Muhtoj oilalar oʻz uylariga ega boʻldi

12:43 05 Mart 2025 Jamiyat
127 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Shoʻrchi tumani “Kakan” mahallasida yashovchi Sanam Abduraimova yolgʻiz ona, bir nafar farzandi bor. Turmush oʻrtogʻi bilan ajralganidan keyin uysiz qolgandi. Mamlakatimizdagi kuchli ijtimoiy siyosatning amaldagi ijrosi bilan unga yangi uy berildi.

— Uyi borning tashvishi yoʻq — deydi Sanam Abduraimova. — Ikki xonali boʻlsada, oʻz uyim boʻlishini orzu qilardim. Lekin bu imkonsiz tuyulardi. Qizimni onamga qoldirib, xorijga ishlagani ketmoqchi boʻldim. Shunday kunlarning birida mahalla faollari kelishdi. Ota uyda uch-toʻrt oila yashayotganimizni inobatga olib, uyga muhtojlar roʻyxatiga kiritishdi. Saxovatpesha insonlar qisqa fursatda uch xonali uy qurib berishdi. Ayni paytda tikuvchilik kursida bepul oʻqiyapman. Kursni tamomlashim bilan tikuv mashinasiga ham ega boʻlaman. Endi roʻzgʻorimni oʻzim tebratishga imkonim bor.

Bugun Yangi Oʻzbekistonda inson qadri va xalq manfaati hamma narsadan ustun. Har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoitlari yaratilmoqda. Bunday ezgu maqsadlarga erishish uchun dunyodagi noyob demokratik tuzilma boʻlgan mahalla institutining katta imkoniyatlaridan samarali foydalanilyapti.

— Mahallamizda aholining barcha qatlami, jumladan, kam taʼminlangan, nogironligi mavjud, yolgʻiz, oʻzgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga alohida eʼtibor qaratilmoqda, — deydi “Kakan” MFY raisi Xayrulla Allayev. — Bunda davlatimiz rahbarining 2024-yil 23-sentyabrdagi “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori dasturilamal boʻlmoqda. Qaror ijrosini taʼminlash maqsadida oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli oʻrganildi. Kambagʻal deb topilgan oilalar roʻyxatini hokimlikka taqdim qildik.

Ziyodullo Haydarov ikkinchi guruh, turmush oʻrtogʻi birinchi guruh nogironi. Chorasizlikdan shu kungacha bir uyda uchta oila yashab kelayotgandi. Xatlovda koʻmakka muhtoj oilalar roʻyxatiga kiritilgan oilaga homiylar koʻmagida uch xonali uy qurib berildi.

— Ancha yildan beri uy qurishga imkonimiz boʻlmayotgandi, — deydi oila aʼzosi Shahnoza Boboqulova. — Bugun oʻz uyimizda mehmon kutyapmiz. Toʻrt nafar farzandimizni shu uyda tarbiyalab, jamiyatimiz uchun nafi tegadigan inson qilib tarbiyalashga vaʼda beraman.

Mahallada 4 ming 600 nafar ziyod aholi istiqomat qiladi. Xatlovda 20 ta kambagʻal oila roʻyxati shakllantirilgan edi. Ana shu oilalarning har biri sektorlar hamda tashkilotlar rahbarlariga biriktirib berildi. Ular “Kambagʻallikdan — farovonlik sari” dasturi ijrosi doirasida “mahalla yettiligi” bilan bahamjihatlikda aniq tuzib chiqilgan chora-tadbirlar asosida ish olib bormoqda. Mahalla faollari shu yil oxirigacha oilalarni kambagʻallikdan chiqarishni maqsad qilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер