“Navbahor”, “Nasaf” va “Paxtakor” jahonning eng kuchli klublari roʻyxatiga kiritildi

11:02 08 Iyul 2024 Sport
965 0

Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi (IFFHS) dunyoning eng kuchli klublari yangi reytingini eʼlon qildi. “Navbahor” PFK matbuot xizmatiga koʻra, “Top-500” reytingida Oʻzbekistonning uchta jamoasi nomi ham qayd etilgan.

Maʼlum qilinishicha, besh qitʼaning 75 ta milliy chempionatlari qatnashchilari boʻlgan 504 ta jamoa nomi keltirilgan mazkur roʻyxatga klublarning 2023-yil 1-iyuldan 2024-yil 30-iyungacha boʻlgan davrda qayd etgan natijalari asos qilib olingan.

Dunyoning eng zoʻr jamoalari reytingini Yevropaning grand klublari boshqarib turibdi. Birinchi pogʻonada UYEFA Chempionlar ligasining amaldagi gʻolibi “Real” bormoqda. Ispaniya grandining bir yil davomida 371 ball toʻplagani qayd etilgan.

Yangi reytingning dastlabki oʻn bir pogʻonasini faqat “koʻhna qitʼa” jamoalari – “Real”dan keyin “Manchester City”, “Bayer”, “Atalanta”, “Borussiya” (Dortmund), “Atletiko” (Madrid), “Bavariya”, “Barselona”, “Arsenal”, “Inter” hamda PSJ egallagan.

Quvonchlisi, mazkur reytingda Oʻzbekistonning “Navbahor”, “Paxtakor” va “Nasaf” kabi klublari ham bor. Xususan, Namanganning “Navbahor” jamoasi 83,75 ball jamgʻargan holda, IFFHS roʻyxatida 221-oʻrinni egallagan. “Nasaf” (Qarshi) 88,25 ball jamgʻargan holda, reytingning 201-qatorida qayd etilgan boʻlsa, “Paxtakor” (Toshkent) 51 ball toʻplagan holda, 496-pogʻonadan joy olgan.

Osiyo klublari orasida eng yuqori oʻringa Saudiya Arabistonining amaldagi chempioni, tarkibida bir qator jahon futboli yulduzlari toʻp tepadigan “Al-Hilol” jamoasi loyiq topilib, 40-qatorga oʻrnashdi.

Krishtianu Ronaldu oʻynayotgan “Al-Nasr” jamoasi qitʼamizda ikkinchi, dunyo reytingida esa 71-oʻrinda qayd etilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер