Namanganda gilos yetishtirish va eksport hajmi ortib bormoqda

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Namanganga borsangiz, bir tekis qilib ekilgan mevali daraxtlarga koʻzingiz tushadi. Qiygʻos pishgan giloszorlar sizni qarshi oladi. Bogʻbonlar har xil pishgan giloslarni idishlarga solib, xaridorlar uchun taxlab qoʻyibdi. Yoz mavsumida 150 million dollarlikdan koʻproq mahsulotni tashqi bozorga chiqarishga harakat qilishmoqda. Mazkur serdaromad yumush bilan yuzdan ortiq tadbirkorlik subyekti shugʻullanyapti. Hozirdan kuniga 300-400 tonnaga yaqin mahsulot eksportga yoʻl olmoqda.
Gilos yetishtirish va moʻl hosil olishda Toʻraqoʻrgʻon tumani oʻziga xos maktab yaratgan. Viloyat boʻyicha tashqi bozorga chiqarilayotgan ushbu mevaning salkam 75 foizi tuman sohibkorlari tomonidan yetkazib berilmoqda. Bu hudud iqlimi ushbu ekinga mosligi, yirik xoʻjaliklar va tomorqalardagi maydonlarning 1,5 ming gektardan koʻprogʻini giloszorlar egallagani bilan bogʻliq. Ayniqsa, Buramatut, Gulqishloq, Mozorkoʻhna mahallalarida bu ishni oilaviy biznesga aylantirganlar anchagina. Ularning aksariyati mavsumda 100-150 million soʻm daromad oladi.
— Yandama qishlogʻi atrofida 800 gektarga yaqin maydonda intensiv bogʻlar yaratdik, — deydi “Gold fresh fruits” masʼuliyati cheklangan jamiyatining ish boshqaruvchisi Abdulhodi Azizov. — Bir necha yil avval oʻtqazilgan koʻchatlarimiz hosilga kirdi. Boʻyi uncha yuqori boʻlmagan, biroq mahalliy navlarga qaraganda serhosil koʻchatlar xorijdan keltirilgan. Ilgari atigi 12 sentnerdan paxta olingan bu yerlarning holatini yaxshilash uchun anchagina ter toʻkildi. Boshqa iqlim va sharoitda undirilgan nihollarni mahalliy sharoitga moslashtirishda xorijlik mutaxassislar bilan hamkorlik yaxshi natija berdi. Bogʻdorchilik borasida xalqaro tajriba biznikidan farq qiladi. Koʻchatlar aniq sxema asosida joylashtiriladi. Sugʻorish tomchilatish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Katta maydonlardagi meva daraxtlari qatoriga yuz ming metrlab ingichka va yumshoq quvurchalar tortib chiqilgan. Ularga suv kompyuter bilan boshqariladigan nasos stansiyasi orqali yetkaziladi. Oddiy usulda sugʻorilganda gektariga 120 litr suv sarflansa, bu usulda 40 litrdan oshmaydi. Tejamkorlik darajasi — 55-60 foiz. Biz bogʻni mineral oʻgʻitlar bilan toʻyintirishni ham suv orqali bajaramiz. Ayni jarayonda sarf-xarajat kamayishidan tashqari suv orqali berilgan ozuqa toʻgʻridan-toʻgʻri koʻchat ildiziga boradi. Koʻchatlarning hosil olish darajasi ham shunga yarasha, gektaridan 10 tonnadan ortadi.
Bu yerda barpo etilgan zamonaviy logistika markazida gilosni saralash, qayta ishlash, qadoqlash va eksportga chiqarish ishlari amalga oshiriladi. Majmuada umumiy quvvati 4000 tonnalik sigʻimga ega zamonaviy muzlatkich oʻrnatilgan. “Gold fresh fruits” mahsulotlari toʻlaligicha tashqi bozorga chiqariladi.
— Viloyatning gilos eksporti boʻyicha logistika markazi bizda joylashgan, — deydi Toʻraqoʻrgʻon tuman hokimligi iqtisodiyot va moliya boʻlimi bosh mutaxassisi Abdurasul Ergashev. — Bu yerda ishlarni tashkil etishga koʻmaklashuvchi maxsus shtab faoliyat olib bormoqda. Kuniga 150 tonna atrofidagi mahsulot yirik sigʻimli mashinalarda mamlakat tashqarisiga chiqarilmoqda. Avvallari qoʻshni respublikalar va Rossiya bilan ishlagan boʻlsak, keyingi yillarda Yevropa bozoriga ham chiqdik. Fransiya, Buyuk Britaniyaga yuboryapmiz. Yaqinda Dubayga dastlabki turkum mahsulotni joʻnatdik.
Ayni paytda Namanganda qizigan gilos bozori bosqichma-bosqich pishadigan boshqa mahsulotlar savdosiga ulanib ketgan. Xalqaro talablar asosida saralanib, qadoqlangan holda joʻnatiladigan oʻrik, olma, olxoʻri, karam va sarimsoqpiyoz singari quyoshli yurt neʼmatlari uzoq oʻlkalardagi savdo tarmoqlarini ham yil boʻyi bezab turibdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring