Mustaqillik mahallasida yangi zamonaviy markaz ishga tushirildi

12:23 22 May 2025 Jamiyat
74 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Kogon tumanida Mustaqillik mahallasi markazi foydalanishga topshirildi. U davlatimiz rahbarining 2021-yil 18-sentyabrdagi “Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi ishtirokida qishloq joylarni barqaror rivojlantirish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi.

Loyiha qiymati 4 milliard 628 million soʻm boʻlgan markaz mahallaga uzukka koʻz qoʻygandek yarashib turibdi. Uch qavatli inshootda mahallani odamlar ishonch bilan qadam qoʻyadigan tuzilmaga aylantirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli hamda profilaktika inspektori uchun alohida xonalar mavjud. Ular zamonaviy axborot vositalari bilan jihozlangan. Bino birinchi qavatida “Goʻzallik saloni”, sartaroshxona, qandolat sexi, savdo doʻkoni, ikkinchi qavatda oʻquv markazlari joylashgan. Shuningdek, tikuv sexi, maishiy texnika ustaxonasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun shart-sharoitlar yaratilgan. Eʼtiborlisi, inshootning yertoʻlasi ham odamlar manfaatiga xizmat qiladi. Bu yerda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saralash va qadoqlash sexi faoliyat yuritadi.

Markazning tantanali ochilish marosimida soʻz olganlar bu zamonaviy inshoot tarbiya oʻchogʻi, Vatan ichra kichik vatan sanalgan mahallaning aholi oʻy-tashvishlarini yengillashtirish borasidagi faoliyatini tubdan yaxshilashga xizmat qilishini taʼkidladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?