Muhim dasturiy hujjat va Samarqand shahrini modernizatsiya qilish masalasi muhokama qilindi

20:33 20 Yanvar 2026 Siyosat
297 0

Bugun, 20-yanvar kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi majlisida mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichidagi ustuvor yoʻnalishlarni belgilab beruvchi muhim dasturiy hujjat — 2026−2030-yillarga moʻljallangan “Oʻzbekiston-2030” strategiyasining yangilangan loyihasi atroflicha koʻrib chiqildi.

Senatorlar va ekspertlar ishtirokida boʻlib oʻtgan muhokamada taʼkidlanganidek, 350 dan ortiq davlat organlari va ilmiy markazlar takliflari asosida takomillashtirilgan ushbu loyiha avvalgi strategiyalardan oʻzining aniq natijadorligi va raqamlashtirilgan mezonlari bilan tubdan farq qiladi.

Xususan, hujjatdan baholab boʻlmaydigan 130 ta umumiy shior va vazifalar chiqarib tashlandi. Endilikda har bir maqsad “inson qadri uchun” tamoyili asosida yillar kesimida taqsimlangan boʻlib, 60 ga yaqin vazirlik va idoralar faoliyati alohida samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) asosida baholanishi belgilandi.

Qoʻmita majlisida strategik maqsadlarni hududiy darajada amalga oshirishning uzviy davomi sifatida Samarqand viloyatining Samarqand tumanini tugatish hamda Oqdaryo, Pastdargʻom, Toyloq tumanlari va Samarqand shahri chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi masala ham muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, Samarqand shahrini “millionli shahar”ga aylantirish, zamonaviy arxitektura yechimlariga ega turar joy va noturar binolarni qurish, aholining uy-joylarga boʻlgan talabini toʻla qondirish, hududlarni infratuzilma bilan taʼminlash orqali aholiga munosib yashash sharoitini yaratish maqsadida Samarqand tumani alohida maʼmuriy-hududiy birlik sifatida tugatilmoqda.

Chegaralar oʻzgartirilishi hisobiga Samarqand shahri hududi 11,8 ming gektardan 28,9 ming gektargacha kengayib, yangi investitsiya va qurilish loyihalari uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Samarqand shahrining kengaygan hududida yangi turistik loyihalar, oʻyin maydonlari, akvapark, havo sharlari, istirohat bogʻlari kabi koʻngilochar turizm va dam olish maskanlari tashkil etilishi, yangi yashil hududlar va xizmat koʻrsatish obyektlari va logistika markazlari qurilishi rejalashtirilgan.

Senatorlar oʻz chiqishlarida taʼkidlaganidek, mazkur islohotlar Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “odamlarni hayotdan rozi qilish” tamoyilining amaliy ifodasi sifatida Samarqandning xalqaro megapolis nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida koʻrilgan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?