Murakkab koʻz jarrohligi endi oʻzimizda

12:44 19 Noyabr 2025 Jamiyat
174 0

Koʻz — insonning hayotga oynasi, atrofdagi goʻzalliklarni tanish va his etish imkonini beruvchi beqiyos neʼmat. Shu bois uni asrash, koʻrish qobiliyatini saqlab qolish har bir inson uchun juda muhim. Koʻz toʻr pardasi — inson koʻrishida hal qiluvchi oʻrin tutadi. Uning yirtilishi yoki zararlanishi chaqnoqlar, qorongʻi pardalar, koʻrishda keskin oʻzgarishlar bilan namoyon boʻladi. Bu holatda shifokor yordamini kechiktirish — koʻrishdan mahrum boʻlish xavfini orttiradi. Shuning uchun ham bu amaliyotlarda yuksak aniqlik, tajriba va zamonaviy uskunalar juda muhim. Bu yoʻnalishda Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi markazining Termiz filialida xayrli ishlar olib borilmoqda.

Yaqinda Samaradan tashrif buyurgan malakali jarroh Ilya Kazakov Termiz filiali shifokorlari bilan birgalikda ikki kun davomida oʻndan ortiq bemorda aynan shu turdagi murakkab amaliyotlarni muvaffaqiyatli bajardi. Bu nafaqat jarrohlik amaliyoti, balki ilmiy-amaliy tajriba almashuv boʻldi.

— Maqsadimiz faqat operatsiya oʻtkazish emas, balki bilim va tajribamizni boʻlishish, — deydi malakali shifokor Ilya Kazakov. — Oʻzbekistondagi hamkasblarimning salohiyati yuqori. Birgalikda amalga oshirayotgan ishlarimiz bemorlar sogʻligi yoʻlida muhim qadam.

Termiz filiali shifokorlari uchun bu hamkorlik katta imkoniyat ochdi.

— Filialda vitrektomiya kabi murakkab amaliyotlarni yoʻlga qoʻyish imkoni yaratildi, — deydi shifokor Azizbek Murodov. — Ilgari bunday operatsiyalar uchun bemorlar poytaxtga borishga majbur edi. Endi esa barchasi oʻzimizda amalga oshirilmoqda. Murakkab amaliyotlar orqali koʻplab bemorlar hayotiga yangi nur kirmoqda. Bu aholiga juda katta yengillik.

– Chap koʻzim deyarli koʻrmay qolgandi. Rostini aytsam, umidim juda oz edi, – deydi Nurali Normamatov. – Lekin shifokorlar vaqtini ham, mehnatini ham ayamadi. Amaliyotdan keyin koʻz nurim qaytdi. Bu hayotimning ikkinchi nafasi boʻldi.

Filialda jarrohlik bilan birga profilaktika ishlari ham kuzatib borilmoqda. Mutaxassislar nojoʻya oʻzgarishlar sezilsa, darhol koʻrikdan oʻtishni tavsiya qilmoqda. Xususan, diabet va qon aylanishi bilan bogʻliq kasalliklari boʻlganlar yiliga kamida ikki marta tekshiruvdan oʻtishi zarur. Bolalarda koʻrishni erta nazorat qilish, gadjetlardan toʻgʻri foydalanish meʼyorlariga rioya etish ham koʻz salomatligida muhim oʻrin tutadi.

Termiz filialida amalga oshirilayotgan mazkur ishlar, xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlik va zamonaviy uskunalar koʻplab bemorlarga koʻrish qobiliyatini, eng muhimi — umid va ishonchini qaytarmoqda. Koʻz — insonning eng nozik va qimmatli boyligi. Uni asrash esa salomatlikka qoʻyilgan muhim qadamdir.

Farhod ESONOV

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?