Namanganda qalbaki 20 ming AQSH dollarni haqiqiy 14 ming dollarga sotmoqchi boʻlishdi

08:59 01 Iyul 2025 Jamiyat
156 0

Namangan viloyatida qalbaki dollar muomalasini tashkil etgan shaxslar qoʻlga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, “Kosonsoy tuman yoʻllardan foydalanish” unitar korxonasi xodimi oʻzini ishonchli shaxs sifatida tanishtirib, unda goʻyoki qalbaki 20 ming AQSH dollari borligini aytgan va uni haqiqiy 14 ming dollarga sotishini taklif qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati va Departament xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda ushbu shaxs oldindan kelishilgan holda xaridorga 8 ming AQSH dollari miqdorida qalbaki valyutani bergan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida u qalbaki xorijiy valyutani Kosonsoy tumanida yashovchi, 1985-yilda tugʻilgan shaxsdan olgani maʼlum boʻlgan. Qoʻshimcha tadbirlar natijasida ushbu shaxsdan ham umumiy 6 ming AQSH dollari miqdorida soxta valyuta protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Bundan tashqari, mazkur holat boʻyicha qalbaki dollarlarni aynan Kosonsoy tumanining yana bir fuqarosi — 1992-yilda tugʻilgan shaxs tarqatgani aniqlanib, u ham protsessual tartibda qoʻlga olingan.

Hozirda barcha shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 176-moddasi 3-qismi “a” bandi (qalbaki pul va qimmatli qogʻozlar tayyorlash va ularni tarqatish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Ularning barchasiga qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan boʻlib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?