NATOning yadro mashgʻuloti, AQSH—Ukraina kelishuvi va ortib borayotgan qochoqlar (+video)

17:14 14 Iyun 2024 Dunyo
365 0

Assalomu alaykum, xalqaro maydonda yuz berayotgan voqea va hodisalarning qisqacha sharhi “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalarining tahliliy-informatsion dasturida

AQSH va Ukraina tarixiy kelishuvga erishdi

Italiyada boʻlib oʻtgan G7 sammitida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va AQSH prezidenti Jo Bayden Ukraina va AQSH oʻrtasida xavfsizlik boʻyicha 10-yillik ikki tomonlama shartnoma imzoladi. Bu Kiyev tomonidan “tarixiy” deb baholandi. Shartnoma Qoʻshma Shtatlarning Ukrainaga harbiy va oʻquv yordamini oʻz ichiga oladi, ammo Vashington ittifoqdoshi uchun jang maydoniga qoʻshin yuborish majburiyatini olmaydi.

Ukraina birinchi navbatda shahar va elektr stansiyalariga yoʻllanayotgan raketa va dron hujumlarini toʻxtatish uchun havo mudofaa tizimlariga, shuningdek, uzoq kutilgan F-16 qiruvchi samolyotlariga ehtiyoj sezayotganini maʼlum qilgan. Zelenskiy yangi xavfsizlik kelishuvida ushbu jangovar qurollarni yetkazib berish ham kiritilganini aytdi.

Shuningdek, G7 davlatlari Kiyevga muzlatilgan Rossiya aktivlaridan 50 milliard dollar yigʻib berishga kelishib olishgan. Bayden bu pullar Ukraina foydasiga ishlatilishi va bu harakati bilan Putinga oʻz fikridan qaytmaslikni bildirib qoʻyishini aytgan. “U bizni ajrata olmaydi, Ukraina bu urushda gʻalaba qozonmaguncha biz bilan birga boʻladi”, — degan Bayden. Lekin ushbu pullar yil oxirigacha Ukrainaga kelib tushmaydi, yaʼni 50 milliard dollarlik yordam urushning hozirgi holatiga taʼsir koʻrsata olmaydi.

Rossiya Markaziy bankining muzlatilgan aktivlarining katta qismi Belgiyada saqlanmoqda. Xalqaro huquqqa koʻra, davlatlar Moskvadan bu aktivlarni musodara qilib, Ukrainaga bera olmaydi. G7 qarori eʼlon qilinishidan oldin Rossiya Tashqi ishlar vazirligi oʻta ogʻriqli javob choralari boʻlishidan ogohlantirgan.

NATOning yadro arsenali

Yangi xavfsizlik tahdidlarini bartaraf etish uchun NATO yadro arsenalini yangilamoqda. Bu haqda alyans bosh kotibi Qtns Stoltenberg maʼlum qildi.

Stoltenberg NATOning ahamiyati xususida toʻxtalib, bu Rossiyaning harbiy faoliyati va yadroviy mashgʻulotlari koʻpayib borayotgani sababli eng dolzarb chora ekanligini qayd etdi.

“NATOning yadroviy salohiyati tinchlikni saqlash va mojarolarning oldini olish uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. U zaruratga qarab yadroviy kuchlarini moslashtirish va modernizatsiya qilishda davom etadi”, deydi bosh kotib.

Isroil—Livan tarangligi

Oxirgi vaqtlarda Isroil va Livan oʻrtasidagi jangovar harakatlarning kuchayishi Isroil va HAMAS oʻrtasidagi oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha muzokaralar yakuni yaqinlashib qolganiga ishora boʻlsa, ajab emas.

Shuningdek, Tel-Aviv Gʻazodagi harakatlari uchun Janubiy Afrika Respublikasi tomonidan Xalqaro Jinoyat boʻyicha sudga berilib, genotsid ayblovlariga uchramoqda.

Tahlilchilarga koʻra, Isroil Gʻazodan keyin harbiy eʼtiborini Livanga qaratishi mumkin. Livan armiyasining isteʼfodagi generalining aytishicha, yahudiy askarlari Gʻazodagi urushni tugatmasdan turib, Livan bilan urushni kengaytira olmaydi. Oʻtgan hafta Benyamin Netanyahu chegarada qizgʻin operatsiyaga tayyorlanayotganini aytgan.

Soʻnggi haftalarda “Hizbulloh” jang maydonida ilgari ishlatilmagan yangi qurollardan, jumladan, Isroil qiruvchi samolyotlarini chekinishga majbur qilgan zenit-raketalardan ham foydalangan. Bu Isroil kuchlarining havodagi ustunligiga shubha tugʻdiradi.

AQSH rasmiylari “Hizbulloh”ga qarshi taranglikning kuchayishi Eron va mintaqadagi boshqa ittifoqchi kuchlarni jalb qilishi mumkinligidan ogohlantirdi. Isteʼfodagi Livan generali esa bu urushlar mamlakat iqtisodiga ogʻir zarba berishi va buni koʻtara olmasligini aytgan.

Dunyo boʻylab qochoqlar soni ortmoqda

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar boʻyicha Oliy Komissarligi eʼlon qilgan hisobotiga koʻra, soʻnggi 10-yilda kamida 117,3 million kishi yoki butun dunyo boʻylab har 69 kishidan biri majburan koʻchirilgan. Shulardan 68,3 millioni mojarolar yoki boshqa inqiroz tufayli oʻz mamlakatlari ichida koʻchib yurgan.

Xalqaro chegaralarni kesib oʻtgan qochqinlar soni 2023-yilda yetti foizga oshib, 43,4 million kishiga yetdi. Oʻsish Sudandagi qochqinlar, Ukraina va boshqa mintaqalarda davom etayotgan mojarolar bilan bogʻliq. Isroilning Gʻazoni bombardimon qilishi Falastin aholisiga katta taʼsir koʻrsatgan. 2023-yilning oktyabridan buyon 1,7 million kishi, yaʼni aholining 75 foizidan ortigʻi Gʻazo sektorida koʻchirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?