Musavvirlar qachon boshpanaga yolchiydi?

15:52 04 Mart 2026 Jamiyat
291 0

Respublika Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi aʼzosi Rahim Hakimov katta hayotiy tajribaga ega. Uning izlanishlari tufayli qadimiy “ebru bahor” sanʼatida yangi usul paydo boʻldi. Rassom uni “Naqshi abri – Buxoro” deya nomladi. Gap shundaki, Turkiya, Niderlandiya, Fransiya kabi davlatlardan tushgan takliflarga koʻra, shu mamlakatlarda shaxsiy koʻrgazmasini tashkil etgan musavvirning yuzdan ziyod asari ayni damda uyning zax yertoʻlasida, talabga umuman javob bermaydigan sharoitda saqlanmoqda.

– Butun umrimni tasviriy sanʼatga bagʻishladim, – deydi keksa rassom. – Oʻz asarlarim vositasida yurtimizni dunyoga tanitish, yoshlarni milliy qadriyatlarimizni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash, madaniy merosga hurmat ruhida tarbiyalash, ulardagi vatanparvarlik tuygʻusini kuchaytirish kabi xayrli ishlarga baholi qudrat hissa qoʻshib kelyapman. Shogirdlar tayyorlayapman. Ammo musavvirlar uchun shu paytga qadar sayyohlar qadami qishin – yozin uzilmaydigan Buxorodek shahri azimda koʻrgazmalar zali hamda ustaxonalarni oʻzida jamlagan bir markazning yoʻqligi juda achinarlidir. Shu boisdan asarlarimni uydagi yertoʻlada saqlashga majbur boʻlyapman. Hatto uyushmamizning ham tuzukroq boshpanasi yoʻq. Eʼtiborsizlik bundan ortiq boʻlishi mumkinmi?

Shu oʻrinda davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorini eslashga toʻgʻri keladi. Mazkur qarorda tizim faoliyatini yanada yaxshilashga qaratilgan ishlar qatorida Badiiy ijodkorlar uyushmasi boʻlimlarining ijodiy ustaxonalari faoliyatini takomillashtirish, moddiy-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash ham koʻzda tutilgan.

– Shunga koʻra, hududiy boʻlimlarda galereyalar tashkil etish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasida respublikamizning barcha viloyatlarida tegishli ishlar amalga oshirildi, – deydi uyushma viloyat boʻlimi rahbari Obid Mavlonov. – Lekin murojaatlarimizga qaramasdan bu muammo Buxoroda oʻz yechimini topgani yoʻq.

Yana bir muammo shundaki, rassomlarning asarlari Buxoro davlat muzeylari jamlanmalariga sotib olinmayapti. Musavvirlarga panja orasidan qarab kelinmoqda. Boz ustiga ular oʻz ijod namunalarini eski shahardagi kichkina hujralarda yoki shaxsiy uylarida koʻrsatib kelishmoqda. Bu noqulaylik milliy tasviriy sanʼatimizni dunyoga tanitishga, tomoshabinga haqiqiy estetik zavq ulashishga halal berayapti, rassomlarning xorijdan tashrif buyurgan sanʼat ixlosmandlari oldida xijolat chekishiga sabab boʻlmoqda.

Vaholanki, viloyatda Badiiy ijodkorlar uyushmasining 66 nafar aʼzosi bor. Tasviriy amaliy sanʼatga ixtisoslashtirilgan maktab-internatdan tashqari oʻndan ziyod sanʼat maktabida rassomlik yoʻnalishlari mavjud va ularda yuzlab iqtidorli yoshlar tahsil olishayapti. Ular birin – ketin mehnat bozoriga kirib kelmoqda.

– Davlatimiz hamda oilasining sarmoyasi evaziga poytaxtimizda tasviriy sanʼat yoʻnalishida saboq olgan yoshlarni aytmaysizmi? – deydi uyushma aʼzosi Raʼno Eshonqulova. – Buxoroga kelgandan keyin ular shu kabi muammolarga roʻparoʻ boʻlmoqda. Qaysi biridir koʻchalarda suvenir darajasidagi rasmlar chizib sotish bilan mashgʻul, qay biridir poytaxtga ijod qilgani ketayapti. Yana qaysi biridir ilojsizlikdan kasbini oʻzgartiryapti. Vaholanki, bu yosh rassomlar ajoyib asarlar yaratishlari, shu orqali tasviriy sanʼatimiz dovrugʻini jahonga yoyishga oʻz hissalarini qoʻshishlari mumkin edi. Biz galereya barpo etish, musavvirlarning ijod qilishlari uchun risoladagidek shart-sharoitlar yaratish yuzasidan viloyat mutasaddilariga koʻp bor murojaat etganmiz, takliflar bildirganmiz. Tanqidiy fikr-mulohazalar aytilgan.

– Ammo bu gaplar ularga chivin chaqqanchalik taʼsir etgan emas, – deya afsus bilan taʼkidlaydi Rahim Hakimov. – Vaʼdani quyuq qilishdan nariga oʻtishmayapti. Ellik yildan buyon viloyat, shaharga qanchadan-qancha kishi rahbarlik qildi. Lekin dardimizni quduqqa aytganimiz qoldi, xolos. Bizning-ku, yoshimiz anchaga bordi. Men yoshlarni har kuni “Ustoz, mashgʻulotlarni qachon boshlaysiz”, deya soʻzimga ilhaq shogirdlarimni oʻylab tashvish tortaman. Toʻgʻri, Olimjon madrasasidagi ustaxonamiz yopilgach, Mulla Muhammad Payraviy masjididan boshpana sifatida foydalanish harakatidaman. Lekin tashlandiq holdagi bu qadimiy goʻshani risoladagidek holga keltirish uchun ham 20-25 million soʻm mablagʻ sarflashga toʻgʻri keladi.

Darvoqe, Badiiy ijodkorlar uyushmasi viloyat boʻlimiga yaqinda madaniy meros obyekti – qadimiy Quyi xonaqoh masjidi boshpana sifatida ajratilibdi. Masjiddagi ayvondan galereya sifatida foydalanilar ekan. Aftidan soha masʼullari “Shundan ham quruq qolmaylik”, deya bu qadamjoni boshpana tutishga rozi boʻlishgan. Qadamjo, deyishimiz bejiz emas. Masjid yonida qaysidir bir avliyoning qabri va yana sagʻanalar bor. Mutasaddilar “Musavvirlar bu joyda yaxshi kayfiyat bilan ijodiy suhbatlar qurishadi, diydorlashishadi, koʻrgazmalarini tashkil etishadi”, deb oʻylashgan shekilli-da. Tagʻin bilmadik.

Xullas, namunali zamonaviy galereya, badiiy koʻrgazmalar zallari, ijodiy ustaxonalar, xalqaro anjumanlar oʻtkaziladigan sanʼat va madaniyat markazi buxorolik musavvirlar uchun shirin bir orzuligicha qolmoqda.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер