Namangandagi xotira turnirida nuroniylar maydonga tushishdi
Inson xotirasi bilan aziz. Namanganliklar mustaqillikning dastlabki yillarida viloyatga rahbarlik qilgan Burgutali Rapigʻaliyev nomini yaxshi eslashadi. Hudud ijtimoiy-iqtisodiy rivojida oʻziga xos iz qoldirgan fidoyilar qatorida Dilshoda Dadajonova, Sayfidddin Toshpoʻlatov, Boʻri Allamurodov, Abdullajon Hasanov, Nosir Otaxonov, Madamin Obidshoyevlar ismi sharifi ham alohida ehtirom bilan tilga olinadi. Viloyat mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi hamda “Keksalarni eʼzozlash” jamoat fondi ana shunday aziz insonlar yodi uchun sportning shaxmat, stol tennisi, minifutbol va belbogʻli kurash turlari boʻyicha xotira turniri oʻtkazdi. Unda hamon gʻayrati joʻshib turgan 153 nafar nuroniy maydonga tushdi.
Dastlabki kungi shaxmat va stol tennisi bahslarida Namangan shahri va Yangiqoʻrgʻon tuman jamoalari gʻalaba qilgan boʻlsa, minifutbolda ham viloyat markazi vakillarining qoʻli baland keldi. Aytish lozimki, belbogʻi kurash turnirning eng qiziqarli bellashuvi sifatida koʻpchilikda yorqin taassurot qoldirdi.Unda oʻz davrida mahorat bilan bel olishib, kuragi yerga tegmagan 48 nafar polvon otaxon gilamga tushib, sportning ushbu turi sir-asrorlarini hamon unutmaganliklarini namoyish etdilar. Ayniqsa, toʻraqoʻrgʻonlik keksa kurashchilar - Alijon Latipov va Neʼmatilla Toʻychiyev, yangiqoʻrgʻonlik Baxtiyor Yusubbekov, poplik Solijon Umarovning barcha raqiblari ustidan gʻalabasi tomoshabinlarning davomli qarsaklari bilan olqishlandi.
Xotira turnirining yakunlovchi qismiga yodga olingan tabarruk insonlarning farzandlari, shuningdek, keng jamoatchilik vakillari taklif etildi. Tadbirda ishtirok etgan viloyat hokimi Sh. Abdurazzoqov oʻz davrida Namangan taraqqiyotining ustuni boʻlgan yurtdoshlarning fidokorona mehnatini yana bir karra tilga oldi. Turnir gʻoliblariga tashkilotchilarning qimmatbaho sovgʻalari tantanali surʼatda topshirildi.
Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
- MIB direktoriga yangi oʻrinbosar tayinlandi
- Toshkent – Samarqand pullik yoʻli qurilishi 2 milliard dollardan ziyodga baholanmoqda
- Toshkentda tunnel devori oʻpirilib tushdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring