Muvaffaqiyatli yakunlangan loyiha

18:21 05 Iyun 2020 Jamiyat
1795 0

“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2018-yilda Prezident qaroriga muvofiq boshlangan “Toshkent metallurgiya zavodining tashqi obyektlarini qurishda elektr energiyasi bilan taʼminlash” loyihasi muvaffaqiyatli yakunlandi. Bu faoliyat energetika sohasida umumiy uzunligi 46 kilometr boʻlgan 220 kVli havo liniyasi hamda yangi, zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan yuqori kuchlanishli “Sirgʻali” podstansiyasi foydalanishga topshirilishi bilan aks etdi. Havo tarmogʻi va yangi podstansiya texnik dasturga asosan 115 soat davomida kuchlanish berilganidan soʻng sinov muddatini muvaffaqiyatli yakunladi.

Maʼlumki, sanoat korxonalari iqtisodiyot lokomotivi hisoblanadi. Shunday ekan, mahalliy xomashyolarni qayta ishlash evaziga tayyor mahsulot ishlab chiqarish, ichki bozor ehtiyojini toʻldirish va mahsulotlarni eksportga yoʻnaltirishda yirik korxonalar soni hamda quvvatini oshib borishni talab etadi. Bunda esa elektr taʼminoti ishonchliligini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Prezidentimizning 2018-yil 29-martdagi hamda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-iyundagi qarorlari ijrosi doirasida amalga oshirilgan mazkur loyihadan koʻzlangan maqsad — Sirgʻali tumanidagi yirik sanoat korxonasining tashqi obyektlarini qurishda elektr energiyasi bilan taʼminlash hamda Toshkent shahri va qisman Toshkent viloyatidagi isteʼmolchilarni, oʻrta va kichik tadbirkorlarni elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlashdir.

Loyiha doirasida qilingan ishlarni batafsil tahlil etadigan boʻlsak, pudratchi “Maxsuselektrtarmoqqurilish” qurilish tashkiloti tomonidan 292 dona fundamentlar, 194 dona SK-26 rusumli tayanch ustunlari, 68 dona metall konstruksiyali tayanch ustunlari oʻrnatildi va 46,6 kilometr uzunlikdagi sim montaj qilindi.

89 dona SK-22 rusumli tayanch ustuni va ikkita 200 megavatli avtotransformatorlar pudratchi “MU-4” qurilish tashkiloti tomonidan oʻrnatildi. “Sirgʻali” podstansiyasi ustunlar bilan toʻliq oʻraldi. Nasos stansiyasi, operativ boshqaruv pulti joylashgan hamda yordamchi funksional binolar foydalanishga topshirildi.

“Toshkent metalurgiya zavodining tashqi obyektlarini qurishda elektr energiyasi bilan taʼminlash” loyihasining umumiy qiymati 29,022 mln. AQSH dollarini tashkil etadi. Shundan 26,5 mln. AQSH dollari Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, qolgan 2,521 mln. AQSH dollari “Oʻzbekiston MET” AJning oʻz mablagʻlari hisoblanadi.

Mazkur loyiha Toshkent shahrining Sirgʻali tumanidagi Yangi Sirgʻali massivi (yangi tashkil etilgan Yangihayot tumani), shuningdek, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Oʻrta Chirchiq, Quyi Chirchiq, Yangiyoʻl va Zangiota tumanlarini qamrab oladi va mazkur hududlar taraqqiyoti uchun xizmat qiladi.

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер