Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida

Foto: Arxiv surat
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Keyingi yillarda mamlakatimizda “Inson qadri uchun” degan ezgu gʻoya asosida har bir fuqaro erkin va farovon yashaydigan Yangi Oʻzbekistonni barpo etish maqsadida xalqimizning azaliy orzu-intilishlariga hamohang va uygʻun holda keng koʻlamli islohotlar olib borilmoqda.
Oldimizga qoʻygan bunday ulugʻvor vazifani amalga oshirishda biz eng avvalo qadimiy tariximiz va boy madaniyatimizga, yuksak insonparvarlik tamoyillarini oʻzida mujassam etgan milliy va diniy qadriyatlarimizga tayanishimiz tabiiydir. Ayniqsa, el-yurtimiz doimo orziqib, katta xursandchilik bilan kutib oladigan, jamiyatimizda tinchlik, doʻstlik, mehr-oqibat va bagʻrikenglik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladigan muqaddas Ramazon oyining bu borada alohida oʻrni va ahamiyati borligini taʼkidlash lozim.
Butun dunyo musulmonlari qatori xalqimiz uchun ezgulik, mehr-muruvvat, saxovat, olijanoblik va shukronalik timsoli boʻlgan muborak Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada oʻtkazish, diniy-maʼrifiy, madaniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulugʻlash maqsadida:
1. 2023-yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 23-mart kuniga toʻgʻri kelishi haqidagi Oʻzbekiston musulmonlari idorasining axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari boʻyicha qoʻmita va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Ramazon oyini milliy anʼana hamda qadriyatlarga mos va munosib tarzda oʻtkazishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
Hududlarda Ramazon oyining mazmun-mohiyatida mujassam boʻlgan odamiylik, inson shaʼnini ulugʻlash, yaxshilik va mehru saxovat kabi fazilatlarni namoyon etadigan, bugungi tinch va osoyishta hayotimizni qadrlash, oila va mahallalarda, butun yurtimizda mehr-oqibat, oʻzaro hurmat muhitini mustahkamlash, kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlarni tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilsin.
3. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon oyini oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi M.M. Kamilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- JSST yangi halokatli pandemiyaga tayyorlanishga chaqirdi
- O‘zbekiston Prezidenti va Singapur Prezidenti muzokara o‘tkazdilar
- 2024 yildan yangi uy sotib olganlarga QQSning yarmi qaytarib beriladi
- Shavkat Mirziyoyevning Chilonzor tumaniga tashrifidan fotoreportaj
- Gender tenglikni taʼminlash va munosib mehnat sharoitlarini yaratish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi xalqaro standartlar asosida takomillashtiriladi
- O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan muhim tashabbuslarni ilgari surdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring