Narkologiya va ruhiy kasalliklar dispanseriga borishning oʻzi xijolatli edi. Chunki bu yogʻi oʻzbekchilik...

16:52 10 Mart 2020 Jamiyat
2662 0

Ruhiy kasalliklar boʻyicha dispanser hisobida turish yoki turmaslik toʻgʻrisida maʼlumotnoma berish... Biroz gʻalatiroq eshitiladi, toʻgʻrimi?

Lekin aynan shu maʼlumotnoma ayrim turdagi korxona va muassasalarda faoliyat boshlashda yoki baʼzi sohalarda sizning ruhiy kasal emasligingizga ish beruvchining ishonchi komil boʻlishida juda muhim.

Ishi tushganlar biladi! Avvallari siz ushbu maʼlumotnomaga ega boʻlish uchun yashab turgan joyingizdan Fargʻona markaziga kelishingiz kerak boʻlgan. Bunisi ham mayli... Agar siz Fargʻona viloyati markazidan 120 km. uzoqlikdagi Beshariq tumani yoki quruqlikdagi orol deya eʼtirof etiladigan anklav hudud — Soʻx tumanida istiqomat qilsangiz-chi? Bir parcha qogʻozni olish uchun kerak boʻlsa haftalab, kunlab payt poylaganmiz. Bu haqiqat!

— Narkologiya va ruhiy kasalliklar dispanseriga borishning oʻzi xijolatli edi, — deydi Soʻx tumanida istiqomat qiluvchi Muhammadsodiq Otajonov. — Chunki bu yogʻi oʻzbekchilik... Ming xijolatchilik bilan kirib borasiz u yerga. Biror tanishingiz koʻrib qolsa nima sababdan bu yerga kelganingizni notoʻgʻri oʻylamasligi uchun obdoon tushuntirib berishingizga toʻgʻri kelar edi. Endi har xil odam bor-da, biri u deydi, biri bu deydi... Menda bu vaziyat boshimdan oʻtgan. Andishali xalqmiz. Ayniqsa, qizlarimizni birovning omonati sifatida asrab-avaylaymiz. Ularni nojoʻya gap soʻzlardan imkon qadar pana qilamiz. Kerak boʻlsa, kasal boʻlganligini ham, hatto, mahallaga bilintirmaymiz. Uch yil avval qizimni ishga joylashtirish uchun shu qurmagʻur maʼlumotnoma kerak boʻldi. Uni olish uchun ruhiy kasalliklar dispanseriga qizim bilan birga bordim. Oʻshanda biror tanishim koʻrib qolsa qiz bolani notoʻgʻri tushunmasinda, deb rosa xijolat boʻlganman. Afsuski, bu haqiqat.

Bizningcha, endi bu borada qulaylik yaratildi. Gap shundaki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-yanvardagi qarori bilan ortiqcha ovoragarchilik, sarson-sargardonliklar, noqulayliklarga barham berildi. Vaqt ham, naqd ham, andisha ham tejaladigan boʻldi.

Hukumatning “Davlat tibbiyot muassasalari tomonidan fuqarolarga maʼlumotnomalar berish tartibini yana-da soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorga asosan, joriy yil 1-apreldan boshlab ruhiy kasalliklar boʻyicha dispanser hamda narkologiya dispanseri tomonidan fuqarolarning hisobda turishi yoki turmasligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani toʻgʻridan-toʻgʻri berish amaliyoti bekor qilindi. Endilikda bu kabi maʼlumotnomalar faqat joylardagi Davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali taqdim etish tartibi belgilandi. Birinchi apreldan boshlab narkologiya va ruhiy kasalliklarga chalingan fuqarolar hisobi faqat elektron shaklda yuritiladigan boʻldi.

Ayni kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun zarur boʻlgan avtomatlashtirilgan elektron axborot tizimi joriy qilinmoqda. Kelayotgan yangi oyga qadar Ruhiy kasalliklar boʻyicha va Narkologiya dispanserlari hisobida turgan fuqarolar haqidagi tegishli maʼlumotlar bazasi shakllantirilib, fuqarolarga davlat xizmatlarini koʻrsatishda tegishli maʼlumotlardan foydalanish imkoniyati taqdim etiladi.

Elyorjon EHSONOV,

“Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?