Mustaqillik — bu erkinlik

14:49 22 Avgust 2024 Siyosat
271 0

1991-yil 31-avgust — davlat mustaqilligimiz tiklangan kungacha kechgan oʻn — oʻn besh yillik va keyingi oʻttiz uch yillik kattagina muddatning har bir bosh bosqich hamda voqealarini yaxshi eslaymiz. Kasbimiz tarixchi boʻlgani tufayli ularni milliy borligʻimiz va davlatchiligimiz taraqqiyoti orqali idrok etamiz, baholaymiz.

1991-yil kuzigacha oldiniga orzudek tuyulib, sovet imperiyasi soʻnggi yillarini boshdan kechirayotgani ayonlashib borgani sari qoʻl choʻzib yetgudek marraga aylangan istiqlol unga erishilgach oʻzgacha sifat kasb etib bordi.

Kuzakning ilk kun va haftalarida butun ong va vujudimizni, endi buyogʻi bari zoʻr boʻladi — uzoq payt ozodlikka tashna boʻlib kelgan millatimiz mehnatkash va isteʼdodli, tez orada demokratiya, bozor iqtisodiyoti tantana qilib, dunyoga chiqamiz, ilgʻor davlatlar qatoridan oʻrin olamiz, farovon, mazmunli va adolatli turmush kechiramiz, degan ishonch qamrab olgan edi.

Oʻshanda rahmatli otamizning, toʻgʻri, shunday boʻlishini men ham istayman, biroq sen oʻylagandek oson kechmaydi, deganlari ham bor gap.

Chindan ham, 33-yil birdek oʻtgani yoʻq. Tarix hukmiga koʻra ushbu jiddiygina, rosmana tahlillari hali oldinda muddat ikki bosqichga ajralib boʻlganini ham inkor etish mumkin emas. Eng muhimi, mustaqillik unga tashnalar uchun neʼmatdek qabul qilinsa-da, aslida oʻta mashaqqatli, qarama-qarshiliklarga boy, goh quvontirib, goh xafa qiladigan jarayon — huquq ekan!

Bu haqdagi ilk qarashlarimizni “Milliy tiklanish” gazetasida bosilgan “Mustaqillik demokratiyasi” sarlavhali maqolamizda bayon etganimizga ham ikki yili kam oʻttiz yil boʻlibdi…

Oʻshandan keyingi juda murakkab, baʼzan tushunib boʻlmas pallalarda mustaqillikning mustamlakachilikdan farqi va afzalliklari borasida shubhali oʻylarga ham borganimizni yashirib oʻtirmaymiz. Millat oʻlaroq boshqa kimgadir butunlay qaramlikdan qutulish, davlat mustaqilligini tiklash bir ish, jamiyat — yurtdoshlar mustaqilligi boshqa bir ish ekani haqidagi “vahimali” xulosalarimiz ham oʻsha paytlarda tugʻila boshlagani rost!

Demak, davlatchilik oʻz yoʻliga, ammo milliyatchilik omili ham oʻta muhim va zarur ekan! Boshqacha aytganda, garchi har qanday sharoitda davlatchilikni yoqlasak-da, biroq uning negizi boʻlmish inson — millatni yuzaga chiqarmay turib, davlatni mustahkamlab ham, taraqqiy ettirib ham boʻlmas ekan. Uch ming yillik milliy davlatchilik rivojimizdagi eng hal qiluvchi bosqichlardan biri sanalmish Yangi Oʻzbekiston ushbu haqiqatning boqiyligi va samaraliligini isbotladi-qoʻydi!

Hech bir shubhasiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev nomi va xizmatlari bilan bogʻlangan va bogʻlanadigan Yangi Oʻzbekiston nimadan boshlanganini eslash, eslatish ham farz, ham qarz.

Erkinlik, umummilliy erkinlikdan!

Oʻsha kezlari ijtimoiy-iqtisodiy ahvolimiz oʻta tang boʻlgani endilikda bir yomon tushga aylanib ulgurdi. Siyosiy vaziyat, ayniqsa, mintaqamizdagi taranglik darajasini ham hozirda birov yo xotirlaydi, yo yoʻq. Ammo oʻzbekning necha-necha avlodi tashna boʻlgan omil — erkinlik bugun biz baralla aytayotgan yangilanishlar, oʻzgarishlar davrini ochib berganini hech kim inkor etolmaydi. Agar kelib chiqishi arabcha boʻlmish “mustaqillik” soʻzi oʻz erki bilan ish koʻrishni bildirishi-yu, “oʻzbek”ning maʼnisi ham aslida shundayligidan kelib chiqilsa, 2016-yil kuzida jamiyatimizga inʼom etilgan bebaho kuch va boylikning ahamiyati yanada oydinlashishi muqarrar.

Demak, inson erkiga qurilgan davlatchilikkina oʻz vazifasini toʻlaqonli va oqilona bajara olishi mumkin ekan! Negaki, insonning ilk va borliq huquqi uning erkidir! Oʻtgan sakkiz yillik oʻta qisqa vaqt ichida milliy yetakchimiz boshchiligida erishilgan va erishilayotgan chindan ham, tarixiy yutuqlarimiz — 3000-yillik davlatchilik rivojimizda ilk bor demokratiya bosqichiga oʻtilgani, bozor iqtisodiyoti tiklangani, ilm-fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash tizimlarida adolat oʻrnatilgani, majburiy mehnat — paxta qulligidan qutulingani, soʻz erkinligiga erishilgani, musulmonchiligimiz saqlab qolingani, tarixiy Turon — Markaziy Osiyo, Turkiy dunyo birligi taʼminlagani, xalqaro maydonda yoʻqotilgan oʻrnimiz qaytib olinayotgani — barcha-barchasining buloqboshisi aynan shu tengsiz omil bilan bogʻliqligiga qattiq ishonamiz!

Ha, mustaqillik erkinlikdir!

Azamat ZIYO,

akademik,

Oliy Majlis Senati aʼzosi,

FA Tarix instituti direktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер