Namanganda harbiy xizmatchilar uchun yangi turar joy foydalanishga topshirildi
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida izchil ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Vatan himoyachilari kuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi arafasida Namangan viloyati Davlatobod tumanining Tadbirkor mahallasida barpo etilgan yangi harbiy shaharchada dastlabki koʻp qavatli turar-joy binosining foydalanishga topshirilishi ana shu gʻamxoʻrlikning yorqin ifodasi boʻldi.
96 ta xonadondan iborat 16 qavatli mazkur imoratda 64 ta ikki xonali va 32 ta uch xonali shinam uy-joylar joylashgan. Xonadonlarning barchasi alohida issiqlik qozonlari bilan taʼminlangan boʻlib, binoda ikkita lift, avtoturargoh hamda bolalar oʻyin maydonchasi kabi zamonaviy infratuzilma obyektlari mavjud.

Yangi turar-joy taqdimoti munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali marosimda viloyatdagi davlat va jamoat tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Unda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov soʻzga chiqib, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ushbu sharafli ayyom bilan samimiy tabrikladi.
Taʼkidlanganidek, harbiy xizmatchilar uchun moʻljallangan mazkur shaharcha Vatan posbonlari uchun haqiqiy oshyonga aylanadi. Yaqin istiqbolda bu hududda yana bir qator turar-joy binolari barpo etilishi, shuningdek, harbiylar va ularning farzandlari uchun maktab, bolalar bogʻchasi, poliklinika hamda oila aʼzolarini ish bilan taʼminlashga qaratilgan turli infratuzilma obyektlarini qurish rejalashtirilgan.

Taqdimot marosimi yakunida xizmatda namuna koʻrsatayotgan harbiy xizmatchilarga yangi xonadonlar kalitlari tantanali ravishda topshirildi. Turli hududlardan tashrif buyurgan ota-onalar va yaqinlar ushbu quvonchli daqiqalarda ishtirok etib, farzandlari baxtiga sherik boʻldilar.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring