Navbatdagi global “yashil” tashabbus
Kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning taklifiga binoan Seul shahrida videoanjuman shaklida oʻtayotgan “Yashil oʻsish va global maqsadlar uchun hamkorlik – 2030” ikkinchi xalqaro sammiti ishida ishtirok etdi.
Ikki kunlik forum kun tartibidan iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yengib oʻtish, “yashil” tiklanish va uglerod neytralligini taʼminlash, shuningdek, BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va Iqlim boʻyicha Parij bitimi qoidalarini bajarish masalalari oʻrin olgan.
Tadbirda dunyoning yetakchi mamlakatlari davlat va hukumat rahbarlari, yuqori darajadagi vakillari, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etmoqda. Xususan, sammitda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Yevropa Kengashi Raisi Sharl Mishel va Yevropa Komissiyasi Raisi Ursula fon der Lyayen, Germaniya Kansleri Angela Merkel, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson, XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Kesyan, AQSH Prezidentining iqlim masalalari boʻyicha maxsus vakili Jon Kerri, Xalqaro valyuta fondi boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva, Yashil oʻsish global instituti raisi Pan Gi Mun va IHTT bosh kotibi Anxel Gurriya qatnashmoqda.
Oʻzbekiston Prezidenti oʻz nutqida “yashil” tiklanish sohasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yangilanishlarning muhim yoʻnalishlarini qayd etdi hamda bu boradagi xalqaro hamkorlikning istiqbollari yuzasidan oʻz nuqtayi nazarini bayon qildi.
Davlatimiz rahbari “yashil” va barqaror taraqqiyotga xizmat qiladigan samarali qarorlar qabul qilish uchun butun xalqaro hamjamiyatning saʼy-harakatlarini birlashtirish zarurligini alohida taʼkidladi.
Orol dengizi halokatining global oqibatlarini yengib oʻtish bu boradagi ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. Shu munosabat bilan Prezidentimiz yaqinda Oʻzbekiston tashabbusi bilan Orolboʻyini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish boʻyicha qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi toʻliq qoʻllab-quvvatlangani uchun barcha xalqaro hamkorlarga minnatdorlik bildirdi. Mazkur yoʻnalishdagi ishlarni, shu jumladan maxsus tashkil etilgan BMT Trast jamgʻarmasi, Yashil oʻsish global instituti, “P4G” sheriklik platformasi va boshqa xalqaro institutlar doirasida birgalikda faol davom ettirish taklif etildi.
Mintaqamizda iqlim oʻzgarishlari, bugʻlanish darajasini oshiruvchi gazlar va atmosfera ifloslanishi muammolari taʼsirida transchegaraviy daryolar oqimi va biologik xilma-xillik qisqarayotgani munosabati bilan jiddiy xavotir bildirildi.
Oʻzbekiston Parij bitimi doirasida 2030-yilga qadar issiqxona gazlarni atmosferaga chiqarishni qisqartirish boʻyicha oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarishga sodiq ekani taʼkidlandi.
Shu munosabat bilan “yashil” texnologiyalarni keng joriy qilish va “yashil” energetika sohasidagi loyihalarni amalga oshirish Oʻzbekistonda yaqin oʻn yilda qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini 3 barobardan ziyodga koʻpaytirish imkonini berishi qayd etildi.
Kelgusi yili Oʻzbekistonda “Rivojlanayotgan mamlakatlar uchun yashil energetika” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazish, shuningdek, “yashil” isteʼmol madaniyatini shakllantirish maqsadida “yashil” iqtisodiyotni barpo etishga yoshlarni jalb etish boʻyicha maxsus dasturni amalga oshirish tashabbuslari ilgari surildi.
“Yashil” isteʼmol madaniyat avvalambor, ekologik masʼuliyatni his etgan holda yurish-turish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish maqsadlarida ishlab chiqarish va isteʼmol madaniyatini rivojlantirishni oʻz ichiga qamrab oladi. Ushbu xislatlarni esa insonning yoshligidayoq ongida singdirish oʻz samarasini beradi.
Shu sababli ham davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “yashil” iqtisodiyotni barpo etishga yoshlarni jalb etish boʻyicha maxsus dasturni amalga oshirish tashabbuslari jamiyatda ekologik madaniyatni yuksaltirishga imkon beradi.
Forum ishi davom etmoqda. Uning yakunida “yashil” tiklanish va barqaror taraqqiyot sohasidagi xalqaro saʼy-harakatlarni birlashtirish boʻyicha eng muhim vazifalarni oʻzida aks ettiradigan Seul deklaratsiyasi qabul qilinadi.
Mohira XODJAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi aʼzosi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
- MIB direktoriga yangi oʻrinbosar tayinlandi
- Toshkent – Samarqand pullik yoʻli qurilishi 2 milliard dollardan ziyodga baholanmoqda
- Toshkentda tunnel devori oʻpirilib tushdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring