Muftiy Janubiy Koreyadagi oʻzbekistonlik mehnat muhojirlari bilan uchrashdi

23:27 22 Aprel 2024 Jamiyat
505 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Oʻzbekiston bilan Janubiy Koreya oʻrtasidagi chuqur tarixiy rishtalar, Sharq xalqlariga xos boʻlgan oʻxshash mentalitet, anʼanalar va maʼnaviy qadriyatlar oʻzaro chambarchas bogʻlab turadi. Ayniqsa, soʻnggi yillarda ikki davlat rahbarlarining doʻstona aloqalari natijasida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar alohida strategik sheriklik darajasiga koʻtarilib, har bir soha boʻyicha hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib bormoqda. Jumladan, diniy-maʼrifiy hamkorlik yoʻnalishida samarali muloqot va aloqalar faol davom ettirilmoqda.

Ayni ezgu maqsadni koʻzlagan holda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar ushbu mamlakatda boʻldi. Dastavval muftiy Janubiy Koreya musulmonlari federatsiyasi prezidenti Xvang Byong Xa-Ahmad va Janubiy Koreya musulmonlari jamoati bosh imomi Li Ju Xva-Abdurahmon Li bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Samimiy muloqotda Oʻzbekiston va Janubiy Koreya davlatlari oʻrtasidagi hamkorlik rivojlanib borayotgani, Oʻzbekistondagi soʻnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, diniy jabhadagi yangilanishlar, diniy idoralar oʻrtasida yaqin hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgani alohida qayd etildi. Shuningdek, marosim ishtirokchilariga Oʻzbekistonning ziyorat turizmi salohiyatiga bagʻishlangan videolavha namoyish etildi va jurnal, gazeta kabi tarqatma materiallar berildi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va Janubiy Koreya musulmonlari federatsiyasi oʻrtasida anglashuv Memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat asosida diniy sohadagi hamkorlikni mustahkamlash, diniy taʼlim va imom-xatiblar tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyish, yot gʻoyalarga birgalikda qarshi kurashish va hamkorlikda anjumanlar oʻtkazish koʻzda tutilgan. Shuningdek, Janubiy Koreyada mehnat migrantlari koʻp joylashgan hududlardagi jome masjidlarda oʻzbekistonlik imom-xatiblar ishtirokida muntazam maʼrifiy suhbatlar tashkil etish imkoniyatlari yaratiladi.

Safar davomida muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar Janubiy Koreyada yashab, taʼlim olayotgan va mehnat qilayotgan vatandoshlar bilan bir qator uchrashuvlar tashkil etdi. Ushbu mamlakat poytaxtidagi Seul markaziy jome masjidi va Kimxe shahridagi «Al-Buxoriy» masjidida boʻlib oʻtgan muloqotlarda vatandoshlarimizga diyorimizda amalga oshirilayotgan diniy-maʼrifiy jabhadagi yangilanishlarni soʻzlash barobarida bugungi murakkab davrda turli tahdidlardan oʻzlarini himoya etishlari, oʻzga yurt qonun-qoidalariga amal qilishlari taʼkidlab oʻtildi. Suhbat asnosida vatandoshlarimizning murojaat va takliflari ham tinglanib, maʼrifiy adabiyotlar taqdim etildi.

Oʻz navbatida hamyurtlarimiz mana shunday eʼtibor va gʻamxoʻrliklarni amalga oshirishga tashabbus koʻrsatayotgan Prezidentimizdan cheksiz minnatdor ekanliklarini bildirdi. Shu bilan birga, mazkur fayzli suhbatlar Vatanni sogʻingan qalblarga taskin boʻlganini, ayniqsa, kelgusida ilm oʻrganib, tajriba hosil qilgach, albatta, yurtga qaytib, jonajon Vatanimiz taraqqiyoti yoʻlida xizmat qilishlarini taʼkidladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер