Namanganlik talabalar Moʻynoqda koʻchat ekishdi

10:24 23 Aprel 2024 Jamiyat
446 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Qudratilla NAJMIDDINOV/«Xalq soʻzi». Bugun «Orolni qutqarish» boʻyicha tashabbus umummilliy harakatga aylanib ulgurdi. Yurtdoshlarimiz bugun ekologiyani asrab-avaylash uchun Orol dengizining choʻl hududlarini koʻkalamzorlashtirish ishiga oʻz hissalarini qoʻshmoqdalar.

Namangan muhandislik-texnologiya institutining iqtidorli talabalar va professor-oʻqituvchilaridan iborat guruh ham ana shu ezgu harakatda qatnashish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumaniga keldi.

«Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida institut huzurida tashkil etilgan «Yashil makon volontyorlari» faollari tomonidan Orolboʻyi hududining iqlimiga mos keladigan jiyda, saksovul koʻchatlari va uning urugʻlari ekildi.

— Mamlakat miqyosidagi xayrli ishga qoʻshilganimdan xursandman, — deydi aksiya ishtirokchisi Sayidali Hayitaliyev. — Orol haqida koʻp eshitganman lekin, birinchi marotaba oʻz koʻzim bilan koʻrdim. Namangandan Moʻynoqqa oʻzimiz bilan koʻchatlar olib keldik. Umid qilamizki, biz oʻtqazgan nihollar Moʻynoq tabiatining yanada goʻzallashishiga xizmat qiladi.

Namanganlik «Yashil makon volontyorlari»ning xayrli ishi bir mavsum bilan cheklanib qolmaydi. Navbatdagi guruh kuz faslida Orol dengizi hududiga borib, koʻchat ekishni davom ettiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?