Nahot, siz oʻz Vataningizni sevmaysiz? Achchiq, ammo ochiq gaplar
Botir MADIYOROV/”Xalq soʻzi”. Fargʻona viloyati hokimligi tomonidan bundan uch-toʻrt yil oldin jamoat transportidan foydalanuvchi yoʻlovchilar uchun xizmat koʻrsatadigan avtobekatlar faoliyatini zamonaviy mezonlar asosida tashkil etish maqsadida xayrli tashabbus ilgari surilgan edi.
Ezgu tashabbus viloyat markazi – Fargʻona shahrida keng quloch yozib, ellikka yaqin foydalanilmay turgan yoki qarovsiz qolgan avtobekatlarda tadbirkorlar mablagʻlari hisobidan yengil konstruksiyali yangi inshootlar qad rostladi. Bu bekatlar hududi yosh tadbirkorlarga bepul berilib, ular uchun yangi ish oʻrinlari yaratish rejalashtirilgandi. Oʻz navbatida, yosh tadbirkor ushbu maskanda savdo yoki xizmat koʻrsatish shoxobchasi bilan birga bepul internet xizmatini yoʻlga qoʻyishi, yozda salqin, qishda issiq boʻlishi uchun konditsioner oʻrnatishi zarur edi. Shuningdek, yoʻlovchilarga kutish xonasi tashkil etishi va oʻrindiqlar oʻrnatishi kerakligi ham belgilangandi.
Afsuski, mazkur tashabbus doirasida ish boshlagan koʻp doʻkonlar egalari savdosi yurmagani uchun faoliyatini toʻxtatdi. Baʼzi doʻkonlar hamon ijara asosida qoʻldan-qoʻlga oʻtib kelayotgan boʻlsa, ayrimlari mavsumiy faoliyat koʻrsatadi, xolos.
—Hozirgi kunda oʻttizdan koʻproq aqlli bekatlar bir maromda ishlamoqda,—deydi Fargʻona shahar obodonlashtirish boshqarmasi xodimi Nodirbek Mamajonov.—Yigirmatacha bekatda bepul internet xizmati tashkil etilgan. Bekatlarda yoʻlovchilarga qulaylik yaratish boʻyicha belgilangan vazifalar toʻliq bajarilmadi.
Bu borada mavjud vaziyatni oʻrganish uchun tadbirkorlar bilan suhbatlashdik. Ular yoʻlovchilar oʻrindiqlarni sindirib, buzib ketayotganidan nolishdi. Tabiiyki, bugungi kuchli raqobat sharoitida shundoq ham biznesi yaxshi yurishib ketmayotgan tadbirkorlar bunday ortiqcha xarajatdan aziyat chekmoqda.

Tadbirkorlar jamoat transporti qachon kelib-ketishini koʻrsatib turuvchi monitorlar ham oʻrnatishgan edi. Ammo oradan hech qancha vaqt oʻtmay ana shu monitorlar oʻgʻirlab ketildi. Fargʻona shahri markazidagi Sayilgoh, Universitet, Al Fargʻoniy koʻchalaridagi aqlli bekatlarda oʻrnatilgan monitoringlar oʻgʻirlangani boʻyicha tadbirkorlar ichki ishlar organlariga murojaat qilishgan. Ammo hozircha oʻgʻrilar ushlangani va jazolangani haqida aniq maʼlumot yoʻq.
— Eh, kulishniyam, kuyishniyam bilmaysiz, —deydi Sayilgoh koʻchasidagi ana shunday bekatlardan birida faoliyat koʻrsatuvchi tadbirkor.—Har kuni ertalab yoʻlovchilar uchun oʻrindiqlar oʻrnatilgan xonadan turli yeguliklar, shirinliklar, pista poʻchoqlarini tozalayverib charchadim. Xona devorlariga nimalarnidir rasmini chizib, oʻrindiqlarni tepkilab, buzib ketishlarini aytmasam ham boʻladi. Baʼzan shahrimiz mehmonlari yoki xorijlik sayyohlarning bu holatga koʻzi tushsa, biz haqimizda – xalqimizning turmush madaniyati haqida qanday xayolga borishini oʻylab oʻzimdan-oʻzim uyalaman.
—Jamoat transportidan tez-tez foydalanaman,—deydi Fargʻona shahrida istiqomat qiluvchi Muqimjon Qodirov.—Ammo bunday bekatlarda yoʻlovchiga yaratilgan sharoit, tozalik talabga javob bermaydi. Alisher Navoiy koʻchasidagi ana shunday bekatlarning baʼzilari mavsumiy ishlab, muzqaymoq, bir zumdalik yeguliklar sotadi. Egalari almashib ketavergani bois koʻpincha yopiq boʻladi. Yoʻlovchilar uchun ajratilgan xona qarovsiz, abgor holatda.
Bu yerda nafaqat yoʻlovchilarga sharoit yaratib bermaslik, balki toʻlov terminallari hamda onlayn nazorat kassa mashinalaridan foydalanmaslik holatlari ham uchrab turadi.
Fargʻona shahar obodonlashtirish boshqarmasi, viloyat avtomobil yoʻllaridan foydalanish boshqarmasi bilan belgilangan meʼyorlar asosida ijara shartnomasi imzolagan. Lekin moddiy manfaatdorlik evaziga tadbirkor tomonidan bekatni uchinchi shaxsga foydalanishga berib yuborish holatlari ham mavjud.
Albatta, bu yerda kim faoliyat koʻrsatishidan qatʼiy nazar, eng muhimi, yoʻlovchilarga sifatli xizmat koʻrsatish uchun sharoit yaratilishi lozim. Lekin shaharning eng gavjum maskanlarida joylashgan va yoʻlovchilarga zarur sharoitlar yaratish sharti bilan tadbirkorga nol qiymatda ishonib topshirilgan maskanlar faoliyati bugun kutilganidek emas.
Fargʻona viloyat hokimligi tashabbusida eng avvalo, jamoat transportining oraliq toʻxtash bekatlarida yoʻlovchilarga zamonaviy sharoitlarni hozirlash maqsad qilingan edi. Afsus, amalda unday boʻlmadi. Maqsad kimnidir yomonga chiqarish emas, balki xayrli tashabbus ijrosi toʻliq taʼminlanishi hamda uning yechimiga yana bir bor masʼullar eʼtiborini qaratishdir. Bu uddalasa boʻladigan ish, yana qaydam...
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring