Muammolar tahlil qilinib, imkoniyatlarni toʻliq ishga solish boʻyicha vazifalar belgilandi

16:07 26 Mart 2024 Siyosat
626 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26-mart kuni Namangan viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Odamlarning mehnati va tadbirkorligi bilan Namanganda hayot oʻzgarayotgani qayd etildi. Oxirgi yetti yilda viloyat iqtisodiyoti 2 barobar, eksport 3 karra oʻsib, aholi jon boshiga daromad 15,5 million soʻmga yetgan. 65 trillion soʻm investitsiya hisobiga 600 ming ish oʻrni yaratilgan.

Lekin hali koʻp imkoniyatlar ishga solinmagan, joylarda kamchiliklar ham bor. Masalan, viloyat eksportining 86 foizi toʻqimachilik va meva-sabzavotchilik hissasiga toʻgʻri keladi. Pop, Chortoq, Norin va Yangiqoʻrgʻonda sanoatlashish darajasi past. Viloyatda 56 ming tomorqada mahsulot yetishtirilmayapti.

Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda shu kabi muammolar tahlil qilinib, imkoniyatlarni toʻliq ishga solish boʻyicha vazifalar belgilandi.

Davlatimiz rahbari eng asosiy masala aholi bandligini taʼminlash va daromadini oshirish ekanini taʼkidladi.

Sayxunobod tajribasi asosida Namanganda ham katta harakat boshlangan. Viloyatning 14 ta tumanidagi 788 ta mahallaga bank filiallari biriktirilgan. Ular “mahalla yettiligi” bilan birga xonadonlardagi imkoniyatlarni, oilaning xohish-istaklarini oʻrganmoqda.

Birinchi bosqichda kam daromadli 4 mingta xonadon tanlab olinib, oila aʼzolari jon boshiga oylik daromadni 2 million soʻmgacha oshirish choralari koʻriladi. Keyingi bosqichda yana 4 mingtasiga moliyaviy, texnik, maslahat va boshqa koʻrinishdagi amaliy yordam beriladi. Mahallalarda gulchilik, baliqchilik, asalarichilik, chorvachilik, uzumchilik, qulupnay va kartoshka yetishtirish imkoniyati, ayniqsa, yaxshi. Bunga imtiyozli kreditlar ajratiladi.

– Bu ishlarni kim qilishi kerak? Prezident vakili boʻlgan hokimlar, sektor rahbarlari, 5 mingdan ortiq iqtisodiy idora xodimlari, mahalladagi “yettilik” qilishi lozim. Buning uchun barcha masʼullar har bir korxona, tadbirkor va xonadon bilan yaqindan ishlaydigan tizimni yoʻlga qoʻyishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Soʻnggi yillarda toʻqimachilikda xomashyoni toʻliq qayta ishlash yoʻlga qoʻyilib, eksport hajmi 1 milliarddan 4 milliard dollarga koʻpaydi. Xuddi shunday, zargarlikda ham salohiyat hozirgidan ancha yuqori. Yurtimizda yiliga 100 tonna oltin qazib olinmoqda. Lekin uning atigi 6 foizi qayta ishlanib, bor-yoʻgʻi 78 million dollar eksport boʻlgan.

Shu bois tadbirkorlar uchun alohida sharoitlarga ega zargarlik zonalari tashkil qilinishi aytildi. Sohaga xomashyo yetkazish, mutaxassis tayyorlash, ishlab chiqarish zanjiri va sotish tizimi butunlay qayta koʻrib chiqiladi. Bu borada qonunchilikka ham takliflar kiritiladi.

Toʻla foydalanilmayotgan imkoniyatlar yana yoʻllar va turizmdir. Angren shahridan to Toʻraqoʻrgʻongacha 100 kilometr yuriladi, avtomobil oqimi kuniga 10 mingdan oshadi. Tadbirkorlar bu yoʻl boʻyida oshxonalar, savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalarini koʻpaytirib, 10 ming aholini doimiy band qilishga tayyor. Buni tartibli tashkil qilish uchun master-reja ishlab chiqib, yerlarni auksionga chiqarish vazifasi qoʻyildi.

Namangan viloyatining togʻli va xushmanzara hududlarida turizmni rivojlantirish, sayyohlarga qulaylik yaratish uchun avia va temiryoʻl qatnovlarini koʻpaytirish zarurligi aytildi.

Viloyatda sanoat salohiyati ham yuqori. Soʻnggi yillarda 72 ta kichik va yoshlar sanoat zonalari ishga tushdi.

Lekin 16 ta sanoat zonasida 78 gektarda qoʻshimcha loyiha joylashtirish imkoniyati bor. 29 ta noruda koniga sanoat kirib bormagan. Viloyatning qoʻshni davlatlarga eksporti 568 million dollar. Bu bor imkoniyatga mutlaqo toʻgʻri kelmaydi.

Shu bois konlarni savdoga chiqarish, qoʻshimcha bojxona postlari va savdo uylari ochish, Namangan xalqaro aeroportida yuk terminali va Qamchiq dovoniga yaqin joyda logistika markazi tashkil etish choralari belgilandi. Toʻqimachilik, charm-poyabzal, zargarlik, elektr texnikasi, qurilish materiallari tarmoqlaridagi loyihalar boʻyicha koʻrsatmlar berildi.

Kuni kecha Norin daryosida GESlar kaskadi, Pop tumanida ming megavattli 2 ta quyosh elektr stansiyasi qurilishi boshlandi. Kelgusi yilda Katta Andijon kanalida 51 megavattli kichik GESlar kaskadi ham ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Buni davom ettirib, gidroenergetikani har bir soy, har bir mahallaga olib kiradigan tizim qilish muhimligi qayd etildi.

Qishloq xoʻjaligidagi masalalar muhokama qilinar ekan, kanallarni betonlash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish ishlari mutlaqo qoniqarsiz ekani koʻrsatib oʻtildi.

Uchqoʻrgʻon, Pop, Uychi va Mingbuloqda Sloveniya tajribasi asosida intensiv baliqchilik yoʻlga qoʻyilishi, bu tarmoqda 4 ta yirik loyiha ishga tushirilishi aytildi.

Namanganda 1,5 million tonna meva-sabzavotdan 10 foizi eksport qilingan. Agar ish toʻgʻri tashkil qilinsa, eksportini 3-5 barobar oshirish mumkin. Shu maqsadda viloyat meva-sabzavot eksporti geografiyasi Xitoy, Germaniya, Italiya, Ispaniya va Arab davlatlariga kengaytiriladi. 54 ming gektar yerning agrokimyoviy xaritasi ishlab chiqilib, 18 ming gektari “GSP+” talablariga moslashtiriladi.

Viloyatda meva-sabzavot, goʻsht va sutni qayta ishlash darajasi ham kam. Masalan, Kosonsoy va Chortoq meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan boʻlsa-da, birorta qayta ishlash korxonasi yoʻq.

Shu bois bu yoʻnalishda 141 million dollarlik 62 ta loyiha ishga tushiriladi. Kosonsoy va Popda yirik chorvachilik klasterlari tashkil etiladi.

Shahar va mahallalar infratuzilmasini yaxshilash vazifalari ham juda muhim. Bugungi kunda 200 ming aholi uchun Yangi Namangan shahri qurilmoqda. Endi Chust va Pop tumanida 10 ming aholi uchun “Yangi Oʻzbekiston” massivlari, yana 20 ming xonadonli turar joylar, IT-park va bogʻ barpo etiladi.

Tumanlarda ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash, yoʻllar qurish va taʼmirlash vazifalari belgilandi.

Viloyatdagi 16 ta ixtisoslashgan tibbiyot markazi negizida ikkita – birinchi va ikkinchi Namangan tibbiyot markazlari tashkil etiladi. Bunda shoshilinch va boshqa tibbiy xizmatlar, diagnostik tekshiruvlar hamda tor soha mutaxassislarini bir joyga jamlash, aholiga tunu kun xizmat koʻrsatish imkoni yaratiladi.

Oliy oʻquv yurtlarida taʼlim sifatini oshirish, yoshlar va xotin-qizlar bandligini taʼminlash vazifalariga ham toʻxtalib oʻtildi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan viloyat va tuman hokimlari, vazirlar axborot berdi. Videoaloqa orqali tumanlar jamoatchiligi bilan samimiy muloqot boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер