dostonini tanlaganimning sababi undagi ruhiyat inson qalbiga yaqinligi, oʻquvchini oʻziga jalb qiladigan, bu mavzuda koʻp dostonlar yozilgan boʻlsa-da, Navoiy boshqacha talqinda yozgani uchun ushbu dostonni tanladim. Asliyatdan Gʻafur Gʻulomning nasriy bayoni asosida tarjima qilindi. Agar Navoiyni xorijdagi kitobxonlar oʻqishini xohlasak sheʼriy usulda ularni jalb qilishga qiynalamiz. Avval nasriy bayonda ularga Navoiy va uning asari borasida tasavvur uygʻotib, shundan soʻng sheʼriy tarjimalar orqali kitobxonlarga taqdim etish mumkin. Dunyo oʻquvchilari hozir bir betli sheʼrni ham oʻqishga toqati yoʻq, afsuski. Shu sabab maqsadli tarzda nasriy bayonni tarjima qildik. Oʻquvchilar hukmiga havola etdik. Kitob uch ming nusxada chop etildi. Aslida asarni ikki yil avval tarjima qilgan edim, ammo uni chop etib, taqdimotini oʻtkazishga imkon topa olmagan edim.
Bugungacha qay bir asarni tarjima qilgan boʻlsam, tarjimamdan hech qachon qoniqmaganman. Sababi men ingliz emasman. Shu boisdan har safar ingliz tili ona tili hisoblangan muharrir koʻrmaguncha hech qachon tarjimalarimni chop etmayman. Boshqa tarjimonlarga ham, ayniqsa, yosh tarjimonlarga buni maslahat qilgan boʻlar edim. Oʻzbek tilidan boshqa tilga zoʻr tarjima qilishingiz mumkin, uni sizdan ham malakali boshqa tarjimon tahrir qilishi ham mumkin. Ammo bunda asarning ruhi jonsiz boʻlib qolishi ehtimoldan holi emas. Shu sababdan imkoni boricha tarjima qilingan til vakili boʻlgan muharrir tarjimani albatta koʻrishi kerak. Agar shunday qilinsa tarjima yana-da mukammal boʻladi.
Tarjimon sifatida meni bir narsa afsuslantiradi, yurtimizda yaqin yillarda juda koʻp ijod maktablari ochildi, ammo tarjimonlik yoʻnalishi uchun yaxlit maktab hali-hanuz shakllantirilganicha yoʻq. Agar tarjima maktabi tashkil etilib, u hukumat tomonidan, ziyolilar tomonidan qoʻllab-quvvatlansa, u kelgusida tayyor tarjimonlarni yetishtirishga katta zamin yaratadi. Albatta, taʼlim dargohlarimizda tarjimachilik yoʻnalishlari mavjud. Ammo ular bugun yaxshi tarjimon yetishtirib bera olyaptimi?
Umumiy olib qaraganda, tarjimonlarimiz yoʻq emas, bor. Oʻzbek tilidan oʻzga tillarga tarjima qilayotgan xorijlik tarjimonlar ham bor. Faqat tarjimonga toʻlanadigan haq hozircha bizda sust. Biror tarjimon biror bir kitobni tarjima qilganidan soʻng u qayerda chop etishni, qayerda sotishi kabilarni oʻylaydi. Shunga qaramay, ijodkor fidoyi boʻlishi kerak. Agar tarjimon moddiyatga qarab ijod qilsa unda u chin asar yarata olmaydi. Xuddi shunday, goʻzal tarjima ham yarata olmaydi. Oʻzbek adabiyotini jahonga olib chiqishni yoki jahon adabiyotining eng sara namunalarini oʻzbek kitobxonlariga yetkazishni chin dildan niyat qilgan odam gonorarga qarab oʻtirmay tarjima qilaveradi. Faqat mablagʻga taqamasdan fidoyilik bilan ishlashi kerak tarjimon.
Tarjima qilishdan maqsad nima — dunyo oʻquvchilariga oʻqitish. Zamonaviy ijodkorlarimizni jahonga olib chiqishimiz mumkin. ammo klassiklarimizni-chi? Faqat tarjima qilib, amazon.uz saytida eʼlon qilishning, doʻkonlarga sotuvga qoʻyib qoʻyishning oʻzi kifoya qilmaydi. Oʻzbek adabiyotini jahonda targʻib qilish uchun Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi, yurtimizdagi va xorijdagi elchixonalarimiz va boshqa tashkilotlar hamkorlikda yordam berishini juda ham istar edim. nafaqat menga, boshqa tarjimonlarga ham. Oʻzbekistonda chet ellik yozuvchi va rassom 40 ga yaqin shoir va rassom olib keldik bir yil ichida. Oʻshalar Oʻzbekistonga kelganida oʻzbek adabiyotida ingliz tiliga nimalar oʻgirilgan, nimalarni oʻqisak boʻladi deb savol berishadi. Bu kabi savollarga bizda javob hamisha tayyor boʻlishi kerak.
Albatta, biz iqtisod yuksalsa keyin adabiyot yuksaladi deb ham hisoblay olmaymiz. Yaʼni, adabiyotni rivojlantirish uchun hadeb hukumat yordamiga suyanib qolish ham nooʻrin. Biror bir homiy adabiyotni rivojlantirish uchun mablagʻ ajratsa va shuning hisobiga uning davlatga toʻlayotgan soliqlari avtomatik tarzda kamaytirilsa odamlar orasida adabiyotga boʻlgan qiziqishni kuchaytirgan boʻlar edik nazarimda. Shunday loyiha yoki qonunni yoʻlga qoʻysak har taraflama muvaffaqqiyatga erishish mumkin.
Meni bir narsa oʻylantiradi, Toshkentda Gyote instituti, Viktor Gyugo madaniyat markazi bor. Xoʻsh, Oʻzbekiston qachon boshqa mamlakatlarda Alisher Navoiy institutini ochadi? Shu kabi katta vazifalarni oldimizga maqsad qilib qoʻyishimiz kerak desam mubolagʻa boʻlmaydi.
Yulduz OʻRMONOVA suhbatlashdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring