NASAʻning Parker zondi Quyoshga “tegadigan” birinchi kosmik kema boʻladi

Insoniyat tarixida birinchi marta kosmik kema Quyosh yuzasiga yetib bordi. NASAʻning Parker zondi Quyoshning yuqori atmosferasi boʻlgan Quyosh toji uzra uchib oʻtdi. Zond Quyosh tojidagi zarrachalar va magnit maydonlardan namuna olishga muvaffaq boʻlgan.
Bu amaliyot Parker Solar Probe uchun muhim qadam va Quyoshni oʻrganish jarayonida yangi sahifa boʻldi. Oyga qoʻnish olimlarga uning qanday paydo boʻlganini tushunishga imkon berganidek, Quyoshga yetib borish va uning tojidan namunalar olish sayyoramizga eng yaqin boʻlgan yulduz va uning orbita tizimiga taʼsiri borasidagi muhim maʼlumotlarni ochiqlashga hissa qoʻshadi.
Parker Quyosh zondi yulduzning yuqori atmosferasi boʻlgan Quyosh tojiga kirgan birinchi kosmik kema boʻldi. Parker erishi oldini olish uchun u 11 sm qalinlikdagi CFRP ekran bilan himoyalangan boʻlib, taxminan 1300 daraja harorat uchun moʻljallangan, avtonom datchik tizimi Parkerʻning himoyalangan tomonidan Quyoshga burilishini taʼminlaydi. Zond yaratuvchilari, Jons Hopkins universiteti amaliy fizika laboratoriyasi xodimlarining soʻzlariga koʻra, ilgari kosmik apparatlar Quyoshga yaqinlasha olmagan, chunki texnologiya ularni yetarli darajada issiqlik muhofazasi bilan taʼminlashga imkon boʻlmagan.
AQSHdagi NASA shtab-kvartirasi ilmiy missiyasi boshqaruv guruhining yordamchi maʼmuri Tomas Zurbuxenning fikricha, Parker Solar Probeʻning Quyoshga “tegishi” astronomiya fani uchun bu juda muhim voqeilik va chinakam jasoratdir. Ushbu muhim bosqich nafaqat Quyosh evolyutsiyasi va uning orbitaga taʼsiri haqida chuqurroq maʼlumot olish, balki koinotdagi boshqa yulduzlar borasida tasavvurga ega boʻlish imkoniyatini beradi».
Tadqiqotlar tarixi
Quyosh tojiga yetib borgan ushbu zond joriy yilning 12-avgust kuni NASA kosmik agentligi tomonidan Delta IV Heavy raketasi yordamida uchirildi. Hajmi kichik avtomobildek boʻlgan qurilma 1950-yillarda dunyoda birinchilardan boʻlib Quyosh shamolini – Quyoshdan doimiy ravishda chiqariladigan zaryadlangan zarralar oqimini tasvirlagan astrofizik Yevgeniy Parker nomi bilan atalgan.
Parker Solar Probe kosmik kemasining parvozi NASA ning Quyosh-Yer tizimining hayot va jamiyatga bevosita taʼsir koʻrsatadigan jihatlarini oʻrganish uchun tashkil etilgan “Yulduz bilan yashash” dasturining bir qismidir. Ushbu dastur AQSHning Merilend shtatidagi Jons Hopkins universitetining amaliy fizika laboratoriyasida joylashgan. Bu missiya NASA uchun ishlaydi va rejalarni loyihalashtiradi.
2019-yilda Parker zondi Quyosh shamolida magnit zig-zag tuzilmalari Quyosh yuzasi yaqinida juda koʻp ekanini aniqlagan edi. Ammo ular qanday va qayerda paydo boʻlganligi hanuzgacha nomaʼlum. Oʻshandan beri Quyoshgacha boʻlgan masofani ikki baravarga qisqartirgan Parker kosmik kemasi magnitlar manbayini aniqlash uchun yetarlicha imkoniyatga ega boʻldi.
Zond Quyosh toji orqali uzoqdan oʻrganish mumkin boʻlmagan hodisalar haqida maʼlumotlarni aniqlashda davom etmoqda.
“Parker Solar Probe endi Quyosh atmosferasining magnit qatlami boʻylab amalga oshirayotgan parvozi davomida biz ilgari qila olmagan oʻrganishlarni amalga oshiradi. Biz Magnit maydon maʼlumotlariga, Quyosh shamoli toʻlqinlariga va kamera olgan tasvirlarga asoslanib zond tojni kesib oʻtganini tasdiqlay olamiz”, — deydi Jons Hopkins amaliy fizika laboratoriyasining tadqiqotchisi Nour Raouafi.
Har qachongidan ham yaqinroq
Parker Solar Probe Zondi 2018-yilda Quyosh sirlarini oʻrganish, unga yaqinroq sayohat qilish maqsadida ishga tushirilgan. Missiya ish boshlaganidan uch yil oʻtgach, yaʼni 2021-yilda Parker nihoyat Quyosh yuzasiga yetib bordi.
Tadqiqotlar natijasiga koʻra, Yerdan farqli oʻlaroq, Quyosh qattiq sirtga ega emas. Ammo u magnit kuchlar bilan bogʻlangan turli materiallardan tashkil topgan oʻta qaynoq atmosferaga ega.
NASA Parker Quyosh zondini Quyoshga “tegadigan” birinchi kosmik kema sifatida taʼriflamoqda. Olimlarning rejasiga koʻra, yetti yilga moʻljallangan missiya davomida zond yulduz atrofida 24-marta aylanib, unga rekord masofada 6,1 million kilometrga yaqinlashadi. Amalda boʻlgan rekord 1976-yilda Quyoshdan 43,4 million kilometr uzoqlikda uchgan nemis-Amerika hamkorligidagi Helios-2 zondiga tegishli edi. Maʼlumot uchun, Yerning Quyoshdan oʻrtacha masofasi 149,6 million kilometrni tashkil qiladi.
“Biz ertami-kechmi, Quyosh toji bilan uchrashishimizni kutgan edik. Ammo biz bunga erishganimiz juda hayajonli”, — deydi Michigan universiteti professori Jastin Kasper.
Parker Quyoshga yaqinlashishda davom etadi va natijada Quyosh sistemasi borasidagi amaliy tajribalar ortishida katta rol oʻynaydi. Kosmik kemaning Quyoshga tomon uyushtiriladigan keyingi yaqinlashuv parvozi 2022-yilning yanvar oyida boʻlib oʻtadi.
“Kelgusi yillarda Parker tojni qaytadan kesib oʻtganida yana yangi topilmalarni koʻrishimizga ishonchim komil. Bizda zond yordamida amalga oshiriladigan yangi kashfiyotlar uchun imkoniyat cheksizdir”, deydi NASA shtab-kvartirasidagi geliofizika boʻlimi direktori Nikola Foks.
Tojning kattaligi Quyosh faolligi bilan ham bogʻliq. Quyoshning 11 yillik faollik sikli — kuchayishi bilan tojning tashqi qirrasi kengayadi, bu Parker Solar Probeʼga toj ichida uzoqroq vaqt qolish imkoniyatini beradi.
Qayta oʻtish manbalarini qisqartirish
1990-yillarning oʻrtalarida NASA va Yevropa kosmik agentliklari hamkorlikda amalga oshirgan Uliss missiyasi doirasida kosmik kema Quyosh qutblari ustidan uchib oʻtgan va Quyosh shamolining magnit maydon chiziqlarida bir nechta gʻalati S shaklidagi burmalarni topgan edi. Bu burmalar Quyosh tojidagi tuynuklar ekani aniqlandi.
“Quyosh atmosferasidan Quyosh yuzasiga oʻtish uchun toj sirtida bir qancha tuynuklarini aniqlangan. Parker zondi yaqin muddat ichida tadqiqot obyektiga yanada yaqinlashish uchun bu tuynuklar orasidan oʻzining navbatdagi «eshiklar”ini belgilab oldi», deydi Kaliforniya universiteti professori Styuart Beyl.
Olimlar yaqin muddat ichida toj qanday qilib millionlab darajagacha qizishini va uning asosiy tarkibini aniqlashni rejalashtirmoqda.
Quyosh sirtida qattiq kuchga ega boʻlgan shamol doimiy harakatlanishi va uning ovoz toʻlqinlari juda baland ekanligi ham videotasvirlarda akslangan. Tojdan olingan bunday oʻlchovlar telekommunikatsiyalarni buzishi va Yer atrofidagi sunʼiy yoʻldoshlarga zarar yetkazishi mumkinligi ham isbotlandi.
“Biz kelgusi yillarda missiya yana nimani kashf etishini koʻrishni intiqlik bilan kutmoqdamiz. Quyosh tojini kesib oʻta olish biz uchun inqilobiy yangilik”, — deydi NASA shtab-kvartirasidagi Parker dasturi ijrochisi Jozef Smit.
Risolat MAXSIMOVA tayyorladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring