Muallimaning 22 tup niholi...

21:59 05 Aprel 2024 Jamiyat
803 0

— Do‘stim, meni tabrikla! Farzandli bo‘ldim!

— Umri bilan bergan bo‘lsin! Xo‘sh, endi bayramni boshlaymizmi? Ancha-muncha xarajat qilasan, “eriysan” endi, to‘g‘rimi?

— Yo‘q, do‘stim, bu dabdabalarning nima keragi bor. Otam yaxshi maslahat berdi, shuni amalga oshirmoqchiman, sening ham yordaming asqatadi.

— O‘zi nima qilmoqchisan?

— Hozir bozorga borib, 10 tup mevali daraxt ko‘chati sotib olamiz. Keyin uni yangi dunyoga kelgan o‘g‘lim sharafiga ekamiz. O‘g‘lim ulg‘ayib, yura boshlaganida daraxtlar hosilga kiradi. Ham  meva, ham toza havo. Axir ona tabiatimiz yashillikka muhtoj bo‘lib turgan paytda turli dabdababozlikka balo bormi? Fikrim senga ma’qulmi?

— Jo‘ra, to‘g‘ri o‘ylabsan, ketdik bozorga!

Bu kabi ibratli tashabbuslar keng qanot yoza boshlagani quvonarli, albatta. Azaldan xalqimiz farzand tug‘ilganda unga atab terak eggani, o‘g‘liga uy qurganida shu terakdan foydalangani haqida keksalarimiz gapirib yurishadi. Bugun esa ana shu o‘lmas qadriyatlar yana urfga aylanmoqda, yoshi oltmishga yetgan kishilar 60 tup ko‘chat ekib, bog‘ni parvarishlashni o‘z zimmasiga olayotgani ham an’ana tusiga kirdi. Yurtga mehri, muhabbati yuksak odam, albatta, ona zaminga o‘z qo‘llari bilan nihol ekadi-da. O‘zi Vatanni sevish uni bog‘-rog‘larga aylantirishdan boshlandi.

Tan olish kerak, to‘qlikka sho‘xliklar ham bor. To‘ylardagi, turli marosim va izdihomlardagi ortiqcha taomlaru dabdabalar oddiy oila byudjetini cho‘ktirib qo‘yishi hech gap emas. Aslida bu marosimlarning o‘zi ortiqcha tashvish. Uni o‘rniga to‘ybolaga atab mevali daraxt ko‘chati o‘tqazilsa  yoki kelin-kuyov o‘z qo‘li bilan uyi yoniga, ariq labiga to‘rt tup daraxt o‘stirsa, qalban tabiatga yaqinlashamiz. O‘zimiz eggan daraxt kurtak chiqarsa yoki barg yozsa, ruhiyatimiz osmoni charaqlab ketadi. Masalan, ayollarimiz “gap”ga yig‘ilganida “kelinglar, har birimiz bittadan daraxt ko‘chat o‘tqazib, o‘zimizning nomimiz bilan ataymiz” deyishsa va bu ishni amalga oshirishsa, qanday yaxshi. Yoki erkak “gashtak”chilar o‘zlarining “ulfatlar bog‘i”ni yaratishsa, har gal yig‘ilishganida shu bog‘dagi daraxtlar ostini yumshatishsa, parvarishlashsa, nur ustiga nur emasmi?

Keksa avlod vakillari farzandlar va nabiralarni ko‘chat ekishga undab turishi kerak. Keksalar o‘gitini o‘g‘il-qizlar qabul qilishadi, quloq tutishadi. Ayni “Yashil makon” umummilliy dasturi amalga oshirilayotgan kezlarda otaxonu onaxonlar so‘ziga muhtojlik sezilib turibdi. Shunday onaxonlardan biri Nishon tumanida yashovchi keksa muallima Gulchehra ayaning fikrlari barcha uchun ibratli. Onaxon bugun yurtimizda bog‘-rog‘lar ko‘payayotgani, ko‘chat ekish vijdon ishiga aylanganidan suyunib, o‘z hovlisidagi bog‘ tarixi haqida so‘zlab berdi.

Onaxonning aytishiga ko‘ra, boshlang‘ich sinfda o‘qitgan shogirdi Yaponiyadan qo‘ng‘iroq qilib, ustozini Hayit bayrami bilan tabriklabdi va bog‘dagi bir daraxt haqida so‘rabdi.

— Ustoz bog‘ingizdagi men eggan o‘rik daraxti oppoq gulga burkangan bo‘lsa kerak?

— Boburjon, nimasini aytasan, bu yil daraxting shunday qiyg‘os gulga kirdiki, novdalarini ko‘zimga surtib, seni eslab turgandim, o‘zing qo‘ng‘iroq qilib qolding, bolam. Tani joning sog‘mi, o‘qishlaring yaxshimi? Daraxting meva beryapti, albatta, sen ham yaxshi mutaxassis bo‘lib, Yangi O‘zbekiston istiqboli yo‘lida xizmat qilasan.

U tomondan ovoz eshitilmadi. Boburni ona yurt sog‘inchi, bolalik xotiralari bir zum o‘ylantirib qo‘ygan, ko‘ngli allanechuk bo‘lib ketgan edi.  Onaxonning ham kipriklari namlandi. Gulchehra muallima ko‘z o‘ngida jajji Bobur va uning sinfdoshlari gavdalandi. O‘shanda o‘quvchilar ustozi tug‘ilgan kuniga daraxt ko‘chati sovg‘a qilishgandi. Muallimaning hamkasblaridan biri “bir quchoq cho‘pni sovg‘a deb qabul qildingizmi?” deb kesatgan edi. O‘sha bir quchoq “cho‘p” bugun mevazor bog‘ga aylanganini u ko‘rganda edi.

Bobur o‘rik, Nargiza olma, Zilola shaftoli, Murodjon gilos, Sevinch qaroli, Davron xurmo, Ulug‘bek nok, xullas, 22 o‘quvchi sovg‘aga ko‘chat olib kelib, ustozi tomorqasiga ekishgan. Shogirdlar yaratgan bu bog‘ ustoz va shogirdlar o‘rtasidagi suhbatda doim esga olinadi. Har gal o‘quvchilari qo‘ng‘iroq qilganda Gulchehra muallima daraxtlar ko‘kka bo‘y cho‘zayotgani haqida gap ochadi. Shogirdlar o‘z qo‘llari bilan eggan daraxt o‘sayotgani, rivojlanayotgani, gullab meva tugayotganidan shunday quvonishadiki, dunyoga kelib qilgan eng katta ishi shu ekaniga amin bo‘ladi.

Toshkent shahridagi Olmazor tumani Yangi Sebzor mahallasida yashovchi, yoshi saksonga yaqinlashib qolgan Diloram ayaning  ko‘pqavatli uylar o‘rtasidagi  bog‘ yaratgani ibratga loyiq. Tinib-tinchimas onaxon bilan yaqinda suhbatlashganimizda u bolalarda ona tabiatga muhabbat uyg‘otayotgani haqida so‘zlab berdi.

— Ko‘pqavatli uylar o‘rtasida bog‘ yaratish oson bo‘lmagan, — deydi onaxon. — Bundan uch yil oldin dastlabki ko‘chatlarni ekayotganimda ba’zi kishilar “bu yerda daraxt o‘smaydi, suv yo‘q, yozda qurib ketadi” deb tanbeh berishgandi. Men esa fikrimdan qaytmadim, “baklajka”da suv tashib, daraxtlarni undirib oldim. Endilikda 30 tup daraxtga taxtacha osib, unga “Zarnigor”, “Shukrona”, Zebuzar”, “Ibrohim” kabi bolalar ismlarini yozib chiqdim. Bu bolalar har kuni “baklajka”da suv olib kelib nomi yozilgan daraxtlar ostiga quyadi. Bundan ota-onalar ham juda xursand. Ayniqsa, 6-7 yoshli bu bolajonlarning “mening daraxtim gullabdi”, “mening daraxtim barg chiqaribdi” degan gaplarini eshitganimda tanim yayrab ketadi.

Diloram aya bu bog‘ni “Mehr bog‘i” deb atabdi. Keksalar shu bog‘ yonidagi o‘rindiqda nafas rostlab, choy ichishadi. Sakson besh yoshli Jasur boboning “leyka”da daraxtlarga suv quyib yurgani esa bolajonlar uchun namuna. Aytmoqchi, ko‘pqavatli uylarda chaqaloq dunyoga kelsa, ota-ona shu bog‘ga bir tup nihol ekadi. O‘sha chaqaloq yura boshlaganida shu daraxt ostiga uning qo‘llari bilan suv quyishadi. Bunday go‘zal an’analar hayotimizning a’moliga aylanib borayotgani quvonarli, albatta. Ammo qaniydi, barcha mahallalarda, ko‘pqavatli uylar yonida Diloram aya yaratgan bog‘ kabi mevazor maskanlar yaratilsa. Buning uchun imkoniyat bor, faqat uni qo‘ldan boy bermaslik kerak.

Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish eng savob ish. Zotan, elu yurtimiz gulu gulzorlarga burkanib, tabiatimiz so‘lim va go‘zal qiyofaga kirsa, bu bizning, farzandlarimizning, qolaversa, kelajak avlodning baxtu saodatidir. Ulug‘ shoir Erkin Vohidovning “Sendan farzandingga bog‘ qolsin, ey do‘st,

Bog‘ing Vatan degan nom olsin, ey do‘st” degan satrlari bugungi kun uchun “Yashil makon” ijodkorlari uchun yozilgandek, jaranglab turibdi. Haqiqatda, biz bugun eggan nihollar ertaga go‘zal va serfayz bog‘ga aylanib, farzandlarimizga, kelajak avlodga xizmat qiladi. Shuning o‘zi yurtga daxldorlik, Vatanga muhabbat degani emasmi?

Faxriddin BOZOROV, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?